Obodlik oilalarning totuvligidan boshlanadi
Oila haqida gapirganda beixtiyor ko‘z oldingizda ota-onasi, farzandlari bilan jamuljam xonadon gavdalanishi tabiiy. Zero, ota-onaning farzandlariga mehri, g‘amxo‘rligi oilada namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z. Mahkamovaning viloyatimizga tashrifida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Qo‘mita raisi Z.Mahkamova tadbirdan so‘ng Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bo‘lim boshliqlari, viloyatning 236 ta mahallalarida ish boshlagan xotin-qizlar faollari bilan alohida suhbat o‘tkazib, ibratli oilalar safini kengaytirish, ajrimlarning oldini olish borasida olib borilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar hususida fikr-mulohazalar bildirdi, faoliyatimizda tub burilishlar yasashga da’vat etdi.

Achchiq, ammo ochiq dalillar shuni ko‘rsatadiki, Guliston tumanida ham bu borada jiddiy chora-tadbirlar ko‘rish vaqti keldi. Tuman kesimida shu yilning 4 oyida 42 ta ajrim bo‘lgan, 14 oila ajrim yoqasida. Er-xotin o‘rtasidagi ajrashishlar soni ularning o‘sib borish ko‘p hollarda yo‘qchilikdan, to‘qchilikdan kelib chiqayapti. Hurmat, kechirimlilik va o‘zaro bir-birini tushunishning yo‘qligi, farzand tarbiyasiga, uning kamol topishi yo‘lida ota-onalarning tarbiya bobida shaxsiy namuna ko‘rsatish darajasining susayishi yoki zimmadagi “nikoh” deb atalmish muqaddas, ilohiy rishta va “oila” deb atalmish qo‘rg‘onning yuksak mas’uliyatini his qilmaslik, ota-onalar yoshlarning oilaviy shaxsiy ishlariga haddan ziyod aralashuvi kabi holatlar ko‘zga tashlanadi.

Tuman bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida 1142 nafar ishsiz ro‘yxatga olingan, ularning 51 foizi ish bilan ta’minlandi, qolganlarni ham tadbirkorlikka yo‘naltirish, qo‘shimcha kasb-hunarga o‘qitish choralari ko‘rilmoqda. 25 ta mahalladan 158 ta uzoq muddatga xorijga ishga ketgan ayollar aniqlangan. Ularni oilasi bag‘riga qaytarish va ish bilan ta’minlash, uy-joy muammolarini hal etishga doir chora-tadbirlarni ko‘rib chiqyapmiz.
Oilalar, er-xotinlar yoki oilaning boshqa a’zolari o‘z muammolarini yashirish, ularni oshkor qilmaslikka harakat qilishadi yoxud davlat organlariga nisbatan ishonch yo‘qligi sababli ularga murojaat qilishdan tiyilishadi. Buning natijasida kichik muammolarning kattalashib ketishiga, oqibatda oilaviy ziddiyatlar va nizolarning vujudga kelishiga hamda yakunda – er-xotin ajrashishiga olib keladi. Shu o‘rinda mamlakatimizda ham 2019 yil 2 sentyabr kuni “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi ham bejizga emas.
Zo‘ravonlik bu – xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik). Tazyiq deganda esa sodir etilganligi uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik tushuniladi.

Himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjatdir. Tumanda tayziq va zo‘ravonlik bo‘yicha 108 ta himoya orderi berilgan, 100 tasini muddati tugagan 8 tasi nazoratda turibdi. Himoya orderi olganlar va bu ro‘yxatga kiritilganlarning keyingi hayotini ham bevosita nazoratga olish, ularga individual daftarlar tutish haqida to‘xtamga keldik. Bu kabi oilalarning hayoti maromga tushish uchun, albatta e’tibor va nazorat kerak.
Oilalar barqarorligini ta’minlash, er-xotin o‘rtasidagi ajrashishlar sonini kamaytirish, oilani saqlab qolish imkonini beradigan ko‘plab tashkiliy-huquqiy, ijtimoiy-siyosiy choralar belgilangan va bu boradagi huquqiy hujjatlar mavjud. Biroq, xalqchil va ommabop usullarni qo‘llashga doim ehtiyoj bor. Mahallalarda qaynonalar kengashlarini tuzish, hatto erkaklardan ham shu kabi kengashlar tuzish takliflari bildirilmoqda. Ular nafaqat ajrim, balki, yangi vujudga kelayotgan oilalar bilan ham suhbatlashadi, maslahat, tajribalaridan nasihatlar beradi.
Er-xotin o‘rtasidagi ajrashishlar sonini kamaytirish, oilalarning bir butunligi va barqarorligini saqlab qolish borasidagi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni kuchaytirish zamon talabi. Zero, obodlik oilalarning totuvligidan boshlanadi.
Nilufar G‘afurova,
Guliston tumani hokim o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i
O‘zA