O‘zi mitti, vazifasi katta
Har bir ixtironing tarixi bo‘lganidek, salfetkalarning amaliyotga kirishi ham o‘z tarixiga ega. Manbalarda qayd etilishicha, ushbu mo‘jaz vositalar ilk bor G‘arb uyg‘onish davrining mashhur namoyandasi Leonardo da Vinchi faoliyatida aks etgan ekan.
Tarixga nazar
Har bir ixtironing tarixi bo‘lganidek, salfetkalarning amaliyotga kirishi ham o‘z tarixiga ega. Manbalarda qayd etilishicha, ushbu mo‘jaz vositalar ilk bor G‘arb uyg‘onish davrining mashhur namoyandasi Leonardo da Vinchi faoliyatida aks etgan ekan. Mehmon kutishni xush ko‘rgan rassom bu marosimga alohida taraddud ko‘rgan, banket stolini o‘ziga xos tarzda yasatishga intilgan. Marosim tugagach, undan qoladigan yoqimsiz iz – yoyilgan idish-tovoq va boshqa anjomlar, ayniqsa, ifloslangan dasturxon musavvirning ko‘nglini g‘ash qilgan. Bu muammoni bartaraf etish ustida izlangan ijodkorda mehmonga kelgan har bir insonning oldida ovqatlanib bo‘lingach, qo‘l artish uchun bir parcha mato bo‘lishi kerak, degan fikr tug‘iladi.
Yillar o‘tib bu g‘oya amaliyotda o‘z ifodasini topadi. 1887-yil iyunda Buyuk britaniyalik tadqiqotchi Jon Dikinson salfetka ixtirosi uchun patent sohibi bo‘ladi. Dastlabki salfetkalar qalinroq gazlamalardan bo‘lgan. Keyinchalik uning qog‘oz turlari urfga kirgan va bugungi kungacha qulayligi bilan iste’molchilarga manzur bo‘layotir.
Bizning bolalik yillarimizda kir yuviladigan kimyoviy vositalar eng taqchil ashyo sanalardi. Otam qo‘shni qishloqda joylashgan do‘kondan kir sovun olib kelgan kuni onamning xursandligi yeru ko‘kka sig‘masdi. Ularni ishlatishdan ko‘ra, tejab-tergash payiga tushardi.
Bugun oila a’zolarimiz jamuljam bo‘lib yig‘ilsak, dasturxonga bejirim qutilarda salfetkalar terib qo‘yiladi.
– Bir kun kelib o‘zimizda shunday zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarilishini tasavvurimizga ham sig‘dirolmasdik, – deydi Qorako‘l tumanidagi Manzilobod qishlog‘ida yashovchi Qodir bobo Qandimov. – Topsak oddiygina dastro‘molcha, topolmasak, rahmatli onamiz bir parcha matoni cho‘ntagimizga solib qo‘yardi. Bugungi bolalarning didi juda baland. Nabiralarim qaysi bir firmaning qanday turdagi salfetkasini tanlashni menga maslahat beradi. Ular har tomonlama to‘kis bo‘lib kamolga yetmoqda.
Darhaqiqat, bugungi kunda iqtisodiyotimiz rivojlangani sayin bozorlarimizda ham raqobat kuchayayotir. Yurtimizda ishlab chiqarilgan barcha turdagi mahsulotlar, jumladan, salfetkalar sifati jihatidan xorijnikidan qolishmaydi, narxi arzon. Shu jihatdan ushbu vositalar bugungi kunda eng ko‘p xarid qilinadigan va doimiy foydalaniladigan ro‘zg‘or ashyolaridan biriga aylanib borayotir va ularga aholining talabi kundan-kunga o‘smoqda.
Turmush madaniyatimiz yuksalayotganining muhim ko‘zgusi bo‘lgan bu ko‘rsatkichlar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholi turmush farovonligini yuksaltirish, inson manfaatini muhofazalash, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlash yo‘lida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning samaralarini yaqqol namoyon etadi.
Talabga yarasha taklif
Iste’mol bozorida talab oshayotgani ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatdir. Buni to‘g‘ri anglagan tadbirkorlarimiz sohani rivojlantirish yo‘lida tinimsiz izlanmoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan huquqiy va iqtisodiy sharoitlar ularning faoliyat ko‘lamini kengaytirish, xalqimizning o‘sib borayotgan talablarini to‘la qondirish, bozorlarimizda narx-navo uyg‘unligini ta’minlashda katta imkoniyat yaratmoqda. Bugungi kunda yurtimizda salfetkalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘plab korxonalar faoliyat yuritayotir.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida faoliyat yuritayotgan «Zak Qog'oz» mas’uliyati cheklangan jamiyati va «Sangio papermill» xususiy korxonasi ushbu sohada yetakchilik qilayotgan zamonaviy ishlab chiqarish tuzilmalaridan. 2004-yilda tashkil etilgan ushbu korxonalarning «Elma» savdo belgisi ostida ishlab chiqarayotgan o‘n turdan ortiq sanitariya-gigiyena vositalari kirib bormagan xonadonni topish mushkul. O‘nga yaqin sifat va muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlangan mahsulotlar qadoqlash dizaynidan tortib ishlatishga qulayligi, tarkibining inson organizmi uchun foydaliligi bilan iste’molchilarning ishonchiga sazovor bo‘lmoqda. Bu ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yangi-yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish, sifatni yuksaltirish va iste’molchilarga yetkazib berish doirasini kengaytirish uchun katta imkoniyat yaratayotir.
Yuzdan ziyod yoshlar ish bilan band bo‘lgan korxonalarda bozor talabini o‘rganish bo‘yicha doimiy monitoring o‘tkaziladi. Taraqqiy etgan xorijiy mamlakatlarda bu borada yaratilayotgan ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bugungi kunda salfetkalarning xo‘jalik, kosmetika sohasi va dekorativ maqsadlarda foydalaniladigan ko‘plab turlarini xaridorlar o‘z didi, ehtiyojiga qarab xarid qilish imkoniyati mavjud. Xo‘jalik salfetkalari ovqatlangandan keyin qo‘llarni tozalash, dog‘larni ketkazishda juda qulay bo‘lsa, ularning kosmetik maqsadda ishlatishga mo‘ljallanganlari yuzga surilgan niqoblarni artish va terini oziqlantirish hamda parvarishlash, asosiysi, ayollarga go‘zallik baxsh etishda qo‘l keladi.
Ishlab chiqaruvchilar bunday mahsulotlarning bolalarga mo‘ljallangan maxsus namli turlarini ham taqdim etmoqda. Ularning tarkibida yumshatuvchi va yallig‘lanishning oldini oluvchi moddalar bo‘lgani bois, kichkintoylarni tinchlantirish va tetiklashtirishda onalarning yaqin ko‘makchisi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mahsulotning dekorativ yo‘nalishdagi turlari tozalik-ozodalikka ximat qilishi barobarida, o‘ziga xos dizayni, turfa ko‘rinishi, antiqa ifori bilan oilaviy marosim, to‘y-bazm va boshqa davralarimizning ko‘rkiga ko‘rk baxsh etmoqda. Eng muhimi, uy bekalari bozorga otlanayotgan turmush o‘rtog‘iga davraga yoziladigan dasturxon, idishlar va boshqa vositalar rangiga mos tushadigan salfetkalarni buyurtma qilishga odatlanmoqda. Bekalarimizning ushbu istagini ijobat qilish esa u qadar murakkab emas. Bozorlar, savdo majmualari, gipermarket, supermarket yoki mini-marketlarning sanitariya-gigiyena vositalari bilan savdo qilinadigan bo‘limiga borilsa bas. U yerda istagan turdagi mahsulotni hamyonbop narxda xarid qilish mumkin. Ammo barcha iste’mol vositalari kabi salfetka sotib olishning ham o‘z qoidalari bor. Mutaxassislar bu jarayonda avvalo mahsulotning dertamologiya nazoratidan o‘tganini va yaroqlilik muddatiga e’tibor qaratish, buning uchun uning qadog‘ini sinchiklab ko‘zdan kechirishni maslahat beradi.
“Yig‘lashga yo‘l qo‘ymang!”
Bu gapning salfetkaga nima aloqasi bor, deyishdan oldin yangilikka quloq tuting. Yaqinda dizaynga oid ko‘plab g‘oyalari chippakka chiqqan portugaliyalik talaba Ugo-Santos qadoq ustiga “Yig‘lashga yo‘l qo‘ymang!” degan yozuv tushirgan salfetkalari uchun ixtirochi sifatida patent sohibi bo‘ldi. Uning ushbu mahsulotiga xaridorlar katta qiziqish bildirayotgani bois, kelgusida u bozorlardan keng o‘rin olsa ajab emas. Zero, hayotga uchrab turadigan arzirli-arzimas dilxiraliklar tufayli ko‘zga yosh olgan insonning qo‘liga bunday yozuvli salfetka tushib qolsa, albatta, e’tiborni tortmay, mushohadaga undamay qo‘ymaydi.
Salfetka ishlab chiqarish sanoatida butun dunyoda kechayotgan bunday ilg‘or jarayonlar bizning ishlab chiqaruvchilarimizga ham qanot bag‘ishlamoqda. Tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan salfetkalarning nomlari va qadog‘idagi «Yuz foiz tozalik», «Men bakteriyalarga qarshiman», «Tozalik va ozodalik baxsh etaman» kabi ma’nodagi yozuvlarning o‘ziyoq mahsulot sifati va samaradorligidan yaqqol dalolat beradi.
Ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz xalqimizning ehtiyojini to‘liq qoplab, o‘z mahsulotlari bilan jahon bozoridan munosib o‘rin egallash yo‘lida mehnat qilmoqda. Shu maqsadda mahsulotning sifatini yanada yaxshilash, turini ko‘paytirish, ishlab chiqarish hajmi, yetkazib berish tizimini takomillashtirish va jo‘g‘rofiyasini kengaytirish ustida tinimsiz izlanmoqda. Demak, sanoatimiz bunday dadil odimlar bilan ilgarilar ekan, ertangi kunimiz bugundan go‘zal va obod, hayotimiz yanada sermazmun, istiqbolimiz bundan-da porloq bo‘ladi.