Oʻzbekistonlik yosh olimlar Germaniyada malaka oshiradi
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatson rivojlanish vazirligi va Germaniyaning taʼlim va tadqiqotlar boʻyicha federativ vazirligi hamkorligida 13 nafar yosh olim Berlinga stajirovkaga joʻnatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatson rivojlanish vazirligi va Germaniyaning taʼlim va tadqiqotlar boʻyicha federativ vazirligi hamkorligida 13 nafar yosh olim Berlinga stajirovkaga joʻnatildi.
7-oktyabr kuni yosh olimlar Berlinda Oʻzbekistonning Germaniya Federativ Respublikasidagi elchisi Nabijon Qosimov bilan uchrashdi. Suhbat chogʻida Oʻzbekiston – Germaniya texnik universitetini tashkil etish rejalashtirilayotgani, unda nemis taʼlim tizimi joriy etilishi haqida maʼlumot berildi. Hozir universitet strategiyasi ishlab chiqilayotgan boʻlib, mazkur oliy taʼlim muassasasida nafaqat oʻzbekistonlik, balki qoʻshni davlatlar yoshlarining ham bilim olishi uchun sharoit yaratiladi.
Germaniyada koʻplab oʻzbekistonlik yoshlar taʼlim oladi. Oʻtgan yili noyabr oyida elchixona tomonidan oʻtkazilgan “Innovatsion gʻoyalar” tadbirida Germaniyada oʻqiydigan talabalarning 19 ta loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur loyihalarning bari Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan.
Elchixona xodimlari bugungi kunda ikki davlat universitetlari va tibbiyot muassasalari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish boʻyicha ish olib bormoqda.
Uchrashuv soʻnggida oʻzbekistonlik yosh olimlar elchixona binosi va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Oʻzbekistonning Berlindagi elchixonasi 2001-yil aprel oyida ochilgan. U 1879-1880-yillarda qurilgan tarixiy binoda joylashgan. Elchixona hududida 1870-1871-yillarga doir Prussiya burguti haykali oʻrnatilgan ustun ham bor. Bino Germaniya yodgorliklarni himoya qilish jamiyati tomonidan qoʻriqlanadi.
Elchixona hovlisida oʻzbekistonlik ustalar tomonidan milliy ayvon qurilgan. Uni koʻrgan inson borki, oʻzini Oʻzbekistondagidek his qiladi.