Osiyo futbol konfederatsiyasi Intizom va axloq qo‘mitasining e’lon qilgan so‘nggi qarorlari o‘zbek futbol klubi va futbolchilari uchun quvonchli bo‘lmadi.
Aniqrog‘i, O‘zbekiston U20 terma jamoasi a’zosi Shahriyor Jabborov 2023 yilning 17 aprelidan boshlab taqiqlangan dorilarni iste’mol qilgani uchun 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan yigirma yoshgacha bo‘lgan Osiyo kubogida O‘zbekiston-Avstraliya uchrashuvidan keyingi doping tekshiruvida Shahriyor Jabborovda taqiqlangan modda aniqlangan.
O‘zbekiston terma jamoasi futzalchisi Ilhom Hamroyev Malayziyaga qarshi Osiyo kubogi saralash o‘yinida qizil kartochka olgani uchun 1000 AQSH dollari jarimaga tortildi.
“Paxtakor” klubi esa Osiyo chempionlar ligasi doirasidagi “Al-Ayn”ga qarshi o‘tgan o‘yin vaqtida va bahs yakunlangandan keyin maydonga ikki muxlis yugurib chiqqani uchun 10 ming AQSH dollari miqdorida jarimaga tortildi.
Albatta, OFKning bu qarori bizning futbol uchun yo‘qotishdir. Pul jarimalari to‘lanishi emas, Shahriyor Jabborovning uzoq muddat futboldan ketishi bu katta yo‘qotish.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA