OAVda Kim Chen In qayerda ekani aytildi
KXDR rahbari Kim Chen In hali ham Vonsanda boʻlib turibdi.
KXDR rahbari Kim Chen In hali ham Vonsanda boʻlib turibdi. Yodingizda boʻlsa, u may oyi boshida ushbu shahardagi oʻgʻit ishlab chiqarish zavodini borib koʻrgandi, shundan beri oʻsha yerda. Bu haqda Yaponiya va Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarida xabarlar eʼlon qilingan.
Yaponiyaning “Kiodo” agentligi oʻz manbalariga tayangan holda yozishicha, Kim Chen In 1-maydan buyon kurort majmuasida, hamon Pxenyanga qaytmadi. “Binobarin, uning nima uchun sohilda joylashgan kurort hududida ekanligining aniq sabablari” xususida hech nima deyilmagan.
Janubiy Koreyaning “Chunan Ilbo“ gazetasi ham xuddi shunday mazmundagi axborotni tarqatgan. Farqi shundaki, nashr KXDR yetakchisi Vonsanga 11-aprelda borgan, deya taʼkidlagan.
“1-may kuni u turli oʻgʻitlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodning ochilishi marosimida ishtirok etgandi, hozir ham faoliyatini Vonsandan davom ettiryapti… Gazetaning shimoldagi manbalari xabariga koʻra, Kim Chen In oʻsha tadbirdan keyin yana uzlatga chekindi, ommaga koʻrinmayapti – asosan, armiya boʻlinmalarini borib koʻryapti, raketalar va boshqa strategik qurollar ishlab chiqarilishi jarayonini kuzatmoqda“, – deyilgan axborotda.
Jahon OAVda salomatligi bilan bogʻliq muammolar toʻgʻrisidagi mish-mishlar urchigandan buyon KXDR rahbariga nisbatan qiziqish avvalgidan ancha oshdi, hamma uning omma oldida paydo boʻlishini kutadigan boʻlib qoldi.
Juma kuni Janubiy Koreyaning Birlashish vazirligi vakili Ye San Gi jurnalistlar bilan uchrashuv chogʻida “Kim Chen In yanvarda ham 21 kun koʻrinmay qolganini“ qayd etdi. Uning aytishicha, Koreya Respublikasi xizmatlari vaziyat oʻzgarishini kuzatib borishyapti, OAVda eʼlon qilinmayotgan maʼlumotlarni ham aniqlashga harakat qilyapti. Yaponiya va Janubiy Koreya OAV avvalroq Kim Chen In yuragida jarrohlik amaliyotini boshidan kechirganini yozishgandi.
8-may kuni Kim Chen In Xitoy yetakchisiga “ogʻzaki murojaat“ yoʻllab, XXR raisi Si Szinpinni koronavirus epidemiyasi ustidan qozonilgan gʻalaba munosabati bilan tabrikladi, 9-mayda esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi bilan qutladi.
2-may kuni Shimoliy Koreya OAV mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning 20 kundan soʻng ilk bor omma oldida koʻrinish bergani tasvirlarini tarqatdi. Maʼlumki, oʻsha kunlari gʻarb matbuoti, Janubiy Koreya va Yaponiya ommaviy axborot vositalarida KXDR rahbari ogʻir xastaligi va hatto u vafot etgan boʻlishi ham mumkinligi haqida mish-mish xabarlar koʻpayib ketdi.
Sunchxon oʻgʻit zavodining ochilishi marosimidan berilgan fotosuratlar va video lavhalarda esa Kim Chen In quvnoq, sogʻlom, mudom tabassum, imo-ishoralar qilgan, yonidagilar bilan suhbatlashgan holda namoyon boʻldi. Shunga qaramasdan, ayrim OAV fotosuratlarni tahlil qilish natijasida, goʻyoki Kim Chen Inning qoʻlida operatsiya izlarini koʻrishgan, yana kimlardir uning oyogʻida muammo borligini sezishgan.
Shu voqeadan keyin bir necha kun oʻtib Janubiy Koreya Davlat razvedka xizmati Shimoliy Koreya yetakchisi mamlakatning ichki ishlarini joy-joyiga qoʻyish zarurati, shuningdek koronavirus tufayli yuzaga kelgan vaziyat sabab ommaviy tadbirlarda koʻrinmay qolganini bildirdi.
Shu voqeadan keyin bir necha kun oʻtib Janubiy Koreya Davlat razvedka xizmati Shimoliy Koreya yetakchisi mamlakatning ichki ishlarini joy-joyiga qoʻyish zarurati, shuningdek koronavirus tufayli yuzaga kelgan vaziyat sabab ommaviy tadbirlarda koʻrinmay qolganini bildirdi.