O‘zbekiston sportchilari – Osiyo o‘yinlari shohsupasida
XVII yozgi Osiyo o‘yinlarining baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha final bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari besh medalni qo‘lga kiritdi.
Incheon. O‘zA maxsus muxbiri Mehribon Mametova xabar qiladi.
XVII yozgi Osiyo o‘yinlarining baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha final bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari besh medalni qo‘lga kiritdi.

Ushbu musobaqalar O‘zbekiston baydarka va kanoechilari Osiyoda yetakchi o‘rinlarni band etib turganini yana bir bor tasdiqladi.
Iqtidorli sportchimiz Aleksey Mochalov 1000 metr masofaga baydarkada eshkak eshish bo‘yicha yakkalik bahslari finalida asosiy raqobatchilari – Eron, Qozog‘iston va Xitoy vakillarini ortda qoldirdi.
– Juda hayajondaman, – deydi Aleksey Mochalov. – Musobaqalar oldidan faqat g‘alaba qozonishni o‘z oldimga maqsad qildim va astoydil mashq qildim. Vatanimizga oltin medal tuhfa qilganimdan baxtiyorman.
Dunyoning eng kuchli kanoechisi, deb e’tirof etilayotgan V.Menkovga bu gal ham hech kim tenglasha olmadi. U 1000 metr masofaga kanoeda eshkak eshish bahsida Qozog‘iston, Xitoy va Janubiy Koreya sportchilaridan oldinga chiqib oldi va finishga birinchi bo‘lib yetib keldi.
– Shodlik tuyg‘usi vujudimni chulg‘ab olgan, – deydi Vadim Menkov. – Osiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘lganimdan va eng muhimi – hamyurtlarimiz ishonchini oqlaganimdan baxtiyorman.
Kanoeda juftlik poygalari ham keskin va murosasiz kechdi. 1000 metr masofaga o‘tkazilgan bahslarda bosh sovrin uchun kurash to‘qqiz mamlakat sportchilari o‘rtasida bo‘ldi. Musobaqada munosib qatnashgan Serik Mirbekov va Gerasim Kochnev dueti terma jamoamizga yana bir bronza medalni keltirdi.
Baydarkada ming metrga eshkak eshish bo‘yicha to‘rtliklar o‘rtasidagi poygada Sergey Borzov, Vyacheslav Gorn, Aleksey Mochalov va Aleksandr Tropindan tarkib topgan terma jamoamiz uchinchi o‘rinni egalladi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish musobaqalari yakunida yosh sportchimiz Ernest Ernazarov 200 metr masofaga yakkalik bahsida kumush medal bilan taqdirlandi.