«Ogahiy» filmi yaralish tarixi
Ayni kunlarda Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» DUK tomonidan shoir, tarixchi va tarjimon Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy haqida hujjatli filmni suratga olish ishlari davom etmoqda.
«Ogahiy» filmi Prezidentimizning 2020 yil Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari yuzasidan suratga olinmoqda. Mazkur kinokartina «Xalq yuragi» nomi ostida suratga olinayotgan 24 qismli turkum filmdan biri hisoblanib, yaqin kunlarda ekran yuzini ko‘rish rejalashtirilgan.

Hujjatli film ssenariysini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Go‘zaloy Matyoqubova yozgan. Filmga Murodjon Odilov postanovkachi rejissyorlik qilmoqda.
Hozirgi kunda film ijodiy jamoasi Xorazm viloyatida ob’ektlar ko‘rigi hamda aktyorlar fotokastingini o‘tkazib bo‘lgan. Suratga olish ishlari Seyran Kovalov boshchiligida davom etmoqda.

– Ogahiy haqida badiiy, ilmiy kitoblarni o‘qib, film ssenariysini yozishga kirishdim, – deydi G.Matyoqubova. – Shoir, tarjimon, tarixchi va jamoat arbobi Ogahiy shaxsi men uchun juda yaqin. U qoldirgan boy ma’naviy meros meni doim o‘ziga maftun etgan. Xorazmda Ogahiyni barcha yaxshi ko‘radi, asarlarini sevib o‘qiydi. Ushbu hujjatli filmda tomoshabin o‘zlariga kerakli bo‘lgan ilmiy ma’lumotlarni olibgina qolmasdan, Ogahiy hayoti va ijodiga qayta murojaat qilishlarini xohlardim. Ssenariyni 8 marta takror yozishga to‘g‘ri keldi. Ushbu jarayonlarda ogahiyshunoslar Nuryog‘di Toshev, Hilola Nazirova kabi o‘z sohasining yetuk bilimdonlari bilan fikr almashdim. Adiblar Erkin Samandar va Komil Avazlarning Ogahiy haqida yozgan badiiy asarlariga qayta murojaat qildim. Ogahiyning «Ta’viz ul-oshiqun ”(«Oshiqlar tumori») lirik kulliyotidan foydalandim.

Tarixiy filmlarni suratga olish ishlari birmuncha qiyin ish. Chunki tarix har bir ma’lumotni qayta tekshirishni talab etadi. Raqamlar, sonlar kishini chalg‘itadi. Yillar o‘tgani sayin voqealar turli xil yoritila boshlanadi. Manbalar biri-birini rad etadi. Ogahiy yaqin o‘tmishda yashab o‘tgan bo‘lsa-da, uning hayoti va ijodiy faoliyati haqida turli xil qarashlar uchraydi. Kartina direktori Oybek Sodiqov boshchiligida ogahiyshunos olimlardan muhim ma’lumotlar yig‘ilmoqda, fikrlar olinmoqda.

Kinematografiya agentligining O‘zAga ma’lum qilishicha, Ogahiy haqida badiiy film suratga olish ham rejalashtirilgan.
D.Mamatova, O‘zA muxbiri