Odam DNKsi endi Farg‘onada ham aniqlanadi (+video)
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori sud-huquq tizimining muhim bo‘g‘inlaridan sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham izchillik bilan islohotlar amalga oshirildi. Natijada sohani tartibga soladigan normativ hujjatlar takomillashtirildi. Sud ekspert mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish, sohani zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash, sud ekspertizasi jarayoniga advokatlar hamda nodavlat sud ekspertlari ishtirokini ta’minlash orqali odil sudlovni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Markazda olib borilgan ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar natijasida keyingi yillarda bir qator yangi ekspertiza turlari joriy qilinib, sud ekspertlik amaliyotiga tatbiq etildi va natijada Markazda amalga oshiriladigan sud ekspertlik turlari 44 tadan 58 taga oshgan bo‘lsa, mutaxassislik yo‘nalishlari 93 taga yetdi.
Masalan, endilikda markazning Farg‘ona viloyat hududiy bo‘limida ham odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-20177]
– Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan odam DNKsini aniqlash bo‘yicha laboratoriya ochilmoqda. Avvallari fuqarolar hamda tergov idoralari bu masalada Toshkentga borishar edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktori Akrom Xalilov. –Bu laboratoriya ochilishi Andijon va Namangan viloyatidagi fuqarolarga ham qulayliklar yaratadi. U jinoyatlarning tezkor ochilishiga, fuqarolarning xuquqiy erkinligini ta’minlash va himoya qilishda ahamiyatga ega.
Hozir mazkur laboratoriyada sud genetik DNK ekspertizasi tadqiqotlarida noma’lum shaxsni identifikatsiya qilish, turli jinoyat ishlari bo‘yicha taqdim etilgan ashyoviy dalildagi biomaterialning aynan kimga tegishli ekanligini aniqlash, biologik ota-onalik fakti, Y-xromosoma tadqiqotlari orqali ota avlod bo‘yicha o‘zaro biologik qarindoshlikni aniqlash va biomaterialning jins mansubligini aniqlash kabi vazifalar hal etilmoqda.
Shunga ko‘ra, mazkur bo‘limda o‘tkaziladigan ekspertiza turlari 17 tadan 24 taga, tadqiqot turlari esa 19 tadan 38 taga oshirilib, odam DNKsi sud-biologik, sud-lingvistik, sud-filologik, sud-yong‘in texnik, sud-elektrotexnikaviy, lok-bo‘yoq materiallari va qoplamalari, neft mahsulotlari va yoqilg‘i-moylash materiallari kabi yangi ekspertiza turlari ham joriy etildi.
Xo‘sh bunday tor sohalarda inson taqdiri bilan bog‘liq ekspertlik xulosasi beruvchi mutaxassislar yetarlimi?
– Bir yil davomida har tomonlama o‘qitilib, sohaga tegishli bo‘lgan normativ hujjatlar o‘rgatilib, shu laboratoriya uchun xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassis tayyorlandi. U lak-bo‘yyoq materiallari, neft, yonilg‘i moylash mahsulotlari bo‘yicha ekspertlik xulosasi berish xuquqiga ega, – deydi Markaz yetakchi eksperti Iroda Tolipova.
Shuningdek, Markaz Sud-ekspertiza muassasalarining Osiyo tarmog‘i hamda Sud ekspertizasi Xalqaro assotsiyatsiyasining to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/b3x60KSaMNc" title="Odam DNKsi endi Fargʻonada ham aniqlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Laboratoriyani “ISO 75” bo‘yicha xalqaro standartdan o‘tkazganmiz. Bu hujjat xulosalarning ishonchliligini oshiradi hamda ularning xalqaro sudlarda tan olinishini ta’minlaydi. Bu esa fuqarolarimizga markaz ekspertlari bergan xulosa balan nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro sudlarga ham taqdim etish imkonini yaratadi, – deydi Akrom Xalilov.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Farg‘ona bo‘limining yangi binosi ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va sud ekspertizasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarning adolatga bo‘lgan ishonchini mustaxkamlaydi, – dedi.
So‘zga chiqqan soha mutaxassislari mazkur bo‘lim laboratoriyasi va ekspertlari Farg‘ona vodiysi ahli uchun xizmat ko‘rsatuvchi markaz bo‘lib qolishini alohida ta’kidladi.
Ramziy alvon tasma kesilib, Markazning Farg‘ona viloyat bo‘limi yangi binoda o‘z ishini yangi laboratoriyalar bilan birlashgan holda boshladi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA muxbirlari