Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Andijon viloyatidagi tanlab olingan 32 ta mahallada keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish, shu jumladan, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, mazkur yo‘nalishdagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tanlab olingan 32 ta mahalla hududida 205,1 kilometr uzunlikda elektr uzatish tarmog‘ini tortish, 74 dona transformator punkti o‘rnatish rejalashtirilgan, – deydi “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Xursandbek Yuldashev. – Ayni kunda belgilangan ishlar reja asosida olib borilmoqda.
bugungi kunga qadar dastur doirasida mahallalarga 2 ming 785 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi, 96,4 kilometr masofaga yangi elektr energiyasi uzatish tarmog‘i tortildi. Bundan tashqari, 10 dona transformator punkti o‘rnatilib, ishga tushirildi.
Xo‘jaobod tumanidagi Toshota mahallasi viloyatning eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Mazkur mahallada “Obod qishloq” Davlat dasturi, qolaversa, aholining turmush farovonligini yuksaltirish choralari ko‘rilmoqda.
– Mahallamizning aksariyat ko‘chalarida elektr ta’minotidagi uzilishlardan aholi yillar davomida juda qiynalar edi, – deydi Toshota mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ahmadullo Shokirov. – “Obod qishloq” dasturi doirasida olib borilgan ishlar natijasida 1,2 kilometr uzunlikdagi elektr tarmog‘i yangilandi, 25 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi. Natijada elektr ta’minoti borasidagi muammolar bartaraf etildi. Avvallari sovuq tushishi bilan yoki yomg‘ir, qor yog‘sa, uyimizda ko‘p vaqt chiroq bo‘lmasdi. Nasib etsa, endi unday kunlarni ko‘rmaymiz.
Andijon tumanidagi Sadda tagi mahallasida ham dastur doirasida 6,3 kilometr uzunlikda 10-0,4 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i, quvvati 100 kV kuchlanishli 2 dona transformator punktini o‘rnatish va ishga tushirish rejalashtirilgan edi. bugungi kunga qadar ushbu mahalla ko‘chalariga 296 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi, 7,8 kilometr uzunlikdagi 0,4 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i tortilib, ishga tushirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda viloyatdagi belgilangan mahallalarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan ishlar qizg‘in davom etmoqda. Bu ishlar samarasi o‘laroq, aholining turmush farovonligi yanada yuksalmoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA