Mamlakatimizda ochiqlik va oshkoralik siyosatini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada matbuot, ijtimoiy tarmoqlar har bir shaxs o‘z fikr-mulohazalarini emin-erkin ifoda etadigan xolis va erkin minbarga aylandi. Sohaga doir yangi qonunchilik hujjatlari, jumladan, ommaviy axborot vositalarining huquqiy bazasi yaratildi.
Buning natijasida yaqin vaqtlargacha yopiq bo‘lgan ayrim sohalar ham ochiqlandi. Ular safida Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham bor. Bunday imkoniyatlar keng jamoatchilikni kombinat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar, qabul qilinayotgan qarorlar, muhim dasturlar, ularning maqsad-mohiyatidan o‘z vaqtida xabardor qilib borishni ta’minlamoqda.
O‘zA muxbiri “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktor Xolmamat Raupov bilan ayni shu mavzuda suhbatlashdi.
– Xolmamat Rashidovich, bizga ma’lumki, NKMK faoliyatida matbuot sohasi ham muhim o‘rin tutadi?
– Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugun kombinat matbuot xizmatlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ijtimoiy tarmoqlardagi nkmk.uz rasmiy veb-sayti, axborot makonidagi kanal va sahifalari, “Konchilar hayoti” gazetasida berilayotgan materiallar tezkorligi va xolisligi ortib, korxonada olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni mahalliy va xorijiy jamoatchilikka yetkazishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu o‘z navbatida keng jamoatchilikni kombinat faoliyatiga doir ochiq ma’lumotlar, shuningdek, zarur axborotlar bilan xabardor qilib borish, keyingi yillarda ro‘y berayotgan muhim o‘zgarish va yangiliklardan voqif etmoqda.
Misol uchun, 2022 yilning o‘tgan o‘n oyida markaziy va viloyat telekanallarda 109 ta xabar, yangilik, videolavha, ko‘rsatuv, maxsus reportajlar, respublika va viloyat gazetalarida 82 ta, elektron OAV veb-saytlarida 100 dan ziyod xabar, yangilik, maqola, reportaj, fotoreportajlar e’lon qilindi, radiokanallarda 10 ga yaqin eshittirishlar berildi hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida 2 ta maqola chop etildi.
bugungi kunda jamoatchilik bilan aloqani mustahkamlash maqsadida kombinat boshqarmasi, Markaziy, Shimoliy va Janubiy kon boshqarmalarida matbuot xizmatlari tashkil etilgan. Ular ommaviy axborot vositalari, axborot agentliklari, yetakchi saytlar, matbuot xizmatlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, aniq reja asosida jamoatchilikni o‘z faoliyatlariga doir muhim axborotlar bilan ta’minlab kelmoqda.
– Matbuot xizmatlari ishini samarali tashkil etishda qonunchilik bazasi muhim ahamiyatga ega. Bu borada muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan hujjatlar ijrosi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.
– Davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bizning tizimimiz uchun ham har tomonlama muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ushbu qarorda matbuot xizmatlarining asosiy vazifalari aniq belgilab berilgan. Jumladan, kombinatimizda ham uning faoliyatini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy veb-saytlar orqali aholiga muntazam va tezkor sur’atda yetkazish, matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar o‘tkazish orqali jamoatchilikni xabardor etib borish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida kombinatda mas’ul rahbarlar ishtirokida 7 ta matbuot anjumani, 5 ta press-tur, 5 ta brifing, 1 ta mediaforum o‘tkazildi. Shulardan ba’zi birlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Shu yilning fevral oyida Samarqand va Navoiy viloyatlari jurnalistlari uchun “Zarmitan” sanoat maydoniga uyushtirilgan mediatur hamkasblarimiz uchun eng esda qolarlik voqealardan biri bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, mart oyida “NKMK” AJ va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusidagi respublika mediaforumi doirasida besh kun davomida turli tadbirlar o‘tkazilgani, Navoiy mashinasozlik zavodi va 7-gidrometallurgiya zavodi va “Muruntov” koniga mediaturlar tashkil etilgani nihoyatda samarali bo‘ldi. Eng muhimi, respublikada ko‘zga ko‘ringan ijodkorlar kombinat faoliyati bilan tanishish baorobarida ko‘plab o‘qimishli maqolalar yaratilishiga katta turtki bo‘ldi.
Yaqin kunlarda Zomin tumanida joylashgan “NKMK” sanatoriysida bu tadbirning mantiqiy davomi bo‘lgan navbatdagi mediaforumni o‘tkazishni mo‘ljallaganmiz. Bundan tashqari, matbuot anjumanlari ko‘lamini kengaytirib, O‘zbekiston Milliy matbuot markazi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Shuning bilan birga, korxona faoliyatini matbuot orqali targ‘ib etishdan tashqari, ommaviy axborot vositalarida kombinat rahbarlarining chiqishlarini uyushtirish ham asosiy vazifalardan biridir.
– Sohada jamoatchilikka axborot yetkazish shunday usuli borki, u ham bo‘lsa infografika yaratish va bu orqali oddiy raqamlar, chizmalar bilan tegishli yo‘nalishlarni yoritib berishdir. Kuzatishimizcha, bu borada ham yangi qadamlar qo‘yilmoqda.
– Haqiqatda odamlarga ma’lum bir yo‘nalishdagi ishlarni soddaroq tarzda tushuntirishda sohamizda yangilik bo‘lgan infografikalar muhim rol o‘ynaydi. Kombinatimiz aksiyadorlik jamiyatiga aylangandan so‘ng alohida Raqamli kommunikatsiyalar bo‘limini tashkil etishga muvaffaq bo‘ldik. Bo‘limga yosh, kreativ fikrlaydigan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bemalol tillasha oladigan Bahodirjon Abdullayev, Farrux Norqulov singari mutaxassislarni ishga qabul qildik va ular zimmasiga infografikalar yaratish vazifasi ham qo‘yildi. Joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida muhim yo‘nalishlar bo‘yicha 17 ta infografikalar tayyorlanib, “NKMK” AJning www.ngmk.uz rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida yoritildi. Bu ishlarimizni kelgusida yanada kengaytirish ustida ishlayapmiz.
– Matbuot xizmatlari xodimlari uchun ish sharoitlarini yaratish, malakali kadrlar bilan to‘ldirish haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Soha vakillariga munosib ish sharoitlari yaratish, media sohasi, axborot xizmatlari tizimi tubdan yangilash, matbuot xizmatlarini har jihatdan malakali kadrlar bilan ta’minlash doimiy diqqat-e’tiborimizda bo‘lib kelayapti. Jumladan, barcha matbuot xizmatlari xodimlari alohida xonalar, zamonaviy texnika vositalari va mebel jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan.
Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, hozirda bu xizmatlarda faoliyat olib borayotgan 22 nafar xodimning 17 nafari oliy ma’lumotga ega, shundan, 12 nafari oliy ma’lumotli jurnalistlarni tashkil etadi. Quvonarli jihati, tavsiya asosida xodimlarimiz – Viktor Yakovlev va Dildora Karimova Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ta’lim olishmoqda. Shuningdek, xodimlarimiz O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi va “Yangi O‘zbekiston” gazetasi tahririyati bilan hamkorlik asosida malakalarini oshirib kelishmoqda.
Shuningdek, ijodkor hamkasblarimiz turli tanlovlarda faol ishtirok etib kelishmoqda. Keyingi yillarda xodimlarimizdan "Konchilar hayoti" gazetasi muharriri Nizomiddin Sadriddinov, muxbir Nasiba Shamuratova, Markaziy va Shimoliy kon boshqarmalari matbuot xizmati muxbirlari Dildora Karimova, Laylo Karimovalar "Eng ulug‘, eng aziz" respublika tanlovining hududiy bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritishdi. Yana bir xodimimiz Azamat Zaripov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
Yana bir an’ana tusini olgan tajribamiz haqida ham to‘xtalib o‘tishni joiz, deb bilaman. Har yili kombinatda mehnat qilayotgan iqtidorli havaskor ijodkorlarning alohida kitob to‘plamlarini nashr etish yaxshi natija bermoqda. O‘tgan davr mobaynida "Uyg‘oq xotiralar", "Kengliklar sururi" kabi to‘plamlar chop etilgani, yaqin kunlarda "Zomin ilhomlari" to‘plami ham kitobxonlarga yetib borishi bunga misoldir.
– Tegishli qonunchilikda matbuot xizmatlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi alohida belgilangan. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Har bir ishimizni ko‘rsatib berishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Shu maqsadda, viloyatimizdagi va respublikadagi eng yetakchi, a’zolari ko‘p matbuot sub’ektlari bilan hamkorlikni davom ettirib kelayapmiz. Bu borada O‘zA, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi” gazetalari, “O‘zbekiston-24” telekanali, kun.uz sayti, viloyat teleradiokompaniyasi bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, bu OAVlari tahririyatlari bizni har jabhada qo‘llab-quvvatlab kelayotgani alohida tahsinga loyiq. Bu ijodiy jamoalarga o‘zimizning samimiy minnatdorligimizni bildiramiz.
– Kelgusidagi rejalar haqida ham o‘rtoqlashsangiz?
– Imkoniyati keng kombinat rahbariyati bizni tinglab, har bir jabhada qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yaqin orada zamonaviy Media markaz tashkil etishni rejalashtirganmiz. Qolaversa, aniq reja va vazifalar yuklangan. Shunga mos ishimizni to‘g‘ri tashkil etish birinchi darajali vazifamizdir.
O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev suhbatlashdi