Ochiq muloqot tashkil etildi
Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazining konferensiya zalida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati prokurori Savid Imatov, axborot-kutubxona markazi direktori Oybek Karimov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murod Hayitov ishtirok etib, maktab o‘quvchilari, faol kitobxon yoshlar va kutubxona xodimlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda huquqiy savodxonlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning kelajakdagi rivoji uchun muhim yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ta’lim, kasb tanlash va hayotiy maqsadlar yuzasidan fikr almashdilar.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda vatanparvarlik, ma’naviy tarbiya, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish hamda kitob mutolaasining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

– Bugungi uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqotning samarali namunasi bo‘ldi. Bunday tadbirlar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, kitobga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda ma’naviy dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yoshlar bilan bevosita suhbatlashish, ularning fikr va takliflarini eshitish kelgusidagi tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshiradi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murod Hayitov.
Uchrashuv yakunida prokuror Savid Imatov tomonidan faol kitobxon yoshlarga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Shuningdek, axborot-kutubxona markazi fondini boyitish maqsadida turli badiiy va ma’rifiy adabiyotlardan iborat kitoblar to‘plami ham taqdim etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri