Joriy yil «O‘zbekkino» milliy agentligi uchun ham sermahsul bo‘ldi. O‘nlab hujjatli, badiiy va tarixiy filmlar tomoshabinlarga taqdim etildi. O‘zA muxbiri taniqli rejissyor Mansur ABDUXOLIQOV bilan o‘zbek kinosining bugungi holati, yaratilayotgan filmlar haqida suhbatlashdi.
– Bugun zamon o‘zgardi. Odamlarni hayratlantira olish mushkul bo‘lib qoldi, nazdimizda? Kinoteatrlarda tomoshabinlar siyraklashib qolmadimi? O‘zbek kinosiga qiziqish qay darajada?
– bugungi globallashuv davrida barcha narsalar tezlik bilan o‘zgarmoqda. Umuman olganda dunyo boshidan kechirayotgan voqealar barchasi bir-biri bilan chambarchas bog‘lik. Hammasi puxta o‘ylangan ssenariy asosida ketayapti. Barcha davlatlar, jamiyatlar, insoniyat bu o‘zgarishlarga imkon darajada bardosh berib kelmoqda. Men faqat pandemiyaning butun dunyoga ta’sirini aytmayapman. Pandemiya, mening nazarimda – bu biznes modelga qurilgan progressning final bosqichlaridan biri. Butun dunyo bo‘yicha kechagi va bugungi kundagi voqealarni yaxshilab tahlil qilsangiz oldinda har tomonlama murakkablik kutayotgandek, chog‘i.
Siz aytayotgan «Odamlarni hayratlantira olish mushkul bo‘lib qoldi, nazdimizda?» degan savolingiz ham, aslida biz uchun aktual bo‘lishi kerak emas… Ya’ni, kino ishlab chiqaruvchilarni, ssenarist bo‘ladimi u, rejissyormi, prodyussermi, homiymi – bularni barchasini bir masala qiziqtirishi kerak. Ular yagona g‘oya – yaxshi film ishlash g‘oyasi ostida birlashishi kerak. Yaratiladigan kino jamiyatni uyg‘otishi kerak, eski va sarqiti chiqqan muammolarni aytavermasdan odamlar ruhiyatini ko‘taradigan, saviyasini, ilmini oshiradigan film yaratilsa, albatta, tomoshabini bo‘ladi...
Kinoning kuchi katta. Komediya ishlayabmiz, deb dialoglarda va harakatlarda bachkana so‘zlar, uyatsiz harakat va qiliqlar qo‘shish orqali tomoshabinni hayratlantirolmaymiz. Bunday kinolar bizni jarlik tomon olib boradi.
Foyda ko‘rish, biznes uchun qilingan kinolarni ham professional darajada tayyorlash kerak. Bunday filmlar «Meynstrim» deb aytiladi, ya’ni keng tomoshabinga mo‘ljallangan filmlar. U falsafiy kinolardan ko‘ra soddarok, tushunarliroq bo‘ladi. Ammo mehnati, sarflanadigan harakat kam bo‘lmaydi. «Meynstrim»ning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Professional darajada yaratilgan film oson bo‘lmaydi. «Art» (mualliflik) film bo‘ladimi, «meynstrim» yo‘nalishidagi film bo‘ladimi, agar to ssenariydan boshlab oxirigacha yuqori darajada yaratilsa nur ustiga a’lo nur. Ammo bu jarayon oson emas. Buning uchun ijodkorda fuqarolik hissi, san’atga daxldorlik tuyg‘usi bo‘lishi kerak. Jonkuyarligi, sadoqati bo‘lgan odamni esa har qanday vaziyatda zamonamiz qahramoni, deya atash mumkin. Bugun kinochiligimiz ana shunday chin qahramonlarga muhtoj bo‘lib turgan vaqtda telekanallar «reyting» ortidan quvib, salohiyati borligiga ham qaramasdan havaskorlarga film, serial oldirmoqda. Ekranlarni esa talabga javob bermaydigan filmlar bilan to‘ldirmoqda.
– «Quduq» xalqona film bo‘lgan. O‘zbek kino ixlosmandlariga yana shunday xalqchil kartinalar taqdim etish niyatingiz bormi?
– Fursatdan foydalanib shu film ustida ishlagan ijodiy jamoaga yana bir bor o‘z minnatdorligimni aytib o‘tmoqchiman.
Bosh rolni ijro etgan Muhammadiso Abdulxairovga esa alohida rahmat. U kishi yaxshi aktyor. O‘zbekistonning eng kuchli aktyorlaridan biri. Muhammadiso akani dunyodagi kuchli aktyorlar (Robert De Niro, Al Pachino, Entoni Xopkins, Jek Nikolson, Geri Oldman...) qatoriga bemalol qo‘shib gapira olaman. Xudo xohlasa, ular bilan yana ishlash niyatim bor.
Men shu xalqning ichida yashayman. Shunday ekan shu xalq uchun aktual bo‘lgan masalalarni filmlarimizda ko‘tarishga harakat qilaman. Men uchun kinoning aynan shu funksiyasi ma’qul. Kinoni bizning nuqson-u kamchiliklarimiz yechimlarini izlashga yordam beradigan laboratoriya deb bilaman. «Art» (mualliflik) film bo‘ladimi, yoki «meynstrim» (xususiy kino bo‘ladimi) farqi yo‘q. To‘g‘ri, aksariyat xususiy filmlar «aktrotsion» sifatida xizmat qiladi. Lekin men ijodiy jamoam bilan shunday film qilsak, albatta, bu jarayonni o‘zimizning laboratoriya formatida yaratamiz, deganman.
Xudo xohlasa rejalarimning ichida bunday kino-loyihalar bir nechta. Misol uchun yaqin kunlarda «O‘zbekkino» milliy agentligidagi badiiy kengashga «Langartog‘ yo‘lida» degan ssenariyni topshirdim. U ham milliy ruhda yozilgan. Muallifi «Quduq» filmining ssenariy muallifi G‘afur Shermuhammad. Film nima haqidaligini hozir aytmay qo‘ya qolay, oldin badiiy kengashdan eson-omon o‘tsin, keyin bu mavzu bo‘yicha atroflicha suhbatlashamiz.
– Joriy yilda taqdimoti o‘tkazilgan, siz rejessyorlik qilgan «Tengiz» filmi haqida ijtimoiy tarmoqlarda yaxshi va yomon gaplar aytildi. Iliq va sovuq munosabatlar bildirildi...
– Nima demoqchi ekanligingizni tushundim. Xatolarim bor, yo‘q emas.
Siz mendan filmning finali haqida so‘rayapsiz. Buni internet tarmoqlarida jurnalist va blogerlar ko‘p yozishdi. Ularning fikriga qo‘shilaman. To‘g‘ri filmni boshqacharoq yakunlasa ham bo‘lardi va rejissyor tanloviga sodiq qolish kerak.
Film yaratilganda ssenariydan boshlab, to jarayonning oxirgi nuqtalarigacha «film nima haqida» degan savolni unutmaslik kerak. Va barcha jarayonlarda mana shu savolga aniq va ravshan javob berilishi kerak. Bundan tashqari, film yaratilishida boshqa muhim momentlar bor. Bu esa «Tengiz» filmining shunday tugashiga ishora bo‘ldi.
Yaxshilab kino tiliga ahamiyat berilsa, bunda men asosiy savolga javob berganda chetga chiqib ketganim yo‘q. Bundan tashqari, bosh qahramon obrazining rivojlanishi yakuniga kelib o‘zining yechimini topdi. Tengiz qalbidagi og‘riqli savolga o‘zi javob berdi...
«Tengiz» filmi so‘nggida erkakning (erining) «Tengiz» deganini eshitiboq qiz ortiga o‘girilganini tomoshabin anglashi kerak. O‘girilganda esa u kimni ko‘rishi sir bo‘lib qolgan. Biz kadrning bu tomonini ko‘rsatmaganmiz, xulosani, tasavvurni tomoshabinning o‘ziga tashlab qo‘yganmiz.
Dilobar MAMATOVA suhbatlashdi, O‘zA