Ko‘zim to‘ymas, qilsam sayru-sayohat
Rahmatli Muhriddin Xoliqovning shu qo‘shig‘ini yaxshi ko‘raman. Xorijgami, yo respublikamiz bo‘ylab safarga chiqqamanmi, beixtiyor shu satrlar quloqlarim ostida jaranglaydi.
O‘tgan yillarda bir qator mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari tashabbusi bilan o‘sha davlatlarga bordim va imkon qadar taassurotlarimni ijtimoiy tarmoqlarda o‘rtoqlashdim. Shunda kimdir piching qildimi, yo samimiy yozdimi, “nima uchun O‘zbekiston hududlarini emas, balki xorijiy davlatlarni ko‘z-ko‘z qilasiz?” degan fikrni bildirdi. Bir tomondan u haq edi. Ammo ruslarda “kim pul to‘lasa musiqani o‘sha buyurtma qiladi”, degan gap bor. Meni qaysi davlat taklif qilsa, o‘sha davlat haqida yozishim ham kerak-ku?!
So‘nggi vaqtlarda respublikamiz bo‘ylab safarga chiqa boshladim. Buning uchun O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga alohida minnatdorchilik bildirishim kerak. Do‘ppini boshdan olib bundoq o‘ylab qarasam, 2002 yildan keyin deyarli mamlakatimiz bo‘ylab safarga chiqmabman. To‘g‘ri, 2016 yilda Germaniya elchixonasi Farg‘ona, Namangan va Andijonda Germaniya loyihalari asosida faoliyat yuritadigan korxonalar bilan tanishtirish maqsadida Press-tur uyushtirgan edi. Keyin 2018 va 2019 yilda O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etgandim. Mana endi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Navoiy viloyati hokimligi tashabbusi bilan uyushtirilgan “Jurnalist va hayot” loyihasida qatnashdim.
Buyuklik ramzi Navoiyda
Xalqimiz tarixining tilsimlari ko‘p. O‘zbek xalqi tarixida ko‘plab alp siymolarni ko‘ramiz. Eng qadimgi milliy qahramonlarimizdan biri bo‘lmish Alp Er To‘nga (Afrosiyob) ning ulug‘vor va muhtasham qiyofasi xalqimizga qaytarildi. O‘zbek xalqi va davlatchiligimiz poydevoriga asos solgan buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda, sak-iksitlar qavmi dohiysi Alp Er To‘nga (Afrosiyob) siymosi va shaxsiyatiga murojaat qilish orqali, aslida, o‘zligimizga, o‘zbek xalqining azim va qadim tarixiga murojaat qilgan bo‘lamiz.
Toshkentdan Buxoro sari yo‘lga chiqqan “Afrosiyob” poyezdida ketar ekanman, shu xayollarni boshdan o‘tkazdim. “Afrosiyob”ning Jizzax, Samarqanddan so‘ng Navoiyda ham to‘xtab o‘tishi buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan viloyatga bo‘lgan hurmat belgisidir.
Vokzaldan to‘g‘ri mehmonxonaga yo‘l oldik, so‘ng tushlik qildik. Shundan keyin Navoiy shahridagi “Baht-Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdik. Rahbariyat qandaydir majlisga ketgan ekan, o‘zini mexanik deya tanishtirgan yigit korxona haqida ma’lumot berdi. To‘g‘risi, ko‘pchilik hamkasblarimizning, jumladan mening ham ensamiz qotgani aniq. Chunki, Toshkentdan jurnalistlar kelsa-yu, rahbar yoki uning o‘rinbosari emas, qandaydir mexanik peshvoz chiqsa. Ochig‘ini aytaman, bu kabi korxonalarda bo‘lganman. Faoliyati deyarli bir-biriga o‘xshash. Ammo shunga qaramay Navoiydagi korxona bilan yaqindan tanishishga qaror qildim. Tanishuv yakunida avval boshdagi, ya’ni “nima uchun rahbariyat bizni kutib olmadi” degan fikrimdan uyaldim. Nimaga deganda, jurnalistlarga rahbariyatning ma’lumotidan ko‘ra, erkin harakat qilish uchun yaratilgan imkoniyat afzalligiga ishondim.
“Baht-Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2006 yil 7 mart kuni tashkil qilingan. Jamiyat chet el investorlari ishtirokida tashkil etilgan va unga qo‘shma korxona maqomi berilgan. 2017 yilda chet ellik hamkorlarning ulushlar jamiyat tomonidan sotib olingan va jamiyat mas’ulyati cheklangan jamiyatga aylantirilgan. Jamiyatning asosiy faoliyati ip-kalava ishlab chiqarishdan iborat. Dastlab jamiyat tashkil etilganda Shveysariya davlatidan ilg‘or yetakchi yengil sanoat dastgohlari ishlab chiqaruvchi “RIETER” kompaniyasidan ip yigiruv dastgohlari olib kelingan. Mazkur ip yigiruv dastgohlari yillik 4800 tonna ip kalava yigirish quvvatiga ega bo‘lgan. 2012 yilda jamiyatda olib borilgan takomillashtirish va kengaytirish dasturlariga asosan yiliga 7200 tonna ip kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan. 2017 yilda jamiyatda qo‘shimcha ishlab chiqarish bosqichi tashkil qilish ishlari boshlangan TIF "Milliybank" kreditlari evaziga eski bino qayta kapital ta’mirlanib Shveysariya davlatidan R66 rusumli pnevmatik ip yigiruv dastgohlari olib kelingan. 2019 yil yanvar oyida to‘liq quvvatda ishlatish imkoni yaratilgan. 2019 yilda jamiyatning ishlab chiqarish quvvati yiliga 27000 tonna kalava ip ishlab chiqarishga yetkazildi. Hozirgi kunda jamiyatda 1327 nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda.
2020 yil yanvar oyida esa jamiyat Rossiya fuqarosi ustav kapitaliga kirishi hisobiga qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib qo‘shma korxona maqomini olgan. Hozirgi kunda jamiyatning ustav jamg‘armasi 10 007 554 AQSH dollarini tashkil qiladi.
Oqibat
Navoiy viloyatida 365ta umumta’lim muassasasi bor. Shundan 12ta davlat ixtisoslashtirilgan maktabi, 5ta davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati va 3ta maxsus maktab-internati bor. Bizlarga aytishlaricha, ayni damda 181 ming 223 nafar o‘quvchiga 20 ming 707 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda. Navbatdagi manzil Navoiy-Qorako‘l ixtisoslashtirilgan maktabi bo‘ldi. Matematika, fizika va ingliz tili fanlariga ixtisoslashtirilgan 360 o‘rinli mazkur maktab internati joriy o‘quv yilidan ish boshladi. Maktab-internatiga o‘quvchilarni saralab olish jarayonlari 5 bosqichda amalga oshirildi. Shuningdek, maktab-internati 2,8 mlrd. so‘mga mukammal ta’mirlanib 1,7 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy moddiy-texnika bazasi bilan to‘liq jihozlandi. Maktabda matematika, fizika va ingliz tili darslari chuqurlashtirilgan holda o‘tiladi. O‘quvchi va ustoz kadrlarni tanlashda hokimlik mutlaqo aralashmaydi.
Maktab rahbariyati va jurnalistlar o‘rtasida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Kamina “Qorako‘l maktabining filiali bo‘lgandan ko‘ra, uni “sindirib” o‘zingiz, Navoiy brendini yaratmaysizlarmi?” deganga o‘xshash savol berdim. Bu savolga maktab-internat direktori Nurilla Yahyoyev o‘zi ham Qorako‘l maktabidan kelganini aytar ekan, o‘ta madaniyat bilan “maqsadimiz Qorako‘l maktabini sindirish emas, balki undan ham o‘tib ketish”, dedi. Oqibatni Nurilla akadan o‘rganish kerak ekan, deb qo‘ydim.
Markaziy Osiyoda yagona
Navoiy shahridagi Amir Temur va G‘alaba ko‘chalari chorrahasidan o‘tar ekanmiz piyodalar uchun qurilgan ko‘prikka ko‘zimiz tushdi. Dasturga kiritilmagan bo‘lsa ham, jurnalistlar talabi bilan ko‘prikni borib ko‘rdik. Aytishlaricha, qurilish qiymati tahminan 15 milliard so‘mni tashkil etdi. Piyodalar ko‘prigi chorrahada yo‘l-transport hodisalari xavfidan saqlaydi va tirbandlik kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘prik qurilishi g‘ayrioddiy dizayn yechimiga ega va u milliy uslubda ishlangan. Zinadan tashqari, keksalar va 1 ta yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lgan odamlar uchun panduslar va liftni taqdim etadi.
Ochig‘ini aytish kerak, ko‘prik navoiyliklar faxriga aylanib ulgurgan. Odamlar ko‘prikdan yo‘lning u tomoniga o‘tish uchun emas, dam olish uchun, san’at namunasidan bahramand bo‘lish uchun ham bu yerga kelmoqda.
To‘g‘ri, Toshkentda ham shunga o‘xshashroq ko‘priklar bor. Ammo Toshkentdagi ko‘priklarni Navoiydagidek sanat asari darajasida ko‘rib bo‘lmaydi. Masalan deylik, "Ganga" va To‘qimachlik korxonasi yaqinidagi ko‘priklardan odamlar kamdan kam hollardagina foydalanayotganini ko‘rish mumkin. Liftlar deyarli ishlamaydi. Yoki, Milliy teatr yaqinidagi yer osti yo‘lining nogironlarga mo‘ljallangan lifti qachon ishlaganini hech kim bilmaydi. Ammo Navoiydagi mega-ko‘prik lifti doimo ishlab turadi.
Navoiydagi ko‘prik menga Tbilisidagi Shaffof ko‘prikni eslatib yubordi. To‘g‘risini aytsam, menga Navoiydagi ko‘prik ko‘proq yoqdi.
Shaxsiy fikrim: Sanat asari yagona bo‘lganidek, respublikamizning boshqa shaharlariga (hatto Toshkentga ham) bu kabi ko‘prik qurish kerak emas. Navoiy ko‘prigi respublikamizda yagona bo‘lishi kerak. Bu kabi ko‘priklar jahonda ham juda sanoqli.
Jurnalistlar bugungi matbuot haqida
Navoiy shahridagi to‘rt yulduzli, “Tinzhlik Plaza” mehmonxonasida “Zamonaviy professional jurnalistikani rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov bugungi kunda professional jurnalistikani rivojlantirish yanada muhim, dolzarb ahamiyat kasb etayotganini, bu boradagi muammolar va ularning yechimlari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. U yetuk jurnalistlarni tayyorlash, ularning bilim va mahoratini oshirish uchun keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidladi. Davra suhbatida bir qator amaliy takliflar o‘rtaga tashlandi. Konferensiya doirasida bir guruh navoiylik faol jurnalistlarga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Uyushmaning Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan nashrga tayyorlanib, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “Bunyodkorlik simfoniyasi” kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi. Kitobda Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xususida so‘z yuritilgan bo‘lib, unda 50 nafarga yaqin quruvchi-bunyodkorlar faoliyati haqida ocherklar o‘rin olgan.
Tadbirda kamina ham matbuot erkinligi borasidagi fikr-mulohazalarimni bildirib o‘tdim. Jumladan, shu yilning 1 oktyabr kuni Toshkentda ko‘rsatilgan qahramonlikni misol sifatida keltirib o‘tdim. O‘sha kuni navoiylik bir yigit Anhorda cho‘kayotgan bolalarni qutqarib qolgan edi.
Matbuotimiz ur-yiqit, janjallar haqida olamga jar solmay shu kabi insoniyliklarni, qahramonliklarni ham yoritib turishi kerakligini ta’kidladim.
Taksichilar qachon qimmatga yuradi?
Navoiy taksichilarida insof bor ekan. Shahar aylanayotganimizda taniqli jurnalist Shohira Hamro (Shoira Raufboyeva)ning o‘g‘li, hokimlik matbuot xizmati xodimi Iskandar Ahmedov qayerga borishingizdan qat’iy nazar taksi narxi 3 ming so‘m ekanligini aytdi. Tadbirlar tugab, oqshom nonushtasini Karmanadagi “Charxpalak” qahvaxonasida tashkillashtirishibdi. Ajoyib maskan.
Biroz mazam bo‘lmagani bois, qahvaxonada ozgina o‘tirdimda, so‘ng “inglizchasiga” (hech kimga aytmay) quyonni rasmni chizdim. Katta yo‘lga chiqishim bilan taksi ham kelib qoldi. Mehmonxona manzilini aytdim. Haydovchi “o‘tiring”, dedi. Suhbatlashib ketdik. Til topishdik. “Taksi narxi sizlarda arzon – atigi 3 ming ekan”, deya gap boshlagandim, haydovchi “sizdan besh ming olaman”, desa bo‘ladimi. Sababini so‘radim. Yo‘lkira shahar ichkarisida 3 ming so‘m ekan, ammo Karmana shahar tashqarisi hisoblanar ekan, buning ustiga biz joylashgan mehmonxona shaharning yangi qismida ekan, u yerga kirgan haydovchilar adashib qolishi mumkin ekan. Qoyil, shahardagi o‘zgarishlarga taksi haydovchisining bergan bahosi menga yoqdi: “Kirsangiz adashib qolasiz”.
Darhaqiqat, Navoiy qat’iy reja asosida qurilgan respublikamizdagi yagona shahar bo‘lsa kerak. Shaharliklar mustaqillikdan avval qurilgan bino va yo‘llarga o‘rganib qolishgan. “Navoiy-Siti” esa haqiqiy mo‘’jiza. Buni vokzaldan shaharga kiraverishda ham ko‘rsak bo‘ladi. Chap tomon eski Navoiy, o‘ng tomon esa yangi Navoiy. Shaharda hovlilar deyarli yo‘qligi sabab “snos” muammosi ham yo‘q.
Yangi O‘zbekistonning yangi shahri
G‘ozg‘on shahri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan rasman 2019 yil 3 may kuni tashkil topgan. Maydoni 59,4 ming gektarni, aholisi esa 8,4 ming kishidan iborat. Ushbu hudud Markaziy Osiyodagi pardozbop toshlar, xususan granit va marmar yirik zaxiralariga ega eng boy hudud sanaladi. G‘ozg‘on shahrida amalga oshirilayotgan loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2019-2020 yillarda Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari” to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilmoqda.
Biz hududdagi eng yirik korxona — “Marmarobod” klaster korxonasining faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini va jarayonlarini ko‘zdan kechirdik. Biz ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni, ishlab chiqarish jarayonini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Hozirgi kunda “Marmarobod” klaster korxonasiga tegishli 2 ta karerda yangi uskunalarda granit toshlarni zamonaviy usullarda qazish ishlari olib borilmoqda. bugungi kunda korxonada 400 nafar mahalliy yoshlar uch smenada ish olib bormoqda.
Zamonaviy texnologiyalar marmar toshlarga ishlov berayotganini ko‘rishning o‘zi bir mo‘’jiza. “Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi” filmida aytilganidek, “texnika mo‘’jizasini ko‘rganman-u”, ammo G‘ozg‘on mo‘’jizasini birinchi ko‘rishim.
Juma kuni ko‘rinadigan tilla baliqlar
Nurota tumanida amalga oshirilayotgan loyihalar, keng ko‘lamli obodonchilik jarayonlari katta qiziqish uyg‘otdi. “Chashma” me’moriy majmuasida olib borilayotgan beqiyos bunyodkorlik jarayonlari oldida lolman. Ochig‘ini aytish kerak, tarixiy yodgorliklar ta’miri masalasida sal injiqroqman. Ko‘p joylarda ta’mirlash ishlari qo‘l uchida olib boriladi. Ammo Nurotada butunlay boshqacha manzarani ko‘rdik. Ziyoratchilar uchun hamma narsa muhayyo qilingan. Qadimiy obidalar ta’mirlanishida ma’suliyat bilan yondashilgani shundoqqina ko‘rinib turibdi.
Ayniqsa, odamlarga faqat juma kuni ko‘rinish beradigan baliqlarni ko‘rganimdan o‘zimni baxtli sezdim. Nurotadan ruhat tetiklashgan holda qaytdik.
Tanqid nishoniga aylandim
Navbahor tumanining “Qalqonota” mahallasida tashkil etilgan “Navbahor kasaba chevarlari” MCHJ faoliyati bilan ham tanishdik. Mazkur zamonaviy tikuvchilik fabrikasida 100 nafardan ziyod xotin-qiz faoliyat yuritmoqda. Joylardagi islohotlarning samarasini mana shu korxonada faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning dilidagi mamnunlikdan ham bilsa bo‘ladi. Shu yerda suratga tushib, shu zahoti ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdim. Korxona mahsulotlari haqida mutlroqo gap yo‘q edi. Kimdir qitmirlik qilgisi keldimi, yo qonuni yaxshi bilmaydimi, “reklamamasmi usta” deb yozibdi. Yana biri esa unga javoban “Jarima qilmas axir. Bir qoshiq qondan kechishar...” debdi.
Ularga Norqobil Jalil munosib javob qaytardi: “Jarimayam kam, kamida yuz baravar minimalka yozdirish kerak shu jurnalistga. Sababi, bu odam milliardlarni o‘marayotgan nafsi o‘pqonlarga o‘xshamagani uchun jazolanarmidi. Xayriyatki, qancha ishsizlarni ishli qilgan shu korxona chiqargan mayka trusikni qo‘liga ushlab tushsa, urib o‘ldirardikda!”
Men esa quyidagicha javob qaytardim: “Do‘stim, bu hazilmi yo rost? Afsus, ko‘pchilik "Reklama to‘g‘risida"gi qonunni bilmaydi. Javob yozmoqchim emasdim-u, bir necha sabablar tufayli yozishga qaror qildim. Birinchidan korxona 100 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan. Ikkinchidan, korxona mahsulotini reklama qilmadik. Uchinchidan, mahsulotlar xorijga eksport qilinadi. To‘rtinchidan, "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" tamg‘asi ostidagi mahsulotlarni o‘zbek borki reklama qilishi kerak. Beshinchidan, bu korxonadan bitta mayka ham olmadik, tuzini ham totib ko‘rmadik. Oltinchidan bu Press Tur. Jurnalist o‘zi xohlagan narsasini yoritadi”.
Vokzalda o‘tkazilgan matbuoti anjumani
Press-tur yakunida vokzalda jurnalistlar bilan viloyat hokimi Qobiljon Tursunov o‘rtasida samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi amalga oshirilgan ishlar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tdi va poytaxtdan kelgan mehmonlarning taassurotlari bilan qiziqdi. Jurnalistlar viloyatdagi o‘zgarishlarni alohida ta’kidlab, iqtisodiyot bilan birga ma’naviy-ma’rifiy soha hamohang yuksalib borayotganligiga urg‘u berdilar.
Shu kungacha OAV vakillari bilan a’lo darajada faoliyatni yo‘lga qo‘ygan Farg‘ona viloyat xokimligining matbuot xizmati haqida faqat ijobiy fikrni aytib kelardim. Endi Navoiy viloyat xokimligining matbuot xizmati haqida shu fikrni ayta olaman. Hokimlik matbuot kotibi Dilshod Mamarajabov ikki kun bizga hamrohlik qilar ekan, uning tafakkuri yuksak ekanligiga amin bo‘ldim. Bu haqda hokimga ham aytdim.
Oddiy odamlarning dilidagi xursandchilik joylarda hayot sifati o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Biz, Navoiy viloyatida ana shunday o‘zgarishlar bir necha barobar jadal amalga oshayotganligini ko‘rib, guvohi bo‘ldik. Nafaqat yangi-yangi korxonalar va boshqa ob’ektlar misolida, balki odamlarning kayfiyatidan ham buni bilsa bo‘ladi.
Buyuk bobomiz Alp Er To‘nga (Afrosiyob) vaqtning qadriga yetgan. Uning nomi bilan ataluvchi poyezd ham vaqtning qadriga yetadi - Navoiy shahrida atigi 3 daqiqa to‘xtab o‘tadi. U hech kimni, hatto viloyat hokimi bilan suhbatlashayotgan jurnalistlarni ham kutmaydi. Soat 16.20da zaldan perronga chiqdik. 16.24da “Afrosiyob” keldi.
Biz bilan xayrlashar ekan, Qobiljon Tursunov, “O‘zingizni, salomatligingizni asrang” dedi. Men bu so‘zlarni yaqindagina kasallikni yenggan insonning gapi sifatida qabul qildim. Poyezd qo‘zg‘alganida vagon oynasidan qarasam, Navoiy viloyat hokimi bizlarni qo‘l siltab kuzatib qo‘yayotganiga ko‘zim tushdi.
Navoiy viloyatidan mehr bilan qaytdim. Hokimning Oybek qalamiga mansub “Navoiy” romanini sovg‘a qilishi bu alohida mavzu.
Sharofiddin To‘laganov, O‘zA