Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni keng nishonlanmoqda

BMT Bosh Assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi rezolyusiyasi bilan 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni, deb e’lon qilingan.


BMT Bosh Assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi rezolyusiyasi bilan 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni, deb e’lon qilingan.

2014 yilda BMT Bosh kotibi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni yo‘q qilishga qaratilgan “UNiTE” nomli tashabbusini ochiq deb e’lon qildi. Shu munosabat bilan har yili dunyo bo‘ylab 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “16 kun zo‘ravonliksiz!” shiori ostida jamoatchilikning faol ishtirokida tadbirlar o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda ham ayollarni himoya qilish, ularning turli zo‘ravonliklarning qurboni bo‘lmasligi uchun kurashish dolzarb ahamiyatga ega. Joriy yilda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni mamlakatimizda ham keng nishonlanmoqda. “16 kun zo‘ravonliksiz!” shiori ostidagi tadbirlarga start berildi. Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “Compass” ko‘ngilochar savdo markazida “Zo‘ravonliksiz oila” deb nomlangan aksiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Respublika “Istiqbolli avlod“ ijtimoiy axborot markazi tomonidan Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Taniqli san’atkorlarning konsert dasturlari bilan boyitilgan aksiya davomida yig‘ilganlar odam savdosi muammosi va uning oldini olishga oid ma’lumotlar bilan ham tanishtirildi.

Jumladan, aksiya davomida iste’dodli yulduzlar, xalqaro va milliy tanlovlar g‘oliblari Komila Amirova, Abdumalik Ostonov hamda milliy va zamonaviy raqs teatri “Dekos”, raqs kollektivi “Apocalypse” va boshqalar o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, Respublika “Istiqbolli avlod“ ijtimoiy-axborot markazi 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, aholi manfaatlarini himoyalash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri - bu odam savdosiga qarshi kurashishdir.

Respublika “Istiqbolli avlod“ ijtimoiy-axborot markazi, uning hududiy bo‘limlari va davlat tashkilotlari hamkorligida O‘zbekistonning barcha hududlarida, aholining barcha qatlami orasida 2019 yil 25 noyabrdan 10 dekabrga qadar “16 kun zo‘ravonliksiz!” shiori ostida “Zo‘ravonliksiz oila!”, “Oiladagi muhabbat va o‘zaro hurmatni qadrlang!” mavzularida aksiya va tadbirlar o‘tkaziladi.