Odil sudlov — jamiyatdagi adolat mezoni poydevori
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish strategiyasi doirasida fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini kafolatlash, sud-huquq tizimini rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda.
Tarixan qisqa davrda yurtimizda qonuniylik va huquq-tartibotni takomillashtirishning institutsional hamda huquqiy asoslari shakllantirildi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda adolat va inson manfaatlari ustuvorligini qaror toptirishda, barcha islohotlar avvalo inson qadri uchun degan tamoyil asosida amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Darxaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Bu islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, har bir fuqaro va oila farovonligi, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlari ta’minlanmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish davlat va jamiyat faoliyatining ustuvor mezoni etib belgilangan. Fuqarolarga davlat idoralariga murojaat qilish borasida katta qulayliklar yaratilgan. Prezidentning Xalq qabulxonalari ishga tushdi, har bir tashkilot fuqarolarni qabul qilish va ularga quloq solishni o‘rgandi.
Davlat va jamiyat hayotida qonuniylik hamda qonun ustuvorligi ta’minlanishi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirishda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Binobarin, adolat hukm surgan joyda tinchlik bo‘ladi, xalqning davlatga, uning institutlariga ishonchi ortadi, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuksaladi.
Albatta, mamlakatda qonuniylikni mustahkamlashda, fuqarolarning huquqlarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda, aholining huquqiy madaniyatini oshirishda hamda huquqbuzarliklar profilaktikasida barcha turdagi sudlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.
Adolat qaror topdi, ya’ni sudyalik lavozimiga birinchi marotaba tayinlash besh yilga, ikkinchi marotaba — o‘n yil, keyingisida muddatsiz tayinlanish (saylanish), zarur bo‘lganida yetmish yoshgacha va undan keyin ham faoliyat ko‘rsatish imkoni yaratildi. Bu sudyalarning yoshi, malakasi, kasb mahorati va hayotiy tajribasini inobatga olgan holda uzoqroq muddat faoliyat ko‘rsatishini kafolatlash barobarida, ularning boshqa davlat organlari oldidagi mustaqilligini ta’minlash omili hamdir.
Bundan tashqari, kelgusida sudlarning zamonaviy binolarda, ya’ni sud xodimlari va fuqarolar uchun barcha qulayliklar mavjud joyda faoliyat yuritishi uchun kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, sud tizimi xodimlarini ijtimoiy himoyalash, ularga zarur sharoit yaratish rejalashtirilganligi sud organining chinakam mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlashga hamda sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Albatta, bunday yondashuv odil sudlov organlariga nisbatan hurmat ko‘rsatilishidan va sudyalarning umume’tirof etilgan normalar darajasida ijtimoiy himoyaga olinishidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, o‘tgan qisqa davr ichida sudyalikka nomzodlarni tanlash va lavozimga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining yangi organi — O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil qilinishi bilan sudyalarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishning yanada adolatli tizimi shakllantirildi. Ayniqsa, Prezident sudyalarni tayinlash bilan bog‘liq o‘z vakolatining bir qismini Sudyalar oliy kengashi vakolatiga o‘tkazib berganligi bu yangi tuzilmaga bo‘lgan ishonch va mas’uliyatdir.
Sud islohotlarining yana bir muhim jihati, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan va uzoq yillardan buyon yechimini kutib kelgan ma’muriy sudlar o‘z faoliyatini boshladi. Shu bilan bir vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sud hokimiyatining fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sudlov sohasida yagona oliy organ sifatida yangidan shakllantirildi. Bu ham odil sudlovning institutsional rivojlanishiga, inson huquqlarini tizimli va ishonchli himoya qilinishiga, yaxlit boshqaruv orqali qonun ustuvorligi ta’minlanishiga xizmat qiladi, albatta.
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish amaliyotiga chek qo‘yilgani ham Prezidentimiz tomonidan bir qator aniq misollar asosida keltirib o‘tilgan tizimdagi qonun buzilish va korrupsiya holatlarining oldini olishda muhim qadam bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, inson huquqlarini himoya qilishning ishonchli mexanizmidir. Chunki qo‘shimcha tergovga yuborish institutidan voz kechilishi, oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish kabi mas’uliyatni zimmasiga olmagan sudyalarning “Otangga bor, onangga bor” qabilida ish yuritish holatlariga barham beradi.
Shuningdek, o‘tgan davrda qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq davlat boshqaruvi va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari, jumladan, hokimlar, prokuror va ichki ishlar organlari rahbarlarining mahalliy Kengashlar oldida hisob berish amaliyoti joriy etildi. Prezidentimizning endilikda har bir sudyaning joylarda oyiga kamida bir marta aholi bilan ochiq muloqotini tashkil etish, sud xodimlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida o‘z faoliyati bo‘yicha axborot berib borishi tizimini joriy etish tashabbusi odil sudlov organlari vakillarining xalq bilan yaqinligini ta’minlashga xizmat qiladi. Zotan, xalqimiz sudyalarni “xalq sudi”, “xalq sudyasi” deb atashi bejiz emas. Albatta, mazkur amaliyotning yo‘lga qo‘yilishi sudyalarni xalq ichida bo‘lishga undaydi. Ular bilan hamdard, hamfikrlikka chorlaydi.
Yurtboshimiz “Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi” degan so‘zlarning ma’nosiga sudyalar e’tiborini qaratar ekan, adolat posboni sanaladigan ushbu kasb egalari tomonidan qabul qilinayotgan har bir qarorning qonuniy va adolatli bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Bu borada sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, odil sudlov faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini so‘zsiz ta’minlash lozimligi haqida bildirilgan fikrlar esa adolatni ta’minlash yo‘lidagi yana bir qat’iy qadam bo‘ldi. Haqiqatan, sudya o‘z qasamyodiga sodiq qolib faqat qonunga bo‘ysungan va o‘z vijdoni oldida pok bo‘lgan holda ish ko‘rishi kerak. Sud ishiga aralashuv nafaqat sudyaning qasamyodi, hatto Konstitutsiyamizning “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”, degan talabi buzilishiga olib keladi. Bunday harakat, muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, og‘ir jinoyat hisoblanadi.
Muxtasar qilib aytganda, fuqarolar o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi biladigan, qonun va amaldagi tartib-qoidalarni, odil sudlov organlarini hurmat qiladigan jamiyatda qonun ustuvor bo‘ladi. Qonun ustuvor bo‘lgan joyda esa adolat qaror topishi muqarrar.
Xurshid SODIQOV
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Uchtepa tuman sudi tergov sudyasi