Ochiq osmon ostidagi musiqiy dastur
O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga tutash fayzli maydonda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Open Air” gala-konsert – ochiq osmon ostidagi musiqiy dastur bo‘lib o‘tdi.
Yirik musiqiy loyiha Orkestr va xor jamoalari ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda Opera san’ati birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.
Ochiq osmon ostida o‘tkazilgan gala-konsertda milliy musiqa san’atimizning boy an’analari, zamonaviy ijrochilik maktabi va jahon musiqa merosining sara namunalari bir sahnada mujassam bo‘ldi. Dasturda taniqli san’atkorlar, yosh va iqtidorli ijrochilar, xor jamoasi hamda orkestr jamoasi ishtirok etdi.

Konsert O‘zbekiston xalq artisti, professor Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri jo‘rligida yuqori saviyada namoyish etildi.
Gala-konsertda O‘zbekiston xalq artistlari Avaz Rajabov, Jenisbek Piyazov, Samandar Alimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ruslan Gafarov, Ma’suma Boltaboyeva, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shahnoza Yoqubjonova, xalqaro tanlovlar sovrindorlari Abbosxon Raxmatullayev, Behzod Davronov, Rustam Alimardonov, Sultonbek Abdurahimov hamda boshqa taniqli ijodkorlar o‘z san’atlarini namoyish etdi.

Konsert dasturining xalqaro miqyosini Rossiya, Gruziya va Qozog‘istondan taklif etilgan taniqli ijrochilar hamda xalqaro tanlovlar sovrindorlari Marika Machitidze, Sargis Bajbeuk-Melikyan va Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan arbob Talgat Musabayevning chiqishlari yanada boyitdi.
Dastur davomida o‘zbek va jahon musiqa san’atining yorqin namunalari yangradi. Xususan, Sulaymon Yudakov, Muxtor Ashrafiy, Pyotr Chaykovskiy, Juzeppe Verdi, Jakomo Puchchini, Joakkino Rossini kabi buyuk kompozitorlarning asarlari ijro etildi.

Gala-konsertning yuksak badiiy saviyasini ta’minlashda xalqaro tanlovlar sovrindori, professor Yulduz Husnutdinova, shuningdek, yosh dirijyorlar — Abbosbek Vahobov, Bobur Qurbonaliyev, Akmal Sattorov, Miras Xabipov, Husanboy Rahimberdiyev kabi ijodkorlarning mehnatlari alohida ahamiyat kasb etdi.
Ochiq osmon ostida juda jo‘shqin ruhda o‘tkazilgan gala-konsert Mustaqillik bayramining tantanali ruhini tarannum etish bilan birga milliy va jahon musiqa san’atini keng targ‘ib qilish, yosh ijrochilarning ijodiy salohiyatini namoyon etish hamda ular uchun yangi ijodiy imkoniyatlar yaratishga xizmat qilgan yirik madaniy loyiha sifatida tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
N.Usmonova, O‘zA