«Odil sudlov – 2030» – adolat sari dadil qadam
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 14-avgust kuni imzolangan «Odil sudlov – 2030»: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmon mamlakatimizda sudlarni chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylantirishga qaratilgan yana bir dadil qadam bo‘ldi.
E’tirof etish kerak, mazkur Farmon asosida sud tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Xususan, «xalqchil sud» yo‘nalishi sudlar faoliyatining shaffofligi, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali sud tizimining ochiqligini ta’minlash va jamiyatda sudga bo‘lgan mutlaq ishonchni qaror toptirish, sudlarni byurokratiyadan butunlay xoli tizimga aylantirishni nazarda tutadi. Inson huquqlari ustuvorligini so‘zsiz ta’minlaydigan, har qanday ta’sir va aralashuvlardan xoli, mustaqil odil sudlov tizimini mustahkamlash «Adolat qo‘rg‘oni» yo‘nalishining talablaridir.
«Kafolatlangan adolat» yo‘nalishi esa qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati va barqarorligini ta’minlash orqali fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan. «Adolat posbonlari» – xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirishni anglatadi.
Bundan tashqari, «raqamli odil sudlov» yo‘nalishida sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, qulay va tezkor sud muhokamasi imkoniyati yaratiladi. Inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish ishlari «Xalqaro e’tirof» yo‘nalishida amalga oshiriladi.
Ta’kidlash lozimki, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishning xolisligi va samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan boshlab umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan, yurisdiksiya hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etiladi. Hududlararo sudlarga viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni taftish tartibida, mazkur sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati beriladi. Ularda taftish tartibida ko‘rilgan ishlar Oliy sudda qayta ko‘riladi.
Yana bir yangilik. Fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholiga sud himoyasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida 2027–2030-yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari tashkil etiladi. Bunda aholi soni, sudga kelib tushayotgan ishlar hajmi va dinamikasi, sudyalarning ish yuklamasi, hududiy xususiyatlar hamda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari inobatga olinadi.
Davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni asosida 2027-yil 1-iyuldan boshlab «asosli gumon» (Prima Facie) xalqaro standartiga muvofiq tergov sudyasiga tegishli protsessual majburlov choralarini qo‘llash (sanksiya berish) to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini, shubha tug‘ilgan taqdirda, tergov sirini ta’minlagan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilish yo‘li bilan tekshirish vakolatlari ham beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi qonuniga shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita cheklash bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazishga sudlar tomonidan sanksiya berilishini nazarda tutuvchi norma ham kiritiladi. Bu ham inson huquqlarini himoyalashning yana bir yorqin ifodasidir. Qolaversa, 2027-yil 1-aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, 2030-yilga qadar sudlarga murojaat qilgan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga zamonaviy standartlar asosida qulayliklar yaratish, sudlar faoliyatida byurokratiyani kamaytirish va ochiqlikni ta’minlash maqsadida sud binolarining kirish qismida «yagona darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu ofislar tomonidan aholiga zarur axborotlarni bir joyning o‘zida taqdim etish, protsessual murojaatlar yuzasidan tashkiliy yordam ko‘rsatish, murojaatlarni tezkor qabul qilish va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda amaliy ko‘maklashish choralari ko‘riladi.
«Yagona darcha» tamoyili asosida da’vo arizasini qaytarish institutini isloh qilish orqali sudga murojaat qilish soddalashtiriladi. Bunda fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritishda arizani qaytarishning «ish mazkur sudning sudloviga tegishli bo‘lmasligi» asosini bekor qilish va arizani shu sudning o‘zi tomonidan tegishliligi bo‘yicha boshqa sudga o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Juz’iy (formal) talablarga rioya etmasdan berilgan da’vo arizasini qabul qilgan holda kamchiliklarni sudning faol ko‘magi yordamida bartaraf etish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
E’tirofga molik yana bir yangilik shuki, 2027-yil yakuniga qadar sudlarga murojaat qilishda qo‘shimcha imkoniyat va qulayliklarni yaratish maqsadida Oliy sudning my.sud.uz interaktiv xizmatlar portali takomillashtirilib, uning yangilangan mobil ilovasi ishga tushiriladi. Shuningdek, portalda «Sudga murojaat namunalari» interaktiv xizmati rivojlantiriladi. Natijada da’vo arizalari va boshqa hujjatlarni tayyorlash orqali sudga murojaat qilish osonlashadi. Jismoniy va yuridik shaxslar so‘roviga ko‘ra sud hujjatlarini interaktiv tarzda izlash imkoniyati kengaytiriladi.
Nodirjon KIMSANOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tuman sudining tergov sudyasi.
O‘zA