Oʻzbekistonda kibersport festivali boʻlib oʻtadi
Oʻzbekistonda 20-oktyabrdan 4-noyabrga qadar kibersport boʻyicha “World Electronic Sports Games” (WESG) xalqaro turniri doirasida malakali matchlar oʻtkaziladi.
Oʻzbekistonda 20-oktyabrdan 4-noyabrga qadar kibersport boʻyicha “World Electronic Sports Games” (WESG) xalqaro turniri doirasida malakali matchlar oʻtkaziladi.WESG saralash bosqichlari jahon boʻylab oʻtkazilmoqda va uning final bosqichida eng yaxshi oʻyinchilar ishtirok etadi. Oʻzbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, ular orasida malakali matchlarda bir paytning oʻzida oltita oʻyin turi boʻyicha ishtirok etadigan oʻzbek geymerlari ham boʻlishi mumkin.
WESG ishtirokchilarining final janglarini oʻtkazish uchun Xitoyning Chunsin shahri tanlandi. 2019-yilning mart oyida bu yerga dunyodagi eng kuchli geymerlar toʻplanadi. Turnirning mukofot jamgʻarmasi 5,5 million AQSH dollarini tashkil etadi. Avvalgi qator turnirlarda boʻlgani kabi, WESGda, shuningdek, ayollar va erkaklar monomilliy jamoalari ishtirok etadi.
Har yili dunyo miqyosida kibersport boʻyicha koʻplab professional turnirlar oʻtkazilib, ularni yuz millionlab tomoshabinlar kuzatib boradi. Joriy yilning 15 avgustidan boshlab Oʻzbekiston kibersportni sport turlaridan biri sifatida rasman tan olgan mamlakatlar qatoriga qoʻshildi. Bu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan qabul qilindi va 100033001 kodi ostida Oʻzbekiston Sport turlari reyestriga kiritildi. Endilikda mamlakatimizning professional geymerlari oʻzlarini sportchilar deb hisoblashlari mumkin.
Elektron kompyuter sportining eʼtirof etilgan sport turlari rasmiy reyestriga kiritilishi uni rivojlantirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Bundan tashqari, kibersport mahalliy AT tarmogʻi uchun raqamli kelajak kalitidir. Katta aviatsiya ham shu tariqa, samolyot modellarini karton va fanerdan yasashdan boshlangan edi. Bugun kompyuter sichqoncha va klaviaturasini mohirona boshqarayotgan yoshlar bir kun kelib global raqamli iqtisodiyot yetakchilariga aylanishlari ajab emas.
Dunyoda kibersportni anʼanaviy sport turlari sirasiga kiritish mumkinmi degan savol ustidagi bahs va munozaralar hanuz davom etmoqda. Kibersportchilar haqidagi eng asosiy yanglish fikrlardan biri, koʻpchilikning ularni kun boʻyi kompyuter oldida oʻtirib tashqi olam bilan muloqot qilmaydigan, zaif, kasalmand yoshlar deb tasavvur qilishidadir. Aslida esa professional kibersportchilar kompyuter oʻyinlari bilan shugʻullanish bilan bir qatorda sport zaliga ham borib turadi. Bundan tashqari ularning aksariyati, kompyuter oʻyinlaridan tashqari futbol oʻynaydi yoki boshqa anʼanaviy sport turlari bilan shugʻullanadi.
Hozir dunyo miqyosida kibersportning auditoriyasi 230 million kishidan oshadi, buni boshqa sport turlari auditoriyasi bilan taqqoslash mumkin. Ayni paytda ushbu auditoriya har yili 10-20 foizga oshib bormoqda. Newzoo tahliliy kompaniyasining maʼlumotlariga koʻra, kibersport sohasidagi daromadlar yildan-yilga oʻsib boradi. Bunda salmoqli daromad reklama, homiylik yordami, chiptalar va brend mahsulotlari sotish va kibersport voqealarini translyatsiya qilish huquqi hisobiga taʼminlanadi.
2020-yilga kelib kompaniyaning kibersportga ajratiladigan investitsiyalari miqdori ikki barobar oshirilishi rejalashtirilmoqda, natijada sanoatning umumiy daromadi 1,5 milliard AQSH dollariga yetadi. Bunday auditoriya nafaqat IT sohasidagi yirik kompaniyalar, balki yoshlar va qolaversa oʻziga toʻq va zamonaviy texnologiyalarga ixlosmand odamlar oʻrtasida oʻz brendini olib kirishdan manfaatdor boʻlgan kompaniyalarni ham tobora koʻproq jalb qiladi.