Xalqimizda “Yo‘l qurgan savob”, degan ibratli naql bor. Aksariyat yurtdoshlarimiz, haydovchilar Navoiy viloyati hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarining tekis va ravonligini e’tirof etadi. Bu yo‘l sohasida viloyatda tizimli ishlar amalga oshirilayotganidan darak beradi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida jami avtomobil yo‘llari uzunligi 9474 kilometr bo‘lib, uning 4017 kilometri umumiy foydalanishdagi yo‘llar va 5457 kilometri ichki yo‘llar hisoblanadi.

Ayni paytda yo‘lsozlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, davlat dasturlari doirasida ta’mirlanayotgan yo‘llar haqida Nавоий viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasida Respublika Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, viloyat hokimligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Nilufar Jumayeva, Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Alisher Halimov so‘nggi yillarda yo‘l harakati xavfsizligi sohasida mavjud muammolarni bartaraf etish, xalqaro standartlarga muvofiq yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish, yo‘l harakati qulayligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

– Respublika bo‘yicha umumiy yo‘llarning uzunligi 210 ming kilometrdan uzunroq masofani tashkil etadi, – deydi qo‘mita axborot xizmati rahbari N.Jumayeva. – 47,7 ming kilometr umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari maxsus vakolatli organ – Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufida, qolgan ichki xo‘jalik yo‘llari va idoraviy yo‘llar mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda yuridik va jismoniy shaxslar tasarrufida. Bugungi kunda yo‘l xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq muammolardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Joylarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlarda ichki yo‘llarning, mavjud ko‘priklarning holati va sifati dolzarb muammolardan biri ekanligi ma’lum bo‘lmoqda. OAV vakillaridan muammolar va yo‘lsozlarning faoliyati yoritilayotganda buyurtmachi hamda pudratchi tashkilotlarning faoliyatiga ham e’tibor qaratishlarini, ular haqida to‘liqroq ma’lumotlar berishlarini so‘rab qolardik. Bizning faoliyatimiz barcha OAV vakillari uchun ochiq. Bemalol tizimimizga oid savol va takliflar bilan murojaat qilishlari mumkin.

Matbuot anjumanidan so‘ng, amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishish maqsadida press tur tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, yo‘l tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ma’naviyatini yanada yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazishi uchun sharoitlar yaratish, ularni munosib rag‘batlantirish maqsadida qo‘mita va uning tizim tashkilotlarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar, sport musobaqalari o‘tkazib kelinadi. Barcha viloyatlar bosh boshqarmalarida kutubxonalar tashkil etishga e’tibor qaratilgan.
Press-tur ishtirokchilari Navoiy viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasida tashkil etilgan kutubxonaning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Kutubxona javonidan turli badiiy, nasriy asarlar, xorij adabiyoti, huquqiy mavzudagi, siyosiy yo‘nalishdagi kitoblar o‘rin olgan.
Dastlab press tur ishtirokchilari Xatirchi tumanidagi davlat ahamiyatiga ega 4 R 56 avtomobil yo‘lining 10-16 kilometrlari oralig‘ida yangilanayotgan ko‘prik, yangidan barpo etilayotgan stella bilan tanishdi.
– Hozirda 4 R 56 “Oqtosh sh. - Yangirabot sh. - Langar q. - Chuya q.” avtomobil yo‘lining Zarafshon daryosi oqib o‘tuvchi qismidagi ko‘prik yangilanmoqda, – deydi “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Navoiy filiali davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i Muhsinjon Aglamov. – Ob’ekt respublika byudjetidan moliyalashtirilmoqda. Ob’ektning kapital ta’miri joriy yilning mart oyida boshlangan va u dekabr oyining oxirida foydalanishga topshiriladi. Hozirda ko‘prikni kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur ob’ekt foydalanishga topshirilgach, uning eni 24 metrga yetkaziladi. Avval yo‘l ikki tasmali edi. Endilikda u 4 tasmaliga aylantirilmoqda. Ushbu avtomobil yo‘li 2-toifadan 1-“b” toifaga o‘tkazilib, bir tomondan yangi ko‘prik qurilishi to‘liq tugallandi va avtomobillar uchun qatnov yo‘lga qo‘yildi. Ikkinchi tomon ko‘prik qurilishida to‘sinlar o‘rnatilgan, tekislovchi qatlamda beton ishlari, plitalar va yoritish tizimi jihozlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirda shu hududdagi 5 km uzunlikdagi yo‘lning ta’mirlash ishlari ham olib borilmoqda.
– Tumanimizda 30 kilometrdan ortiq ichki va umumfoydalanishdagi yo‘llar, shundan 2 ta turizm ob’ektiga boruvchi yo‘llar ta’mirlandi, – deydi Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi rahbari Munis Fozilov. – Biz turgan hudud 4 R 56 “Oqtosh sh. - Yangirabot sh. - Langar q. - Chuya q.” avtomobil yo‘lining 10-16 kilometri. Mазкuр yo‘lning 5 kilometr uzunlikdagi qismi ta’mirlanmoqda. Hozirda 30 ming m³ tuproq ishlari, 6,4 ming m2 qum-shag‘al aralashmasidan asos qurish ishlari hamda 800 metr qismida piyodalar yo‘lagi qurish va bordyurlar o‘rnatish ishlari bajarildi. 11-16 kilometr oralig‘ida 1 kilometr yo‘lni qaytadan qurish, 3,5 kilometr piyodalar yo‘lagi qurish, 131 dona yoritish tarmog‘i tayanchlarini o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi. Ayni paytda rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. Mazkur oraliqdagi yo‘l yoqasida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, viloyatdagi tizim korxonalariga 4 dona og‘ir vaznli yuklarni o‘lchovchi (mobil) tarozilar xarid qilinib, tegishli tartibda o‘rnatilgan.

Press-tur ishtirokchilariga Samarqand viloyatidan Navoiy viloyatiga o‘tish chegara postida o‘rnatilgan tarozidan foydalanish jarayoni ham tanishtirildi.
– Ushbu tarozi M-37 avtomobil yo‘lining 147 kilometriga o‘rnatilgan bo‘lib, katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishida vazn hamda hajm parametrlari samarali nazorat qilinmoqda, – deydi “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Navoiy filiali davlat muassasasi yetakchi mutaxassisi Shohruh Qudratov. – Ish 24 soat davomida tashkil etilgan. Tarozi 2024 yilning yanvar oyida o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tgan 10 oy davomida 500 ga yaqin transport vositalariga nisbatan jarimalar qo‘llanildi.
Prezidentimizning 2020 yil 10 yanvardagi “2020 - 2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Navbahor tumanidan o‘tuvchi davlat ahamiyatidagi 4 R 57 “Qizilqum halqa” yo‘lining 0-8 kilometr qismida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Yo‘lning loyihaviy qiymati 123 milliard so‘m bo‘lib, ob’ektda qurilish ishlari to‘liq tugatildi va foydalanishga topshirildi.
– Yo‘lda ta’mirlash ishlarining olib borilishi natijasida mavjud eski qoplama va 3 dona mavjud ko‘prik qayta qurildi, – deydi “Navoiy yo‘llardan muntazam foydalanish” davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i Hasanjon Dilov. – Shuningdek, 7,1 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklari yangidan qurildi. Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida 7 kilometr suv va 278 dona yoritish tarmoqlari, 8 kilometr yo‘l o‘qiga metall to‘siqlar, suv qochirish maqsadida temir-beton lotoklar yotqizildi. Yoritish tizimlari uchun 3 dona transformator, harakat xavfsizligini tartibga soluvchi 3 dona svetofor, 400 dona yo‘l belgilari va 7 kilometr aloqa kabellari o‘rnatildi. 4 ta avtobekat qurildi va 8 kilometr uzunlikdagi yo‘l-yotiq chiziqlari chizildi.
Viloyatda tizimdagi yo‘l korxonalarida jami 10 dona asfalt-beton ishlab chiqarish zavodlari mavjud. Navbahor tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasiga tegishli asfalt-beton ishlab chiqarish zavodi soatiga 120 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
– Zavodga 5,2 milliard so‘mlik Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan uskunalar olib kelingan, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi rahbari Qodir Gulov. – Zavodda YLB-1500 markali asfalt-beton ishlab chiqariladi. 5 ta og‘ir yuk tashuvchi turli rusumdagi avtomashinalarda xizmat ko‘rsatiladi. Ayni paytda 15 nafar xodim faoliyat olib borayotgan zavodda ishlab chiqarilayotgan asfalt mahsuloti tumanimizdan tashqari Nurota va Konimex tumanlariga ham yetkazib berilmoqda.
Press tur davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri