“Oʻzbekiston temir yoʻllari” poyezdlar harakati jadvalini eʼlon qildi
Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yoʻnalishlarda temir yoʻl qatnovlarini yoʻlga qoʻyishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi va unga koʻra joriy yil 18-may kunidan boshlab, karantin davrida mahalliy yoʻnalishlarda avia va temir yoʻl qatnovlarini amalga oshirish boshlanadi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ xabar bermoqda.
Mazkur tartibga binoan, temir yoʻllarda Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Fargʻona vodiysiga temir yoʻl qatnovi (borish va qaytish) qayta yoʻlga qoʻyiladi.
Shu bilan birga temir yoʻl qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yoʻlovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari soʻzsiz bajarilishi talab etiladi. Shuningdek, poyezdlarga chiqayotgan yoʻlovchilar uchun muhim shartlaridan biri – Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan koʻp boʻlmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanligi haqidagi maʼlumotnomaga ega boʻlishlari kerak.
Temir yoʻl vokzallari hududiga hamda temir yoʻl transportiga kirganda, barcha yoʻlovchilar bir martalik tibbiy himoya niqoblari va qoʻlqoplarda boʻlishlari, temir yoʻl vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yoʻnaltiruvchi maxsus tasmalar boʻylab harakatlanishlari shart. Yoʻlovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi.

Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi. Elektron chipta olish imkoniyati boʻlmagan yoʻlovchilar, oʻrnatilgan tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgandan temir yoʻl vokzal kassalaridan chipta rasmiylashtirishlari mumkin. Chipta olgan yoʻlovchilar tomonidan yoʻlovchilar soʻrovnomasi (marshrut varagʻi) toʻldiriladi.
2020-yil 18-may kuni soat 07:00 dan Toshkent – Navoiy – Buxoro yoʻnalishida №762-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd“Toshkent-Markaziy” temir yoʻl vokzalidan joʻnab, oʻsha kuni soat 16:28 dan Buxoro – Navoiy – Toshkent yoʻnalishida №761-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd Toshkentga qaytadi.
2020-yil 18-may kuni soat 08:00 dan Toshkent – Qarshi yoʻnalishida №760-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd “Toshkent-Markaziy” temir yoʻl vokzalidan joʻnab joʻnaydi va oʻsha kuni soat 17:58 dan Qarshi – Toshkent yoʻnalishida №759-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd Toshkentga qaytadi.
2020-yil 18-may kuni soat 08:05 dan “Toshkent-Janubiy” vokzalidan Toshkent – Andijon yoʻnalishida №60-sonli poyezd joʻnaydi va oʻsha kuni soat 15:33 dan Andijon – Toshkent yoʻnalishida №59-sonli tezyurar yoʻlovchi poyezd Toshkentga kirib keladi