Shoir va tarjimon Odil Ikrom bilan suhbat
– Jaloliddin Rumiyning yetti asrdan buyon Sharq tafakkuri va badiiy kalom muxlislarini o‘ziga maftun etib kelayotgan "Ma’naviy masnaviy" asarining olti kitobi tarjimasini yakunladingiz. Xayrli bo‘lsin! Suhbatimizni shu mavzudan boshlasak...
– Ma’rifat olamining shoh asari, olti kitobdan iborat “Ma’naviy masnaviy” – ramali musaddasi mahzuf va ramali musaddasi maqsur vaznida bitilgan, 25632 baytdan iborat, Qur’oni karim hamda Imom al-Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih”idan keyingi yo‘ldoshi, sherigi yo‘q kitoblardan sanaladigan yirik hajmli asar. Rumiyshunos olim Tojiboy Sultoniy fikriga ko‘ra, “Masnaviy”dagi baytlar miqdori Hofiz devonidan ikki barobar ko‘p yoxud Sa’diyning butun boshli “Kulliyoti”dagi baytlar miqdori bilan tengdir.
“Masnaviy”ga ilk tavajjuhim o‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida, ya’ni 1963 yilda Rasul Hodizoda tomonidan nashrga tayyorlangan “Hikoyathoi xalqii “Masnavӣ” (“Masnaviy”da xalq hikoyatlari”) kitobi mutolaasi bilan boshlangan...
Shu o‘rinda e’tirof etib o‘tishim kerakki, tarjimaga qo‘l urgan kezlarim men qishloqda, adabiy muhitdan butunlay yiroqda yashaganman. Tarjimaning ilk namunalarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilganimda, Sanjar Nazar, Ulug‘bek Hamdam, Jabbor Eshonqul kabi millat oydinlari meni qo‘llab-quvvatlashgan. Shu insonlarning ma’naviy rag‘bati bilan bu asar tarjimasiga jiddiy kirishish uchun jur’at topdim. To‘rtinchi kitobning yarmi, beshinchi, oltinchi kitoblarni qisqa muddatda to‘liq o‘girishimga, ya’ni yakunlashimga shu savollar muallifining ma’naviy ko‘magi sabab bo‘lganini alohida ta’kidlamay ilojim yo‘q.
– Bu tarjima uchun o‘n ikki yil vaqt sarfladingiz. Tarjimaning muvaffaqiyatli chiqqanini taniqli adabiyotshunos olimlar e’tirof etishmoqda. Shunga qaramay, savol tug‘iladi: "Ma’naviy masnaviy"ning bir qismini rahmatli shoirimiz Asqar Mahkam sharhi bilan o‘zbek tiliga o‘girgan edi, keyinroq Jamol Kamol olti kitobini o‘girdi. Yana bir bor ushbu asar tarjimasiga qo‘l urishga sizni nima majbur qildi? Tarjima juda mashaqqatli mehnat. O‘n ikki yillik umringizni o‘zbek tiliga o‘girilmagan boshqa bir asar tarjimasi yoki o‘z ijodingiz uchun sarflasangiz bo‘lmasmidi?
– O‘zbekistonda “Masnaviy” tarjimasi va sharhiga dastlab Asqar Mahkam qo‘l urganini alohida ta’kidlash joiz. Afsuski, bevaqt o‘lim tufayli ezgu niyatlar bilan boshlangan ilmiy-tadqiqot darajasidagi bu xayrli ish birinchi kitobning qariyb yarmida to‘xtab qoldi (ayni paytda do‘stimiz Abdulloh Zuhur “Masnaviy” sharhini mening tarjimam asosida davom ettirmoqda). Keyinchalik J.Kamol tarjimasida “Masnaviy” bir necha marta to‘liq nashr etildi. Jamol akani R.Fishning “Jaloliddin Rumiy” asari tarjimoni sifatida yaxshi bilardim va “Masnaviy” tarjimasi ham ko‘ngildagidek amalga oshirilgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo... Tarjimonning mehnatini, jur’atini e’tirof etgan va zarracha kamsitmagan holda “Masnaviy”ni qaytadan tarjima qilish zarurligi va unga kirishganim sabablarini aytib o‘tmoqchiman:
Yuqorida ta’kidlaganimdek, “Masnaviy” ramali musaddasi mahzuf va ramali musaddasi maqsur vaznida yozilgan. Tarjimon shu vaznni saqlab qolishga uringan, ammo juda ko‘p o‘rinlarda vazn talabiga rioya qilinmagan. Juda ko‘p baytlardagi qofiyalar ham ohangdoshlikdan yiroq.
Olti kitobdan iborat bu asardagi birgina kitobning o‘zida Qur’oni karimning olti yuzdan ortiq oyatiga, yuzdan ortiq hadisga ishora bor. Oldingi tarjimada ana shu ishoralarning o‘ndan bir qismi ham ko‘rsatilmagan yoki izoh berilmagan. Izohlarning deyarli yo‘qligi yoki mavjud izohlarning ham shoshqaloqlik bilan, uzuq-yuluq holda keltirilgani “Masnaviy” tarjimasi bilan o‘quvchi orasida juda katta to‘siq paydo qilgan.
Bir asarni o‘zbek tiliga tarjima qilishdan asosiy maqsad – o‘zbek o‘quvchisini o‘sha asar mazmun-mohiyatidan ogoh etishdir. Yomon yoki o‘rtacha o‘girilgan asarlarni asl nusxa bilan solishtirib o‘qish uchun hammada ham imkoniyat bo‘lavermaydi. Oqibatda, ne-ne sara asarlar o‘z shukuhini yo‘qotadi. Afsuski, “Masnaviy”ning amalga oshirilgan avvalgi tarjimasi ham ana shunday ayanchli qismatdan mosuvo emas. Tarjimada asl nusxadagi forsiy iboralar, qofiyalar deyarli saqlanib qolingan, tusmollar, o‘zbek o‘quvchisi uchun tushunarsiz jumlalar, baytlar qalashib yotibdi, asar go‘yoki “shiru shakar” uslubida o‘girilganday taassurot qoldiradi o‘quvchida. Bu ham yetmaganday, aksariyat baytlar xato o‘girilgan. Hurmatli o‘quvchilar vaqtini o‘g‘irlamaslik uchun ayrim misollar bilan cheklanaman:
1. Yuz sabrin sindirar bir parcha tosh,
Chashma oqqay sharqirab, aylab talosh. (J.Kamol tarjimasi)
(sabӯ – sabr emas, ko‘za)
Sad sabӯro bishkanad yak pora sang
V-ob chashma mezahonad bedirang.
Bitta tosh yuz ko‘zani sindirgusi,
Lek buloqni qandayin tindirgusi? (O.Ikrom tarjimasi)
2. Bilmadim mendan nechun yuz burganing,
Ikki ko‘zim, shulmi do‘stni ko‘rganing? (J.Kamol tarjimasi)
(du dida – ikki ko‘z emas, birni ikki ko‘rguvchi, ya’ni g‘ilay)
Man nadonam on chӣ andeshidaӣ?
Ey du dida, dӯstro chun didaӣ?
Nega bilmay, ne xayoling ichra bor?
Ey g‘ilay, qandoq ko‘ringay senga Yor? (O.Ikrom tarjimasi)
3. “Men”u “Biz”ni bo‘yla bunyod aylading,
O‘z-o‘zing birlan magar nard o‘ynading. (J.Kamol tarjimasi)
(nardi xidmat boxtan – nard o‘ynash emas, o‘zgalarning xizmatini qilish)
In manu mo bahri on barsoxtӣ,
To tu bo xud nardi xidmat boxtӣ.
“Men”u “biz”ni sen yaratding, kecha-kun
O‘zgalarning xizmatin qilmoq uchun. (O.Ikrom tarjimasi)
4. Tangri deb Namrudga chun nom ildilar,
Makr ila chun pastu badnom qildilar. (J.Kamol tarjimasi)
(Namrud qayerdan keldi?)
Hamchu amrad, ki Xudo nomash kunand,
To bad-in solus dar domash kunand.
Har soqoli chiqmaganni deb “xudo”,
Avrab arqonga etarlar mubtalo. (O.Ikrom tarjimasi)
5. Bitta shaxs ko‘zga ko‘ringay inchunin,
Goh to‘lin oydir nazarda, gohi tun. (J.Kamol tarjimasi)
(mohӣ – oy emas, baliq, shast – qarmoq, tun emas)
K-andar in yak shaxs har du fe’l hast,
Goh mohӣ boshad ӯvu goh shast.
Unda har ikki sifat kamroq erur,
Goh baliq ul, gohida qarmoq erur. (O.Ikrom tarjimasi)
6. Bo‘yla maydirkim: mayi xumi balo,
Ta’siri bir tunda bo‘lmasdir ado. (J.Kamol tarjimasi)
Bu baytdagi bale – “balo” emas, “ha” degani. Qur’oni karim oyatiga ishora:
(Ey Rasulim!) Vaqtida Rabbingiz Odam farzandlarining pushti kamarlaridan (o‘tgan va bo‘lajak) zurriyotlarini (zarralar holida) chiqardi va ularni o‘z-o‘zlariga guvoh qildi: «Men sizlarning Rabbingiz emasmanmi?» (dedi). Ular: «Ha, (Sen Rabbimizsan)! Biz guvoh bo‘ldik» dedilar. (Bu esa dunyoda kufrga ketib) qiyomat kunida: «Biz bundan bexabar edik» demasliklaringiz uchundir (“A’rof” surasi, 172-oyat).
Xosa in boda, ki az xummi balist,
Na maye, ki mastii ӯ yakshabist.
Gar sharob “Ha” xummidan yetgusi, bas,
Bir kecha mast aylaguvchi may emas. (O.Ikrom tarjimasi)
Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, tarjimon fors tili nozikliklaridan unchalik xabardor emas. Meni “Masnaviy” tarjimasiga undagan sabablardan ayrimlarini yo‘l-yo‘lakay aytdim. Vallohi a’lam!
– Bir yil oldin “Hurriyat” gazetasida chop etilgan suhbatda Jamol Kamol: “Orzuga ayb yo‘q, mayli, tarjima etishsin. Ammo bir sharti bor. Tarjimon o‘z tarjimasini mening tarjimam darajasiga yetkazishi, hattoki undan oshirishi darkor. Aks holda, qilgan mehnatiga kuyib qolishi hech gapmas. Kitobxon yaxshi tarjima turganda, har nechuk, o‘rtamiyona tarjimani o‘qimaydi”, degan gaplarni aytgandi. Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, demak, siz “Masnaviy”ni avvalgi tarjimonlardan o‘tkazib tarjima qildim, deb o‘ylaysiz?
– Odob doirasidan tashqaridagi iddao egasining darajasiga tushib, u bilan adi-badi aytishish – odobdan emas... Bu hodisa maqomi xususidagi xulosani o‘quvchilar hukmiga, qolaversa, tarjimon vijdoniga havola etgan ma’qul, menimcha. Haqiqiy bahoni o‘quvchi beradi.
– Fors-tojik adabiyoti va o‘zbek adabiyoti bilan birday tanishsiz. "Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi”da oltmishdan ortiq tojik shoirlari she’rlarini tarjima qilgansiz. Bu ikki millatning zamonaviy adabiyotini taqqoslab, nima deya olasiz? Umuman, bugungi adabiy jarayondan ko‘nglingiz to‘ladimi?
– Darhaqiqat, “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi”da oltmishdan ortiq tojik shoirlarining ash’oridan namunalar, ular haqida ma’lumotlar bor. Bu kitob o‘zbek adabiyoti uchun kerak, deb o‘ylayman va yaqin kunlarda nashr etilib qolsa, ajabmas.
bugungi adabiy jarayondan qoniqish-qoniqmasligim haqida esa hech narsa deyolmayman. Chunki, ayrim yosh ijodkorlarni hisobga olmaganda, bugungi kunda adabiy jarayonning o‘zi yo‘qdek, mening nazarimda.
Ochig‘ini aytishim kerak, ba’zan men adabiy muhitni adabiyotga aloqasi bo‘lmagan do‘stlarim orasidan ko‘proq topaman. Ular she’r yoki hikoya yozishmaydi, o‘z fe’l-atvori, noyob qalbi bilan she’rga, hikoyaga aylangan. Adabiyot faqat so‘z emas. Adabiyot bu – qalb, odob, mantiq degani...
Siz nafaqat mohir tarjimon, balki katta shoir hamsiz. Ammo keyingi yillarda yangi she’rlaringizdan juda kam o‘qidik. Sizdan yangi she’r kutayotgan muxlislaringizga buni qanday izohlaysiz?
– Shoirlik va tarjimonlikni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Yaxshi shoir yaxshi tarjimon hamdir. Rus she’riyati yuz yildan ortiq davr mobaynida o‘zbek tiliga o‘girilmoqda. Ularning aksariyati hashar yo‘li yoxud biror tadbir bahonasida amalga oshirilgan. Shu boisdan ham E.Vohidov tarjimasidagi Yesenin, A.Sher tarjimasidagi Axmatovaning turkum she’rlari o‘zbek o‘quvchisiga yetib kelgan, xolos. Chet el adabiyotidan o‘girilgan “Faust”, “Ilohiy komediya”ning “Do‘zax” qismi, iste’dodli shoirlar tomonidan o‘girilgan yana ayrim tarjima asarlar ham e’tirofga loyiq. Tarjimon mehnatiga baho berishda aksariyat hollarda uning asl nusxadan o‘girganiga urg‘u berishadi. Bu hodisani inkor etmoqchi emasman. Ammo she’riy tarjimaga qo‘l urgan ijodkor sermahsul, serg‘ayratligidan tashqari talantli shoir ham bo‘lmasa, u asl nusxadan o‘giradimi, mo‘’tabar qo‘lyozmadan o‘giradimi, baribir foydasiz. Bu jarayondan tarjimon arzimagan moddiy foyda ko‘rishi mumkindir, ammo o‘zbek adabiyoti, o‘zbek o‘quvchisi uchun bundan zarracha naf yo‘q.
She’r – ko‘ngil ishi. Shoir yuz yil yashagan taqdirda ham, sandiqday-sandiqday she’riy tomliklar yaratishini aqlimga sig‘dirolmayman. Shuning uchun ijodkorga: tarjimaga berilib ketib, she’rdan uzoqlashding, – qabilidagi ta’nalar o‘rinsiz.
– She’rlaringizda mumtoz adabiyotga xos belgilar ham, zamonaviy modern adabiyotiga xos belgilar ham uchraydi. O‘zingizni adabiyotdagi qaysi yo‘nalish vakili deb bilasiz?
– O‘zini tanigan ijodkor og‘zining suvini oqizib: “men falon oqimda ijod qilaman”, deb hargiz aytmasa kerak. Bu iddao shaklbozlar uchun bir niqob, xolos. Adabiy jarayondagi har qanday yo‘nalish umri, jonu tan, gulu ifor yanglig‘, shakl va mazmun mutanosibligi bilan o‘lchanadi. Muhammad Iqbol bir ruboiysida: “Bu millat odamlarida ko‘ngil bor, ammo ko‘ngil ichra Yori yo‘q...” deganda mazmundan mosuvo shaklni ham nazarda tutgandir, ehtimol.
Har qanday oqim, yo‘nalish shaklini bir qafas deb tasavvur qilsak, qafasning mazmun-mohiyati uning munaqqash yo oddiyligi, katta yo kichikligi, dumaloq yo to‘rtburchakligida emas, balki ichida shodonmi, nolonmi, sayrab turgan tirik bulbulning bor-yo‘qligida. Yangi oqim yarataman deb, suvni chelakda emas, elakda tashiydiganlar ham bor...
– Shu o‘rinda ijodkor mahorati, dunyoqarashidagi kenglik, mahdudlik, shoir va shaxs mavzusiga to‘xtalib o‘tsangiz.
– Dunyoviy bilim bilan birga Qur’onu hadisdan ham yaxshi xabardorlarni ogoh, unga amal ham qilganlarni esa butun odam deb bilaman. Johillar, mutaassiblar har ikki bilimdan mutlaqo xabarsizlar yoxud ulardan to‘liq ogoh mo‘minlar orasidan emas, balki chalamullalardan chiqadi. Bu toifadagilar yoshi bir joyga yetgunga qadar: namozga kechikkan kishi safga qo‘shilishi uchun ikki qadam qo‘yishi kerakmi yoki uch qadammi? – qabilidagi shariatning eng ibtidoiy qoidalari xususidagi bahsu taloshlardan bo‘shamaydi. “Avesto” o‘zbek tiliga tarjima qilinsa, hamma otashparast bo‘lib ketadi...” deb vahima ichra ayuhannos soladiganlar, manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan, Rumiy, G‘azzoliylar o‘z bitiklarida sahih sanagan hadislarni “mavzu’” deb aytadiganlar ham shunday chalamullalar orasidan yetishib chiqadi.
Bunday mahdudlik hodisasi adabiyotda ham avj olayotgani, ijodkorning ijodi bir chetda qolib, tashqi ko‘rinishi, sochi-soqolining muhokama qilinishi, silliqligi va g‘adir-budirligiga qarab baholanishi – achinarli hol.
Taqiq – Odam Ato davridan buyon hozirgacha o‘ziga xos tashviq vazifasini bearmon bajarib kelmoqda. Jinlarning kofiru musulmoni bo‘lgani kabi, taqiqning ham foydali va zararli jihatlari mavjud... Agar o‘sha davrdagi hukumat maxsus qaror chiqarib, nomini zikr etishni taqiqlamaganida, nom qoldirish ilinjida Artemida ibodatxonasiga o‘t qo‘ygan Gerostratni o‘z davrida ham, bugun ham biror tirik jon eslamasligi mumkin edi...
Sho‘rolar tuzumida butun boshli taqiq mahkamalari faoliyat yuritar, taqiqqa uchragan mavzular ham istagancha topilardi. Aksariyat ijodkorlar damini ichga yutgan holda, taqiqlangan mavzuda rost gapni ramzu ishoralar bilan aytib, taqiqqa o‘rin qoldirmaslik uchun katta iste’dod, shuningdek, jasorat talab etilardi. Zero, adabiyot taqiqdan o‘sib chiqadi. O‘sha tuzumda yashab, ijod qilgan, Xudo bergan iste’dodini bandani madh etishdek noravo yumushga sarflamagan, Rumiy ta’biri bilan aytganda, “tilla belkurakda go‘ng ortish” ila mashg‘ul bo‘lmay, o‘z jabhasida maktab yaratolgan Shaxslar borligini inkor etolmaymiz. Chinakam ijodkor shaxsning vazifasi – yalang‘och “shov-shuv”ga harislik, baqiroqlik yoxud yaltoqlanish emas, balki har qanday keskin sharoitda ham so‘zning ichki qudratini his etish, millat, qolaversa, butun insoniyat taqdiridagi g‘aflatdan, uyg‘onishdan ogoh etish.
Adabiyotning rivojlanishida faqat iste’dodlarning emas, balki iste’dodni qadrlay oladigan shaxslarning ham xizmati beqiyos. Bunday shaxslar chinakam millatparvar, xoksor, haqiqiy talantlarga bag‘rikeng, sezgir, kuzatuvchan bo‘ladi. Agar Mirzo Tursunzodadek bir arbob tan olib, marhamat ko‘rsatmaganda, tojik adabiyotining ming yilda bir marta dunyoga keladigan Loyiq Sheralidek zabardast shoiri Panjakentdagi qaysidir bir gazetada nom-nishonsiz muxbir bo‘lib o‘tib ketardi... Adabiyotimizning yaqin o‘tmishida ham ma’lum shaxslarning beminnat xayrxohligi, sharofati bilan ro‘yobga chiqqan iqtidorli ijodkorlar kam emas. R.Parfi bilan Shukrullo, Asqad Muxtor, A.Oripov, Sh.Xolmirzayev bilan N.Fozilov, U.Azim bilan Shuhrat, X.Davron bilan Zulfiya, Sh.Rahmon bilan S.Azimov, A.Mahkam bilan N.Qobul, Sh.Jo‘rayev, M.Yusuf bilan N.Safarov... lar orasidagi beta’ma, beg‘ubor ustoz-shogirdlik munosabati behad samarali kechganini tan olmaslik hamda o‘sha udum sog‘inchini his etmaslik mumkin emas.
– Adabiyot jamiyatni o‘zgartirishga qodir, degan fikrga qo‘shilasizmi?
– Adabiyot – ongli jamiyatning mahsuli. Bir xil fikrlaydigan, tirikchilik tashvishidan bir lahza ham xalos bo‘lmaydigan, qo‘li bo‘shadi deguncha yengil-yelpi qo‘shiqlar eshitib o‘zini ovutadigan kimsalar dardiga davo bormi?.. Tojik shoiri Ozaraxshning: “Tanimda bir yirtiq ko‘ylagim bilan zamonning aybini qandoq yoparman...” satrlarini eslang.
– She’rning qiymatini muxlisining ko‘p yoki kamligi bilan belgilashadi ko‘pincha...
– Shoir – ko‘ngil va idrok qamrovidagi shaxs. She’rxon – do‘st. Chinakam do‘stlar esa ko‘p bo‘lmaydi. Shu ma’noda, she’r qadri, qiymati she’rni qabul qiladigan she’rxon miqdorining ko‘pu kamligi bilan o‘lchanmaydi.
She’r qiymati shoirning rostu yolg‘oni, samimiyligi yoxud soxtaligi, jiddiyligi yoki bachkanaligi... bilan o‘lchanadi. Birinchi o‘rinda – mahorat. Shoir qaysi uslubda yozmasin, fikrini, tuyg‘ularini mahorat bilan odamiy tilda samimiy ifodalashi shart. Aks holda, u shoir emas, nazmbozdir.
– Dunyoda mehr-muhabbatdan ko‘ra jiddiyroq nimadir ham bormi? Xayot haqidagi bugungi xulosangizni bilmoqchi edim.
– Dunyoda ma’rifat bor, haqiqat bor. Shu ikki umrboqiy hodisaga asoslangan mehr-muhabbat va boshqa har qanday tuyg‘ularning umri uzoqdir.
Tashakkur!
OYDINNISO suhbatlashdi