Ochiqlik va shaffoflik ta’lim tizimining ustuvor tamoyilidir
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ta’lim jarayonidagi ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan ochiq muloqot tashkil etildi.
“O‘quv jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik faollari hamda filial jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda davlat boshqaruvi va jamiyat hayotining barcha sohalarida ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida halollik muhitini mustahkamlash, korrupsiya holatlarining oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
So‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini, ta’lim tizimida adolat, halollik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, ta’lim muassasalarida talabalar bilim va salohiyatini xolis baholash, ular uchun teng va adolatli sharoit yaratish, o‘quv jarayonlarining ochiqligini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri sifatida qaralayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda filialda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etildi. Qayd etilishicha, o‘quv jarayonlarini shaffof tashkil etish, baholash tizimida adolat tamoyillariga qat’iy rioya qilish, talabalar murojaatlarini tizimli o‘rganish va har qanday korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, talabalar bilan muntazam ochiq muloqotlar tashkil etish, ularning murojaat va takliflarni o‘rganish, o‘quv jarayonlarini doimiy nazorat qilish, adolatsizlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi choralar ta’lim muassasasida sog‘lom, adolatli va ishonchli ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Muloqotda jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga filial mas’ullari atroflicha javob qaytardi. Shuningdek, ta’lim jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, talabalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda korrupsiya holatlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar ta’lim jarayonlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.