O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Barcha tirik mavjudot kabi inson ham yashash uchun qulay joy tanlaydi. Noobod, yashash uchun qulaylik, daromad manbai bo‘lmagan joydan, garchi u tug‘ilib o‘sgan makoni bo‘lsa ham, tashlab ketadi. Odamlarning dunyo bo‘ylab ko‘chib yurishining asosiy sababi shundan.
Shuhrat ham bundan olti yil avval Qirg‘izistonda yashaydigan tanishlarining taklifi bilan tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idan chiqib ketgandi. U bu yerga yana qachon qaytishini bilmasdi. Kindik qoni to‘kilgan, bolaligi o‘tgan joyni tashlab ketish har qancha og‘ir bo‘lmasin, ishsizlik, kundan kun og‘irlashib borayotgan qishloqdagi turmush yaxshiroq yashash, farzandlarining kelajagini ta’minlash uchun shunga majbur qilgandi.
Cho‘llarni o‘zlashtirishning ilk davrida obod manzillardan bo‘lgan qishloqda keyingi yarim asr davomida hayotiy infratizim inshootlari foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgandi. Foydalanish muddati tugagan narsadan esa foydalanib bo‘lmaydi. Uni tuzatishga aholining kuchi yetmas, buning ustiga keyingi 25-30 yilda hukumat tomonidan biron o‘zgarish qilinishi ko‘zda tutilmayotgani odamlarni umidsizlikka tushirib qo‘ygan edi.
Eng achinarlisi, qishloqning bu inqiroziga odamlar ham ko‘nikib qolgan, bu qiyinchilikni taqdirning, qismatning buyurgani sifatida qabul qila boshlagandi. 2-3 kilometr uzoqdan suv tashib ichish, yoz bo‘yi chang, namgarchilik paytlari tizza bo‘yi loy ko‘chada yurishga, ishsizlik tufayli oxiri ko‘rinmas nochorlikka chidamaganlar ko‘chib ketayotgan edi.
Bu mummolarni davlatning ko‘magisiz qilib bo‘lmasdi. Amalda ham shunday bo‘ldi. Manasdagi ahvoldan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimi bo‘lib ishlagan davrida xabardor bo‘lgan. Boisi, O‘zbekistonda bunday qishloqlar juda ko‘p edi. Shuning uchun Prezidentlikka saylangach, “Obod qishloq” davlat dasturi tashabbuskori bo‘lib, uni namuna sifatida amalga oshirishni o‘zi yaxshi xabardor bo‘lgan Do‘stlik tumanidagi “Manas”dan boshladi.
Respublika tarixida qishloqlarni obodonlashtirishda misli ko‘rilmagan bu ishning dovrug‘i mamlakatimiz tashqarisida ham keng tarqaldi. Tabiiyki, boshqa joylarga ko‘chib ketganlarni bu xabarlar befarq qoldirmadi.
Shuhrat ham qishloqdagi yangiliklardan, har kuni bo‘layotgan ishlardan xabardor bo‘lib turdi. 2018 yil bahoridagi katta o‘zgarish – hukumatning “Obod qishloq” dasturi respublikada birinchi bo‘lib namuna sifatida “Manas”da – uning qishlog‘ida amalga oshirilayotganini eshitib, uning ko‘ngliga yorug‘lik kirdi.
“Manasni qayta qurishda respublikaning barcha vazirliklari jalb qilindi, mingdan ziyod odam ishlayotir, ko‘chalar asfaltlanayotir, ichimlik suvi quvuri tortilib, elektr uzatish tizimi yangilandi...” kabi xabarlarni eshitib tezroq qaytgisi keldi. Ammo endigina ishga kirgani, ro‘zg‘orning kami-ko‘stini tiklab olish uchun mablag‘ zarurligi tufayli bunga imkon topolmadi.
Biroq baribir uzoq qolmadi. Tanishlaridan biri “Mana, sening qishlog‘ining to‘g‘risida yozibdi” deb bergan qirg‘izcha “Achыk soz” (“Ochiq so‘z”) gazetasining 2018 yil 13 sentyabr sonidagi “Beqiyos o‘zgargan Manas” sarlavhali maqolani o‘qib, qaytishga yanada shoshildi. Bolosog‘un nomidagi Qirg‘iziston milliy universiteti dotsenti Mirsaid Anarbayevning gazeta yarim sahifasidan ko‘prog‘ini egallagan maqolasida “Manas”da amalga oshirilgan ishlar maroq bilan xikoya qilingandi.
“Manas qishlog‘i O‘zbekistonning 10 ta viloyatini oralab o‘tib, mamlakatni Eron, Afg‘oniston va Turkmaniston bilan bog‘laydigan ulug‘ yo‘lga yaqin joylashgan. Eng muhimi qishloqqa Prezidentning nazari tushdi. Uni ko‘rgani atayin uzoqlardan tashrif buyuruvchilarning qadami uzilmayapti. Istagimiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshlagan ushbu xayrli tashabbus qanot yozib, butun mamlakat obod va faravon bo‘lsin”, deb yakunlangan maqolani o‘qir ekan, bu telefonda tanishlaridan eshitganlariga qaraganda ham katta va ulug‘ ish ekanligini anglab yetdi.
[gallery-2208]
Uning qishlog‘iga qaytish istagi qa’tiy qarorga aylandi. Oilasini olib qishloqqa qaytgach, bu yerda uni butunlay yangi “Manas” kutib oldi. U o‘zgarishlardan xayratga tushdi.
– Qishlog‘imiz 45 kunda qayta qurilganligini aytishganda mening hayratim yana oshdi, – deydi Shuhrat Mamirzayev. – O‘zimning qishlog‘im endi orzuimdagi obod, yashash uchun qulay joyga aylangandi. Bolalar uchun zamonaviy bog‘cha, maktab bor, uyda chiroq, o‘choqda gaz o‘chmaydi. Ko‘chalar asfalt, uylar shinam.
“Obod qishloq” dasturi asosida qayta qurilgandan so‘ng “Manas”ga yana ko‘chib kelgan birginga u emas. Noilojlikdan boshqa joylarga ko‘chib ketgan Zafar Do‘stbekov, To‘xtaboy Xudoyorov, Qurbon Mustafoyevning oilasi ham qadrdon qishloqlariga qaytib keldi.
– Ammo amalga oshirilgan ishlar natijasida faqat qishloq emas, odamlarning qarashlari ham o‘zgardi, bu juda muhim – deydi “Manas” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi, mehnat faxriysi Jalil Kenjayev. – Qishloqning obod bo‘lishi bilan odamlarning ko‘ngli ham obod bo‘ldi. Ertangi kunga ishonch tug‘ildi. Ketganlar farzandlari bag‘riga qaytdi. Mehnatga, o‘z qishlog‘ini, xovlisini obod qilishga odamlarda rag‘bat uyg‘ondi.
Oqsoqolning aytganlarini “Manas”da bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rsatib turibdi. Qishloqda 412 nafar yoshning har biriga 50 sotixdan yer berildi. Yer olib, o‘z ishini boshlaganlarning yarimini xorijdan qaytgan mehnat migrantlari tashkil etadi.
Qishloqdagi “Manas chevarlari” tikuvchilik korxonasi quvvatini oshirish hisobiga ish o‘rinlari ikki baravarga ko‘paytirilib, 160 taga yetkazilmoqda. Kam ta’minlangan 20 ta oilaga sigir sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. 30 oila boqishi uchun bepul parranda berildi. 76 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari berilib bandligi ta’minlandi.
Oradan chorak asr o‘tib “Manas” qishloq madaniyat saroyida yana qo‘shiq-kuylar eshitilayapti. Qishloqning qayta tashkil etilgan “Marjon” badiiy havaskorlik jamoasi Xalq folklor ansambli nomini olishga muvaffaq bo‘ldi. “Manas”ga qo‘shiqlari qaytdi.
Manas qishlog‘ida orttirilgan tajriba viloyatning barcha tumanlarida davom ettirilmoqda.
“Obod qishloq” dasturi doirasida o‘tgan ikki yilda 12 tumandagi 69 ta qishloqning 326 ming 468 nafar aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan orqada qolayotgan 244 ta qishloq va 31 ta mahalladagi muammolarni hal etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu qishloqlarda ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, ichki yo‘llar, ijtimoiy ob’ektlar qurish, ta’mirlash uchun 1 trillion 187 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, 214 qishloq va mahallalardagi 501 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarni ta’mirlashga 142 milliard 900 million so‘m, 40 ta mahallaga 230,4 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmog‘i tortish uchun 84 milliard 400 million so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 198 qishloq va mahallada 1 ming 95 kilometrdan ziyod elektr uzatish tarmoqlari hamda 292 ta transformatorni yangilash belgilanmoqda. Mazkur chora-tadbirlarga qariyb 129 milliard 200 million so‘m yo‘naltirilayotir.
Bu ishlar hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muhit yaxshilanishi, odamlarning dunyoqarashi o‘zgarishi, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanishiga, pirovard natijada mamlakatimizning har bir go‘shasining obod bo‘lishiga olib keladi.
T.Beknazarov, J.Yorbekov (surat), O‘zA