Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisida navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
“2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillarining axborot eshitildi.
Qonunga asosan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va barqaror rivojlanish milliy maqsadlarida nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlarni amal oshirish bo‘yicha vazifalar inobatga olingan.
Qonunga muvofiq, aloqa va axborotlashtirish sohasida qabul qilingan dasturlar asosida “IT” xizmatlari eksportini 500 million AQSH dollariga va “IT-park” rezidentlari sonini 2 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
“Davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan tadbirkorlik sub’ektlariga qator yengilliklar yaratilmoqda. Jumladan, xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kirish uchun yuridik shaxslar bugungi kunda ariza bilan birga litsenziyani ham taqdim qilib kelmoqda. Endilikda qonun bilan reyestrga kirish to‘g‘risida faqat ariza taqdim qilishning o‘zi kifoya bo‘ladi.
Ommaviy axborot vositasi (OAV)ni ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi arizani ko‘rib chiqish muddati 15 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda. Advokatga guvohnoma berish muddatini 3 kundan 2 kunga kamaytirish nazarda tutilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika hududida Internet va aloqa qamrovini kengaytirish uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan respublikada global ko‘chma yo‘ldosh aloqa tarmoqlari xizmatlari dasturlaridan qonuniy asosda xavfsizlik talablarini bajargan holda foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan bilan jinoyatlarga qarshi tezkor-qidiruv faoliyatini olib borish mexanizmlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Xususan, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonun tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda, shu jumladan, kibermakonda uning imkoniyatlaridan foydalanilgan holda o‘tkazilishi mumkinligi to‘g‘risidagi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda.
“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan endilikda ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Har bir qonun bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA