Jurnalist surishtiruvi

Mamlakatimizda aholining elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolari – elektr bo‘yicha qarzdorlik, uzoq vaqt elektr tokining o‘chishi borasidagi kamchiliklar keyingi vaqtlarda keskin kamaydi. Ammo hududlarda eskirgan elektr liniyalari, yiqilib ketish ehtimoli mavjud simyog‘ochlar, ta’mirtalab transformatorlar bilan bog‘liq muammolar hamon uchrab turibdi.    

Qashqadaryo viloyati Koson tumani Qo‘ng‘irtog‘ mahallasida yashovchi yuzlab xonadonlar uzoq yillardan buyon elektr ta’minotining noqulayligidan aziyat chekib kelishadi.  

Mahalla aholisining murojaatiga asosan hududdagi muammoni o‘rgangani bordik.  

Ma’lum bo‘lishicha, mahallada aholi ko‘paygach, yangi uy-joylar qurilib,  yosh oilalar ko‘chib chiqa boshlagan va bunday xonadonlar soni bugunga kelib yuzdan oshib ketgan. Tabiiyki, ular elektr tokini mahalladagi transformatordan qo‘lbola simyog‘ochlar orqali tortib borgan. Ammo shu kunga kelib, simg‘ochlar achinarli ahvolda. Tortilgan simlar ba’zi joylarda qo‘l uzatsangiz, yetadigan holga kelib qolgan. Hovlidan-hovliga o‘tib ketgan simlar bir qarashda o‘rgimchak uyasini eslatadi.  

– Muammomiz faqat elektr tokidan, – deydi ko‘chaboshi Mahmanabi Ziyodullayev. – Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Keladi, ahvolni ko‘radi, va’da berishadi, lekin natija yo‘q. Stolbalar ham, simlar ham charchagan. Shuning hisobiga tok quvvati past. Bu yerda yashayotganlarni yangi xo‘jaliklar, deymiz, lekin ularning ko‘chib kelganiga ham kamida 15 yildan oshdi. Taxminan yuztaga yaqin stolba “avariyniy” holatda.  

Simlarning ochiq, hayot uchun xavfli bo‘lgan bir holatda tortilgani va ularning qo‘letar darajada pastligidan uy egalari doim xavotirda. Ko‘chalarni aylanib, xonadonlarni ko‘rarkanmiz, yaqin orada simyog‘och o‘rnatish va yangi tarmoq tortish borasida biror-bir tayinli ish amalga oshirilmaganiga guvoh bo‘ldik.  

– 2006 yildan buyon yashaymiz shu xonadonda, – deydi Muzaffar Murodov. – Tok masalasi juda og‘ir. Kuchlanish past. Qishin-yozin ahvol shu. Maishiy texnikalarimiz kuchlanish pastligidan bir necha marta kuyib qoldi. Simlarning past tortilganidan uy qura olmayapmiz. 14 yildan beri vaqtincha qurilgan xonalarda yashayapmiz. Uy quradigan joyning ustidan simlar odam bo‘yi balandlikdan o‘tib ketgan. Qattiq shamol paytlari bir-biriga tegib o‘chib qoladi. Shuning uchun bitta simga ip bog‘lab devorga tortib qo‘yibman. Tortilgan simlarning pastligidan yonimdagi qo‘shni ham uchastka qila olmayapti.  

Aholi simyog‘ochlar o‘rnatilib, tarmoqni xavfsiz holatga keltirishni so‘rab doimiy murojaat qilib kelishgan. Ammo negadir hozirga qadar natija bo‘lmagan.

– O‘zim ikkinchi guruh nogironiman, – deydi Abdujabbor Jabborov. – 2009 yilda ko‘chib kelganman. Aytsam ishonmaysiz, mas’ullarga 20 marta murojaat qildim. Faqat “nazorat qilamiz, murojaatingizni hisobga olamiz” degan javobni olaman har safar.  

Duch kelgan usulda ulangan simlarning omonatligi tufayli kechga borib elektr quvvatining pasayib ketishi uy jihozlarini ham ishdan chiqarmoqda, deydi aholi. Biz esa vaziyat xususida izoh olish maqsadida tuman elektr ta’minoti mas’ullariga murojaat qildik.  

– Tumanimiz hududi katta, bosqichma-bosqich elektr ta’minotidagi muammolar bartaraf etib borilmoqda, – deydi tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Ulug‘bek Rizayev. – Haqiqatdan Qo‘ng‘irtog‘ mahallasi aholisi anchadan buyon eskirgan stolba va simlarni almashtirish bo‘yicha murojaat qilib keladi. Ishchi guruh joyiga borib muammoni o‘rganib ham kelgan. Rostdan ham u yerda elektr tarmog‘ini yangilash zarurati bor. Ayni paytda yangi tarmoq qurilishi loyihasi mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilmoqda. Loyiha dasturlari tasdiqlangandan keyin o‘sha mahallaga ham yangi tarmoq tortilib, beton ustunlar o‘rnatiladi.  

Xo‘sh, bu loyihalar qachon tasdiqlanadi? Tasdiqlanadimi o‘zi? Umuman, olganda ushbu mahalla aholisining elektr bilan bog‘liq muammosiga qachon barham beriladi, degan savollarimizga mas’ul tayinli javob ayta olmadi.

Bundan tashqari, shu qishloqlik Abdujabbor Jabborovning ketma-ket yo‘llagan murojatining oxirgisiga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo hududiy filiali rahbari Anvar Muzapov nomidan o‘tgan yilning 28 avgust kuni kelgan javobda “Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi “2022 – 2026 yillarda Qashqadaryo viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan boshqa sohalar kabi elektr ta’minoti sifatini yaxshilash borasida amalga oshiriladigan ish hajmlari ham yillar kesimida rejalashtirilib, besh yillik dasturga muvofiq bajarilishi ko‘zda tutilgan va ishlar davom ettirilmoqda.

Murojaatingizda ko‘rsatilgan hududdagi tasarrufda bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlarini texnik holatidan kelib chiqib, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash ishlari davlat dasturining manzilli rejasiga kiritish orqali 2026 yil 4-chorakda mablag‘ ajratilgan holda moliyalashtirilib, kerakli materiallar zaxirasi yaratilgandan so‘ng bosqichma-bosqich amalga oshirilishi to‘g‘risida sizga ma’lum qilamiz”, deya ta’kidlangan.

Bundan ko‘rinadiki, Qo‘ng‘irtog‘ mahallasidagi elektr bilan bog‘lik muammolar hali -beri bartaraf etiladiganga o‘xshamaydi.  

Hovlidan hovliga tortib ketilgan simlarning har daqiqada uzilib ketishi mumkinligini sohadan xabari borlar yaxshi bilishadi. Yerning namligi va uzilgan simning yerga tushishini inobatga oladigan bo‘lsak, uning xavfi yuqori.  

O‘ylaymizki, mas’ullar biror falokat yuz bermasdan oldin mazkur muammoga tez orada e’tibor qaratishadi va aholining xavotirlariga o‘rin qoldirishmaydi. Boisi, gap avvalo ushbu mahallada yashayotgan aholining xavfsizligi haqida bormoqda.  

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Obidiydadagi qo‘lbola simyog‘ochlar qachon almashadi?