"Ochiq eshiklar kuni" noan’anaviy tarzda o‘tkazildi
Adliya vazirligi tashabbusi bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari Namangan viloyatida ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Namangan shahar davlat xizmatlari markazi binosida o‘tkazilgan mazkur tadbirda 800 ga yaqin aholi va tadbirkorlik sub’ekti, shuningdek, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mehmonlar oltita guruhga bo‘linib, ular uchun maxsus ekskursiyalar uyushtirildi. Ishtirokchilar adliya tizimi faoliyatiga oid turli burchaklarda sud-ekspertizaga oid jihozlar, davlat xizmatlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, Namangan yuridik texnikumining ta’lim jarayoniga tegishli tarqatma materiallari, arxiv hujjatlaridan namunalar, intellektual mulkka tegishli ixtiro, foydali model, sanoat namunalari, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan nashr etilayotgan eng so‘nggi qo‘llanma bilan tanishib, mahoratli gidlar yordamida boshqarmaga oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Dastlab tadbir ishtirokchilariga davlat xizmatlari markazlarida yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Namangan viloyati Arxiv ishi hududiy boshqarmasi tomonidan ko‘rgazma tashkil etilib, tarixiy hujjatlar namoyish qilindi.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari doirasida nogironligi bor o‘g‘il-qizlar o‘rtasida "Rasmlar tanlovi" ham o‘tkazilib, bolajonlar adliya sohasiga doir rasmlar chizib, tadbirga o‘zgacha shukuh ulashdilar.

– Barchaga birdek manzur bo‘lgan yana bir jihat, “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida adliya faxriylar kengashi a’zolari tomonidan tashkil etilgan burchak bo‘ldi, – deydi Namangan viloyati Adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Foziljon Jo‘raboyev.–- Unda faxriylarning yil davomida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan video va foto ko‘rgazmalar barchani birdek xursand qildi.

Yuridik texnikum o‘quvchilari tomonidan viktorina ham o‘tkazildi. Namangan shahar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi xodimlari ikki yoshning nikohini aynan mazkur tadbir davomida rasmiylashtirishdi. Bu voqea esa, kelin-kuyovlarning bir umr yodidan chiqmaydigan tantanaga aylandi.


"Ochiq eshiklar" kunida faol ishtirok etgan hamkor tashkilotlar, shuningdek, rasmlar tanlovi g‘oliblari, viktorina savollariga to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilar Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri