O‘zbekiston – ShHT: hamkorlik yo‘lida muhim qadam
Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘zining 18 yillik sanasini Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda nishonlamoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘zining 18 yillik sanasini Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda nishonlamoqda. O‘tgan vaqt mobaynida mazkur tashkilot barqaror va sog‘lom ruhda rivojlanib, xalqaro maydonda eng nufuzli tuzilmalardan biriga aylandi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining ilk olti a’zosi – Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keyin 2017 yilda yana ikki mamlakat – Hindiston va Pokiston qo‘shildi. Hozirgi vaqtda ShHTda 8 ta a’zo-davlat, 4 ta kuzatuvchi-davlat va 6 ta muloqot uchun hamkor-davlat faoliyat yuritmoqda. O‘z faoliyati davomida ushbu tashkilot jug‘rofiy va aholi soni jihatidan dunyodagi eng yirik tuzilmaga aylanib, Yevrosiyoning beshdan uch qismini va dunyo aholisining qariyb yarmini qamrab oldi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan buyon Xitoy bilan boshqa ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi 20 barobar ortib, 2018 yil yakunlari bo‘yicha 12 milliard AQSh dollaridan 255 milliard AQSh dollariga yetdi. Tashkilotga a’zo davlatlarning yalpi ichki mahsulotini dunyo mamlakatlari bilan qiyoslaganda 20 foizdan oshadi.
Bu muvaffaqiyatlar zamirida, avvalo ShHTga a’zo-davlatlarning turli sivilizatsiyalar to‘qnashuvi, «sovuq urush» va boshqa salbiy qoliplardan voz kechib, konstruktiv hamkorlikni, o‘zaro hurmat, teng huquqlilik, adolat va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yganligi asosiy omil bo‘lib xizmat qildi. O‘zaro ishonch, o‘zaro manfaat, tenglik, maslahat, madaniy xilmaxillikni hurmat qilish hamda umumiy rivojlanish istagi – ShHTning asosiy g‘oyasi bo‘lib kelmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish yo‘lida olib borilayotgan faol tashqi siyosat mamlakatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, xalqimizning tinch va osuda hayotini ta’minlashga hamda Vatanimizning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilib kelmoqda.
O‘tgan yilning iyunida Xitoyning sindao shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik Konsepsiyasi hamda ShHTga a’zo-davlatlar rahbarlarining yoshlarga Qo‘shma murojaatida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar Dasturining qabul qilinishi, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu masalalarni hal etishda mamlakatimizning faol ishtirokini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
Joriy yilning 13-14 iyun kunlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining
19-majlisida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning ishtirok etishi O‘zbekistonning ushbu nufuzli tuzilma doirasidagi faol pozitsiyasini mustahkamlash hamda barcha a’zo mamlakatlar bilan birdamlik, o‘zaro ishonch va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bishkek sammitida a’zo davlatlar rahbarlari ShHTni rivojlantirish istiqbollari, xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo-sotiq va gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, yirik xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish yuzasidan fikr almashadilar.
Sammit doirasida mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishni kuchaytirish, axborot texnologiyalari sohasi, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va sport yo‘nalishlarida aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari sammitidagi ishtiroki, o‘tkaziladigan oliy darajadagi uchrashuvlar va imzolanadigan hujjatlar albatta mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini ta’minlashga hamda Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Oybek JUMAEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati