Obodonlashtirish boshqarmalariga zamonaviy maxsus texnikalar topshirildi
Hududlarning obodligi, yo‘llarning ravonligi va mahallalarning ko‘rkamligi aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois Qoraqalpog‘iston Respublikasida obodonlashtirish ishlarini rivojlantirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada sohada faoliyat yuritayotgan boshqarmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy maxsus texnikalar bilan ta’minlash orqali amalga oshirilayotgan ishlarning sifati va samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy byudjetlar va byudjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, byudjet intizomini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari uchun jami 25 dona zamonaviy maxsus texnika xarid qilinishi belgilangan edi.
[gallery-32074]
Ushbu vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda “Auto spec tech” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida joriy yil 11-sentabr kuni tegishli shartnoma tuzilib, belgilangan to‘lovlar amalga oshirildi. Shartnomaga muvofiq shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari uchun 8 dona asfalt yotqizgich va 17 dona yo‘l frezasi, jami 25 dona maxsus texnika xarid qilish bo‘yicha zarur tashkiliy va moliyaviy ishlar amalga oshirildi.
Mazkur texnikalarning hududlarga yetkazib berilishi yo‘l qurilishi va ta’mirlash ishlarini sifatli tashkil etish, yo‘l qoplamalarini yangilash, eskirgan asfalt qatlamlarini frezalash hamda yangi asfalt yotqizish jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu kabi ishlar faqatgina texnik imkoniyatlarni kengaytirish bilan cheklanmaydi. Ularning asosiy maqsadi mahallalar qiyofasini yanada obod qilish, ichki yo‘llarning holatini yaxshilash va aholining kundalik hayotida qulaylik yaratishdir. Ravon yo‘llar, obod ko‘chalar va sifatli infratuzilma esa hududlar taraqqiyoti bilan birga, fuqarolarning turmush sifati yuksalishiga ham xizmat qiladi.
Shu tariqa, Qoraqalpog‘istonda obodonlashtirish tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash orqali hududlarda yo‘llarni ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, aholiga yanada qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda.
Tadbir yakunida shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga yangi maxsus texnikalar tantanali ravishda topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA