Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga e’tibor kuchaytirilmoqda
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish, xodimlarning huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda davlat xaridlarida ochiqlik va halollikni ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Komplayens xizmati boshqarmasi bosh mutaxassisi To‘lqinbek Ismoilov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash Komplayens xizmati faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Xususan, 2025-yilda vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, raqobat siyosati va korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishga qaratilgan 4 ta o‘quv dasturi tasdiqlandi. Ular doirasida markaziy apparat va hududiy bo‘linmalarning 814 nafar xodimi O‘quv markazida o‘qitildi. Shuningdek, vazirlik tizimidagi 1 ming 457 nafar xodim va davlat xaridlari bo‘yicha 426 nafar mas’ul shaxs maxsus kurslarga jalb etildi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi orqali esa 3 ming 455 nafar xodim, jumladan, yangi ishga qabul qilingan 201 nafar xodim maxsus kurslarni tamomladi. Davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlarining oldini olishga qaratilgan vebinarlarda 2 ming 661 nafar mas’ul xodim ishtirok etdi. Umuman, 2025-yil davomida vazirlik tizimida 669 ta davra suhbati, o‘quv seminari va boshqa targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. 2026-yil 16-aprelda 4 ta o‘quv dasturi yangilandi. Yilning dastlabki olti oyida markaziy apparat va hududiy bo‘linmalarning 435 nafar xodimi O‘quv markazida o‘qitildi. Bundan tashqari, 603 nafar xodim o‘quv kurslariga qamrab olindi, virtual akademiyaning maxsus kurslarida 150 nafar xodim o‘qitildi. Yangi ishga qabul qilingan 19 nafar xodim ham maxsus kurslarni tamomladi.
Hisobot davrida korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mavzularida 296 ta davra suhbati, o‘quv seminari va boshqa targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, ularda 5 ming 758 nafar xodim ishtirok etdi.
Korrupsiyaviy xavflarning oldini olishda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va jamoatchilik oldidagi hisobdorligi ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, vazirlikda byudjet jarayonlari, davlat xaridlari va ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish, axborotlarning to‘liqligi va ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bu sa’y-harakatlar “Ochiqlik indeksi”dagi natijalarda ham aks etdi. Vazirlik 2024-yilda 62,9 ball bilan 71-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2025-yilda 79,2 ball bilan 40-o‘ringa ko‘tarildi. Natijada ko‘rsatkich 16,3 ballga, reytingdagi o‘rin esa 31 pog‘onaga yaxshilandi. Vazirlikning ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyati “yashil” toifada baholandi.
Brifing yakunida qayd etilganidek, tizimda korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, xodimlarning huquqiy bilim va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi. Bu esa jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va davlat boshqaruvida halollik tamoyillarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA