OAV, matbuot o‘z o‘quvchilari ishonchini oqlayaptimi?
bugungi GAZETALARNI VARAQLAGANDA…
Kundalik gazetalarni varaqlab turib, bir o‘y ko‘ngildan o‘taveradi: matbuot, OAV o‘z o‘quvchilari ishonchini oqlayaptimi?.. Gazetalarda jamiyat muammolari, odamlar dardi yoritilyaptimi?..
«Yangi O‘zbekiston» da e’lon qilingan bir qator maqolalarda yurtimizning bugungi qiyofasi aks etib turadi. «Hamisha navqiron Samarqand», «Assalom, hazratim, Navoiy bobom!» sahifalari o‘tmish va bugunimizni bog‘lab turguvchi rishtalar haqida.
«Mis sanoati: kelajakning «yangi oltin»i» maqolasi bilan tanishib, ishlab chiqarishda innovatsion yondashuv qanchalar muhim ekanligini his etasiz. Shaxs va jamiyat ruknida berilgan «Inson kapitali» hamda «El koriga yaraydigan kadr» maqolalari mazmun-mohiyati bilan bir-birini to‘ldirib turadi. Ularda jamiyat taraqqiyoti uchun inson omili, yaxshi mutaxassis suv va havodek zarurligiga urg‘u berilgan. Nodir G‘afforovning «Murshidi suluk» maqolasi maroq bilan o‘qiladi.
«Xalq so‘zi» yurtimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni yoritishga alohida e’tibor qaratgan. Hazrat Alisher Navoiyga bag‘ishlangan «Ma’naviyatimizning so‘nmas quyoshi» sahifasida ulug‘ shoirga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromni ko‘ramiz.
«Bo‘zatov – Qoraqalpog‘istonning Shveysariyasiga aylana olyaptimi?» maqolasi o‘quvchiga qiziqish uyg‘otishi turgan gap. «Istirohat bog‘lari, xususan, attraksionlar yangi mavsumga qanchalik tayyor?», «Davlat xizmatiga yuqori malakali mutaxassislar zarur» maqolalarida ham bugungi kun talablari, ularning ijrosi nechog‘li muhimligini ko‘rasiz.
“Ishonch” o‘z o‘quvchilariga qiziqarli maqolalar bilan yuzlanadi. Ijtimoiy tarmoq, telegram kanallarda kun mavzusiga aylangan ustozlarni uzr so‘rashga majbur qilgan holat yuzasidan «Qaddingizni ko‘taring, ustoz!» nomli maqola e’lon qilingan.
«Ishonch» ning bu da’vati jamoaning va ayni paytda kasaba uyushmalarining ovozidek bo‘lib yangraydi. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan «Tibbiy ko‘rikka kim mas’ul?», «Qarshingizda «ALFA» avlod. Ular bilan qanday murosa qilmoq kerak?» maqolalari yechimini topishi lozim bo‘lgan muammolar xususida. Atoqli olim – «so‘nggi jadid» Begali Qosimov hayot yo‘liga bag‘ishlangan «Fanda qo‘riq ochgan olim» sahifasini maroq bilan o‘qiysiz.
“Hurriyat” da e’lon qilingan taniqli navoiyshunos Sultonmurod Olimning «Buyuk so‘z martabasi» maqolasi Hazrat Alisher Navoiy bobomiz tavalludi kuniga ajoyib tuhfa bo‘lgan.
Taniqli shoir G‘ayrat Majidning «G‘urur» ruknida berilgan «Hazrat ziyorati» hamda «Bobur» nomli she’rlari ikki ulug‘ bobokalonimizga bo‘lgan cheksiz muhabbat ramzi sifatida dunyoga kelganini his etib turasiz.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarovning «Fuqarolarning axborot olish erkinligi – jamiyat taraqqiyotining muhim mezoni» nomli maqolasi e’tibor bilan o‘qiladi. «Gulbadan Murodovaga kim ko‘mak beradi?» sahifasi Denov tumani hokimi e’tiboriga «ogohlik qo‘ng‘irog‘i» bo‘lib yo‘naltirilgani bilan e’tiborni tortadi.
«O‘z-o‘zimizga gapirayotganga o‘xshaymiz», «Gazeta-jurnallar mutolaasi bizga nima beradi?» nomli maqolalar o‘quvchini mulohaza yuritishga chorlaydi. Yangiboy Qo‘chqorovning «Buyuk Bobur» nomli tarixiy romanidan berilgan parcha, Navoiy ijodiga bag‘ishlangan «Maktublarda mamlakat taqdiri» sahifalarida millatimizning ikki benazir farzandi timsolini ko‘rasiz...
“Qishloq hayoti” gazetasini varaqlab, yurtimiz qishloqlari, undagi hayot manzaralarini ko‘rasiz. «Imtiyozlar tadbirkorlik rivojiga xizmat qilmoqda», «Samarqandda Amir Temur bog‘lari qayta tiklanmoqda» kabi maqolalar gazetxon e’tiborini o‘ziga tortadi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Jon Raytning «Yangi O‘zbekistonning farovon kelajagiga hissa qo‘shayotganimdan mamnunman» maqolasi o‘quvchiga katta qiziqish uyg‘otadi.
bugungi gazetalarni o‘qing, yangi kun havosidan nafas oling...
A.Narzulloyev, O‘zA