Ochiq osmon ostida katta oila yarashtirildi
Ma’lumki, sud organlari so‘nggi vaqtlarda sayyor sudlarni tashkil etish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar va bu ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Maqsad, birinchi navbatda huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish. Shu bilan birga, sudlarning maqsadi huquqbuzarliklarni kelib chiqishi sabablarini aniqlab, tegishli munosabat bildirish. Nosog‘lom muhit hukm surib kelayotgan oilalarda tushuntirish ishlarini olib borish, oila a’zolarini normal hayot tarziga qaytarish.
2021 yil 16 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi tomonidan tumanning chekka hududida joylashgan O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Sayyor sud mahalla markazidagi mahalla idorasi binosi oldida, ochiq osmon ostida, toza havoda 30 dan ortiq mahalla a’zolari ishtirokida o‘tkazildi.
Kun tartibida shu mahallada yashovchi Boltaboyevlar oilasidagi nizolar sabab kelib chiqqan janjal oqibatida oilaning 5 nafar a’zosiga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish bo‘lib, ularga haqorat qilish, mayda bezorilik va tuhmat kabi huquqbuzarliklar sodir etganlari haqida ma’muriy ish yuritilgan.

Ish holatiga ko‘ra, oila kattasi 72 yoshlik M.Ibragimova nevarasi I.Boltaboyev va uning turmush o‘rtog‘i T.Jo‘rayeva bilan uzoq muddatlardan buyon o‘zaro oilaviy masalada nizolashib kelishgan bo‘lib, ularning o‘zaro kelishmovchiliklariga oilaning boshqa a’zolari qo‘shilib ketishgan. Oqibatda katta oila o‘zaro yuz ko‘rmas bo‘lib ketish holatiga tushib qolgan. Oilaning 5 nafar a’zosi qonun sanksiyasiga ko‘ra og‘ir jazolar tayinlanishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni sodir etganlar.
Sayyor sud majlisi davomida huquqbuzarliklar sodir etilishining aniq sabablari o‘rganilib, raislik qiluvchi va mahalla nuroniylari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida bir qaraganda kelishtirib bo‘lmas oila yarashib ketdi. Ular bir-birlaridan kechirim so‘rashib, kelgusida ahillikda yashashga va’da berdilar. Sud ushbu holatlarni inobatga olib, huquqbuzarlarni aksar qismini javobgarlikdan ozod qildi.
Mana sayyor sud majlislarining ijobiy tomoni, foydasi. Jar yoqasiga kelib qolgan oila sud va jamoatchilikning samarali harakatlari natijasida yarashib ketdi. Mana shunday vaziyatlarda sudya jamiyat uchun qandaydir foydali ish qilganini tushunib yetadi va bevosita kasbidan g‘ururlanadi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi, kim kafolat bera olardi, shu oilaning nizolari oqibatida kelgusida jinoyat kelib chiqmasligiga?
A.Akramov, Jinoyat ishlari bo‘yicha
Toshloq tuman sudining raisi