Ochiq osmon ostida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova iqtidorli talabalar bilan ochiq osmon ostida samimiy muloqot qildi.
Suhbat davomida talabalik yillarida vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, aniq maqsad sari intilish, ilm olish, doimiy izlanish va o‘z ustida ishlash, yaxshi do‘st tanlash haqida fikr almashildi.
Talabalar esa o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berib, taklif va tashabbuslarini bildirdi.
– Bilim maskanimizning bag‘rida, musaffo osmon ostida bo‘lib o‘tgan muloqotda o‘zimizni qiziqtirayotgan orzu intilishlarimiz, yangi tashabbuslarimiz va takliflarimizni rektorimizga erkin bayon etdik, – deydi talaba Sabina Ollashukurova. – Biz birgalashib qo‘shiqlar kuyladik. Sho‘x kuy-qo‘shiqlar va qiziqarli intellektual o‘yinlar barchamizga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlarni ulashdi.
[gallery-31518]
Muloqot avvalida rektorning yoshlar bilan birgalikda velosipedda sayr qilgani esa talabalar uchun muloqot oldidan erkin muhit yaratdi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri