Ofitserlik unvoni muborak bo‘lsin
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining serjantlar tarkibida kontrakt asosida xizmat qilayotgan oliy ma’lumotli harbiy xizmatchilarning bitiruvchilariga ofitserlik unvoni topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bilim yurti mas’ullari, bitiruvchilarning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi. Dastlab Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti rahbari jangovar saflarga qo‘shilayotgan bitiruvchilarni qutlar ekan, Vatanimizning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini himoya qilishda ularga bukilmas iroda, muvaffaqiyat tiladi.

Bitiruvchilar bir yarim oy davomida zamon talablari va standartlari asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturi bo‘yicha eng ilg‘or pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, modellashtirish va simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda qo‘shinlarni boshqarish, murakkab qurol-aslaha va harbiy texnikani qo‘llash kabi bir necha yo‘nalishlarda saboq oldi.

Tadbirda, milliy armiyamizning jangovar tayyorgarlik darajasi, mamlakatimiz xavfsizligiga raxna soladigan har qanday tahdidlarga qarshi tura olish qudrati uning zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan qanchalik ta’minlanganidan tashqari bevosita uning tarkibida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning yuqori bilimi va tajribasiga ham bog‘liqligi alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng mudofaa vaziri hamda favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyruqlari o‘qib eshittirildi va bitiruvchilarga tantanali ravishda sertifikat va “leytenant” harbiy unvoni topshirildi.
A.Musayev, O‘zA.