Obod qishloqning tadbirkor yoshlari
Bugun o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, oilasiga va el-yurtimizga naf keltirayotgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda.
Bugun o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, oilasiga va el-yurtimizga naf keltirayotgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda.Samarqand viloyati Narpay tumanining Chaqar qishlog‘iga anchadan beri bormagandim. Yaqinda shu qishloqda bo‘lib, ochig‘i, uni taniy olmadim. Eski do‘kon o‘rnida zamonaviy to‘yxona, pastqam yemakxona o‘rnida ko‘rkam savdo maskani, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, “Go‘zallik saloni” qad rostlabdi. Ularda ishlayotganlar bilan qiziqdim – hammasi qishloq yoshlari.
“Go‘zallik saloni” – turmush madaniyatining o‘ziga xos ko‘zgusi sifatida qishloqlarimiz hayotiga tobora chuqur kirib bormoqda.
Bir paytlar Chaqar qishlog‘ida Vali sartaroshnikidan bo‘lak sartaroshxona bo‘lmasdi. U yerdagi sharoit ham haminqadar edi.
– Hozir odamlarni na ko‘chadan, na uyidan topasiz. Hamma ish bilan band, – deydi Vali aka. – Soch-soqol oldirgani kirgani ham shoshganicha chiqib ketishadi.
Vali aka bilan suhbatlashib o‘tirib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida ishlayotgan yoshlar e’tiborimni tortdi.
– Yaqinda ish boshlashdi, – deydi sartarosh fikrimni uqqandek. – Kollejni bultur tamomlagan bo‘lishiga qaramay, qo‘li gul ekan azamatlarning, bu yerga keluvchi mashinalarning keti uzilmay qoldi.
– Kollejni bitirayotganimda “Kamolot” faollari tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar uchun tanlov o‘tkazilayotganini aytishdi, – deydi o‘zini Zohidbek Sayimov deb tanishtirgan yigit. – Tanlovda qishlog‘imizda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi ochishga oid biznes-loyiham bilan ishtirok etdim va birinchi o‘rinni egalladim. Shu asosda bankdan imtiyozli kredit olib, ish boshladik.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va qator tijorat banklari hamkorligida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilari o‘rtasida 2011-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Mening biznes-g‘oyam” tanlovi mamlakatimiz yoshlarining o‘z biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishida katta imkoniyat bo‘ldi. Uch bosqichli mazkur tanlov bitiruvchilarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yakka tartibdagi mehnat faoliyati, kasanachilikni rivojlantirish hamda ularga mikromoliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishda har tomonlama qulay zamin tug‘dirmoqda.
O‘tgan davrda tanlovga 233 mingdan ortiq kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchisi jalb qilindi. Tanlov doirasida 1405 yoshga 8 milliard so‘m, shundan 2014-yilda 500 ishtirokchiga 3,9 milliard so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratilishida ko‘maklashildi. Natijada 3 mingdan ortiq yigit-qiz ish bilan ta’minlandi.
“Kamolot”ning tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2008-yildan buyon amalga oshirib kelayotgan “Yosh tadbirkor – elga madadkor” loyihasi ham yoshlarga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Ushbu loyihada 18-30 yosh oralig‘idagi yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish mo‘ljallangan.
“Yosh tadbirkor – elga madadkor” loyihasi doirasida hududiy va mamlakat bosqichi g‘oliblariga eng kam oylik ish haqining 50 barobaridan 500 barobarigacha bo‘lgan miqdorda, Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan foizlarda kreditlar ajratilishiga ko‘maklashiladi. Mazkur tanlovning tashkil etilayotgan shu turdagi loyihalardan farqi shundaki, mamlakat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh tadbirkorning kredit foizlari “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tomonidan to‘lab beriladi.
2014-yilda 35 nafar yosh shunday imtiyozni qo‘lga kiritdi. Ularga qariyb 1 milliard so‘m miqdorida kreditlar berildi.
Ha, yurtimizda yoshlarning muvaffaqiyatli biznes yuritishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Mazkur sa’y-harakatlar samarasida har yili kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan 500 mingdan ortiq bitiruvchining ko‘pchiligi o‘z faoliyatini tashkil etmoqda. Bu Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlar, ayniqsa, yosh tadbirkorlarning faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaldagi ifodasidir.