Oʻzbekiston tarixi jahon olimlari nazdida
2019-yil 21-noyabr kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida Fanlar akademiyasi Tarix instituti nashrlari taqdimotiga bagʻishlangan ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi.
2019-yil 21-noyabr kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida Fanlar akademiyasi Tarix instituti nashrlari taqdimotiga bagʻishlangan ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Oʻz tarixini chuqur bilgan xalq gʻururli, qudratli, badavlat boʻladi”. Demak, oʻz Vatani, tugʻilib oʻsgan zamin tarixini oʻrganish va bilish – oʻzlikni anglash demakdir
Bugun oʻzbek olimlari yurt tarixiga oid yangi natijalarni avvalo xalqimiz, qolaversa, jahon ilmiy jamoatchiligi eʼtiboriga havola qilmoqda. Yevropa va AQSH ilmiy markazlarida Oʻzbekiston tarixiga qiziqish katta. Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Avstriya Eronshunoslik instituti hamkorligida yaratilgan “Markaziy Osiyo oʻrta asrlar va yangi davrda: jamiyat, madaniyat va tarix” asari aynan mana shu qiziqish mevalaridan biridir. Kitob Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston tarixi bilan shugʻullanuvchi turli ilmiy maktablarga mansub olimlarni bir muammo maydonida birlashtirgan ilk xalqaro tadqiqotdir. Kitobning mualliflar jamoasi dunyoning turli ilmiy markazlarida faoliyat koʻrsatayotgan A.Xalid, M.Kamp (AQSH), F.Shvars, P.Sartori (Avstriya), K.Pujol, V.Furnyo (Fransiya), Yu.Paul (Germaniya), M.Abuseitova (Qozogʻiston), Sh.Mustafayev (Ozarbayjon), T.Kotyukova, S.Abashin (Rossiya), L.Dodxudoyeva (Tojikiston), shuningdek, bir qator oʻzbekistonlik olimlar – jami 32 kishidan tarkib topgan.
Maʼlum maʼnoda bu kitobni dunyo olimlarining ushbu mavzudagi oʻzaro soʻzlashuvi sifatida baholash mumkin. Ayni paytda u yaxlit bir tadqiqot mazmunini ham kasb etadi. Bir qarashda asardan joy olgan maqolalar mavzusi keng qamrovli, biroq asosiy mazmun Oʻzbekiston tarixining turli davrlari va masalalarini mantiqiy ketma-ketlikda taqdim qilinishida gavdalanadi.
Oʻzbekiston davlat mustaqilligiga erishgandan soʻng tarix fanida roʻy bergan tub oʻzgarishlar ham maqolada tahlil etilgan. Unda tarixiy tadqiqotlarni tashkil etishda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va Oʻzbekiston tarix fanining jahon tarix faniga uygʻunlashuvining zarurligi taʼkidlanadi. Yana bir qator mualliflar tarix fani rivojining hozirgi bosqichida tarixchi masʼuliyati haqidagi yangi nazariy mushohadalarni ham kitobxon eʼtiboriga havola qiladi. Baʼzi turkum maqolalarda turkiy xalqlar madaniyati, sanʼati va hunarmandchiligi, shahar va shaharsozlik anʼanalari tarixi yoritilgan. Kitobdan oʻrin olgan maqolalar nafaqat mutaxassislar, balki keng kitobxonlar ommasida ham katta qiziqish uygʻotadi.
Arxeologik va antropologik ashyolar asosida qadimgi sivilizatsiyalar tarixi yoritilgan. Ayollar maqomi va huquqlari, Buxoro shashmaqomi kabi maqolalar shular jumlasidan. Amir Temur va temuriylar davri siyosiy jarayonlari, Mirzo Ulugʻbekning Eron, Turkiya va Hindiston astronomiya fanidagi oʻrniga doir yangi xulosalar taqdim qilingan maqolalar alohida eʼtiborga sazovordir.
Yana bir qator maqolalarda dunyo arxivlarida saqlanayotgan, hali ilmiy isteʼmolga kirmagan hujjatlar asosida baʼzi shaxslar va mavzular tarixining yangicha talqini keltiriladi.
Amerikalik olima M.Kamp Markaziy Osiyoda xotin-qizlar harakati tarixining yoritilishini tahlil qilish asnosida Oʻzbekiston tarix fanida gender muammolarini oʻrganishdagi akademik tadqiqotchilik yoʻnalishini yuqori baholaydi.
Xorijlik olimlarning maqolalari Markaziy Osiyo va Oʻzbekiston tarixini oʻrganishdagi oʻziga xos yondashuv va uslubchiligi misoli sifatida eʼtiborni jalb qilib, tadqiqotchilik jarayonini tashkil qilishda tajriba almashuv maydoni boʻlib xizmat qiladi.
Oʻrta asrlardan hozirga qadar boʻlgan davr tarixining turli masalalarini qamrab olgan bu yangi kitob Oʻzbekistonni jahon ilm-fan maydonida munosib oʻrin egallashga boʻlgan intilishining ifodasi deb baholansa mubolagʻa boʻlmaydi.