Obidalarga "qoziq qoqish"ni bas qilish kerak!
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xodimlari tomonidan moddiy-madaniy meros ob’ektlarida, xususan, Buxoro viloyatidagi tarixiy obidalarga reklama bannerlarini o‘zboshimchalik bilan yopishtirilgani, tashqi reklama joylashtirish bo‘yicha qator faktlar aniqlanganligi haqida so‘z yuritilgan.
Yaqinda respublika bo‘yicha 386 ta moddiy-madaniy meros ob’ektlariga tashqi reklama joylashtirish faktlarini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilgan, natijada tarixiy obidalarga o‘zboshimchalik bilan reklama joylashtirishning 25 dan ortiq holatlari aniqlanib, bu O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 2-moddasi talablarini buzish hisoblanadi.
Qayd etilishicha, qonunbuzarliklarning aksariyati tarixiy Buxoro shahrida aniqlangan. 1858-1859 yillarda qurilgan Ibrohim Oxund madrasasi (M.Ambar ko‘chasi, 117) devori bo‘ylab bir vaqtning o‘zida bir nechta tashqi e’lonlar o‘rnatilgani, XIX asrda qurilgan Sayfiddin karvonsaroyida gilamdo‘zlik maktabining tashqi reklamasi topilganligi, bundan tashqari, XVI asrda (1534-1534) Buxoroning tarixiy markazi Toki Sarrofonda joylashgan an’anaviy yopiq bozorda ham reklama inshootlari va e’lonlar o‘rnatilgani va bu qonunbuzarliklar tez orada bartaraf etilgani, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan sub’eklar va tadbirkorlarga ogohlantirish xatlari yuborilib, tashqi reklama joylashtirish tartibi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgani haqida maqolada aytib o‘tilgan.
Afsuski, bu kabi muammolar hozirgi paytda dolzarb tus olmoqda va ko‘ngilni xira qilib qo‘ymoqda. Ulug‘ avliyolarimiz xoki qo‘yilgan, butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etayotgan tarixiy obidalar, yodgorlik va ziyoratgohlarga reklama bannerlarini ilib ketayotgan shaxslarga nisbatan agentlik qat’iy choralar ko‘rish vaqti yetgan deb hisoblaydi.
O‘z tariximizga nisbatan bunday hurmatsizlik, madaniy meros ob’ektlariga nisbatan ziyon yetkazish holatlarini qoralaymiz.
Bunday salbiy holatlarni to‘xtatish va bartaraf etish maqsadida yurtimiz bo‘ylab turli aksiyalarni boshladik. Jumladan, Madaniy meros agentligi hamda Igor Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san’at muzeyi hamkorligida «Madaniyat. Meros. Men» deb nomlangan aksiya o‘tkazildi. Unda Nukus davlat universitetining iqtisodiyot fakulteti turizm yo‘nalishi birinchi bosqich talabalari qadimiy shahristonlar, qal’alar, ko‘hna kentlar hududini begona o‘t-o‘lanlar hamda turli chiqindilardan tozalash tadbirlari olib borildi.
Asrlar osha ajdodlardan-avlodlarga omonat bo‘lib, ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylab kelinayotgan madaniy merosimizni ehtiyotlab, asrab-avaylash, unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish – barchamizning muqaddas burchimizdir.
Madaniy meros agentligi bu kabi holatlarni bundan keyin ham qat’iy nazoratga olib boradi.
Madaniy merosimizga nisbatan bu kabi noqonuniy va nojo‘ya harakatlar aniqlanganda, yaqinda tashkil etilgan telegram kanaliga fotofaktlarni yuborishingizni va o‘z navbatida agentlik mutasaddilari tezkor choralar ko‘rishimizni ma’lum qilamiz.
Bundan tashqari, yangi yildan agentlik va jamiyat o‘rtasida ikki tomonlama jonli muloqot uchun «Qizil telefon» tashkil etiladi.
Oilada, maktabda farzandu nabiralarimizga o‘z tariximiz, madaniy merosimiz qadrini anglatib borish maqsadida maktablarda yangi fan sifatida joriy qilingan «Tarbiya» darsliklarida aynan madaniy merosimizni asrab-avaylash, hurmat qilish, tarixiy obida va ziyoratgohlarga borganlarida o‘quvchilar odobi bo‘yicha alohida mavzular kiritish borasida harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Bebaho merosimiz jonkuyarlari bo‘lgan va bu kabi toqat qilib bo‘lmas holatlar haqida tezkor ogohlik qo‘ng‘irog‘ini chalayotgan jurnalistlarga yana bir bor minnatdorlik izhor etib, doimiy yaqin hamkorlikda ishlashdan manfaatdorligimizni bildiramiz.
O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi huzuridagi
Madaniy meros agentligi matbuot xizmati