Kuniga bor-yo‘g‘i uch daqiqa jismoniy harakat qilish keksalarda yurak-qon tomir kasalliklari va erta o‘lim xavfini kamaytiradi. Bunday xulosaga Sidney universitetining olimlari kelishdi.
Avvalgi tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar hatto mashg‘ulotlarsiz ham sog‘lig‘ini yaxshilashi mumkin, agar ular muntazam ravishda kundalik faol harakatlarni bajarsa. Masalan, uy tozalash, savdo qilish yoki bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish kabi jismoniy faollik turlari.
Olimlar bu kabi harakatlarni «tasodifiy jismoniy faollik» deb atashadi.
Yangi tadqiqot doirasida mutaxassislar 24 mingdan ortiq, o‘rtacha yoshi 62 ga teng bo‘lgan insonlar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganishdi. Ma’lumotlar Buyuk Britaniya Biobankidan olingan bo‘lib, bu yirik biologik namunalar bazasi hisoblanadi.
Tadqiqot ishtirokchilari o‘zlarini unchalik faol emas deb hisoblashgan. Ularning real harakat darajasini aniqlash uchun yetti kun davomida bilagiga maxsus akselerometr taqilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, kuniga hech bo‘lmaganda o‘rtacha uch daqiqa faol harakat qilgan kishilarda yurak xuruji, insult va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ancha past bo‘lgan.
Harakatlar miqdori va intensivligi oshgani sari sog‘liq yanada yaxshilangani-ham kuzatilgan. Ayollar esa erkaklarga qaraganda bunday tasodifiy faollik bilan ko‘proq shug‘ullanishi aniqlangan.
Olimlar odatiy harakatlarning ahamiyatini kamaytirmaslikka chaqirmoqda: ovqat tayyorlash, tozalash ishlari, bog‘dorchilik kabi kundalik mashg‘ulotlar keksalikda yurak kasalliklarining oldini olishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/yYDSkhi5-QA" title="Oddiy harakatlar —keksalikda sog`lom hayot garovi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA