Odam immunitet tanqisligi virusiga barham berish mumkin...mi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan e’lon qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror sohada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi davr – bosqichga olib chiqadi.
OIV infeksiyasini profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash sifati, aholi orasida infeksiyani aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar qamrovi keskin oshiriladi. Bemorlarga sifatli tibbiy va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni zarur dori vositalari bilan to‘liq ta’minlash hamda ijtimoiy himoya kuchaytiriladi.
Buning uchun 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun sohaga 120 milliard so‘m va 54 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
2027 yilga borib OIV infeksiyasini yuqtirib olgan hamda o‘z maqomini bilgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar ko‘rsatkichi 95 foizga yetkaziladi, shuningdek, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berilishi ta’minlanadi.
Nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonini elektron tizim orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023 yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda "Elektron hukumat" tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali FXDYO organlari va tegishli tibbiyot muassasalari o‘rtasida elektron hamkorlik tashkil etiladi.
2023 yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringi, real vaqt rejimida preparatlar va diagnostikumlar harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratiladi hamda ushbu tizimni Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasining elektron bazalari bilan integratsiya qilish orqali o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yiladi.
Ichki ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarni ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy va tibbiy-psixologik qo‘llab- quvvatlash, ayniqsa, yoshlar orasida OIV infeksiyasi tarqalishi masalalarida keng tushuntirish va tarbiyaviy ishlar olib borish, jamiyatda oilaviy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirib boradi.
O‘zA