Obod manzillar farovon turmushga xizmat qiladi
Rivojlanish, taraqqiyot obodlikdan boshlanadi.
Shu bois ham yurtimizda muntazam ravishda obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Ayniqsa, istiqlolimizning 30 yillik shodiyonasi oldidan bu boradagi ishlar yanada keng ko‘lamda izchil davom ettirilmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod mahalla dasturi to‘g‘risida”gi, “Obod qishloq dasturi to‘g‘risida”gi farmonlari hamda 2021 yilning 2 aprel kuni qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. Mazkur hujjatlarga muvofiq, poytaxtimiz hamda viloyatlarda, shahar va tumanlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishni izchil davom ettirish orqali hududlarning yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirish va shu asosda aholining farovonligi hamda turmush darajasini yanada yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Jumladan, poytaxtimiz Toshkent shahrining tumanlarida, mahallalarida ham yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hal etilib, hududlar qiyofasi tubdan yaxshilanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Sergeli tumanida joylashgan mahallalarda ham obodonlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlari kechayu kunduz to‘xtamasdan amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Yuqori Darxon” mahallasining ichki yo‘llarini ta’mirlash ishlari izchil davom ettirilyapti. Bir paytlar o‘nqir-cho‘nqir, ayniqsa, yog‘ingarchiliklarda aholiga noqulayliklar yuzaga keltiradigan ichki yo‘llar bugun o‘zgacha ko‘rinish kasb etayotir. Tinim bilmay xizmat qilayotgan ishchi-xodimlar tomonidan zamonaviy texnikalar yordamida yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari davom etmoqda.
Mahalladagi bu obodonchilikdan aholi juda mamnun. Endilikda yozning issig‘ida ham, qishning qor-qirovli, yomg‘irli kunlarida ham odamlar yo‘l muammosiga duch kelishmaydigan bo‘lishdi. Ular bu “Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan mahallamizga katta tuhfa bo‘ldi”, deyishmoqda.
Ana shunday keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari Mirobod tumani mahallalarida ham amalga oshirilmoqda. Xususan, tumanning “Bayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bajarilgan ishlar aholiga xursandchilik ulashmoqda.

Qayd etish joizki, 4 gektar maydonga ega mazkur mahallada 250ga yaqin xonadon, 500dan ortiq oila mavjud bo‘lib, 1200dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholi mahalla hududidagi ko‘p qavatli turar-joy binolarining tashqi fasad qismlari hamda yon-atroflarida amalga oshirilgan ta’mirlash-tiklash, obodonlashtirish ishlaridan mamnun ekanligini qayd etishmoqda. Xususan, ko‘p qavatli uylar oldida bunyod etilgan ko‘rkam bolalar maydonchalari o‘g‘il-qizlarga cheksiz quvonch ulashmoqda. Ichki yo‘llar ta’mirlanib, daraxt va butalarga shakl berilgan. Mahalla hududidagi bolalar bog‘chasi hamda Mirobod tuman tibbiyot birlashmasi 2-son oilaviy poliklinika shoxobchasi ta’mirlanib, zarur shart-sharoit yaratilgan.
“Bayot”dagi obodlik mahalla ahliga bayramona kayfiyat va ko‘tarinkilik ulashmoqda. Yurtimiz manzillaridagi bu kabi sa’y-harakatlar aholi turmush farovonligini oshirishga, odamlarga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA