9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan yurtimizda “Aksilkorrupsiya haftaligi” davom etmoqda.
Haftalik doirasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
- Adliya vazirligi tizimida ochiqlik va shaffoflik - korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida tamoyili asosida izchil ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi Adliya vazirining o‘rinbosari X.Meliyev. - Davlat organlari faoliyati to‘g‘risida fuqarolarga ochiq bo‘lishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash usullari, davlat organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovni ko‘rib chiqish tartibi aks etgan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2022 yilda mazkur qonun xalqaro standartlardan kelib chiqib, yangi tahrirda ishlab chiqiladi.
Hisobdorlik va fuqarolarning davlat organlari faoliyatiga jalb etilishi sohasida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarining turli shakllarda davlat organlari faoliyati ustidan amalga oshiradigan jamoatchilik nazorati mutlaqo legallashtirildi.
Norma ijodkorligi jarayonining shaffofligini ta’minlash maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiquvchilar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Regulation.gov.uz jamoatchilik muhokamasi o‘tkazish uchun joylashtirish tartibi o‘rnatildi.
Byudjetning ochiqligini ta’minlash maqsadida “Ochiq byudjet” openbudget.uz axborot portali o‘z faoliyatini boshladi.
Davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, Internet tarmog‘ida ochiq ma’lumotlarni va boshqa axborotlarni joylashtirib borish belgilangan “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar tomonidan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan 33 banddan iborat ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlangan.
Ochiqlik sohasi biznesni ham chetlab o‘tmasligi lozim. Korrupsiyaga qarshi kurashish, pul yuvish maqsadida noqonuniy moliyaviy tizimlardan foydalanishning oldini olish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish masalalari tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham dolzarb hisoblanadi.
Buning uchun tadbirkorlik sub’ektlarining haqiqiy egalari, ya’ni oxirgi benefitsiarlarini aniqlashga rivojlangan davlatlarda, Yevrohamjamiyat va FATF hujjatlarida so‘nggi 5 yilda katta e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Osiyoda birinchilar qatorida oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona reyestrini ishga tushirish ustida bosh qotirmoqda. Ushbu maqsadda Adliya vazirligi tomonidan alohida qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda uni kelishish jarayoni ketmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekistonda ochiqlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratilib kelinmoqda. Mamlakat “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, (187 mamlakat) 45-o‘rinni egallagani, bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.
N.Abduraimova, O‘zA