O‘zbekiston Respublikasini 2015-yilning I choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov shu yil 16-yanvarda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisida belgilab bergan va tarkibiy o‘zgarishlar jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, tarmoqlar raqobatbardoshligini oshirish, mamlakatimiz eksport salohiyatini mustahkamlash, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini oshirishga qaratilgan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini amalga oshirish maqsadida joriy yilning birinchi choragida makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini saqlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi va ularning ijrosi ta’minlandi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan sanoat ishlab chiqarishini tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish, shuningdek, tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha o‘rta muddatli dasturlar ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Ushbu dasturlarning amalga oshirilishi iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirish, ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, muhim sanoat tarmoqlarini rivojlantirishni yangi, yuqori bosqichga ko‘tarish, zamonaviy va rivojlangan infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi.
Mazkur dasturlar doirasida 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha umumiy qiymati 40,8 milliard dollarlik 846 loyiha, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi obyektlarini qurish hamda rivojlantirishga doir umumiy qiymati 9,8 milliard dollarlik 141 loyiha, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 5 milliard dollardan ziyod 602 loyihani amalga oshirish va 1,2 mingdan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
I. Yetakchi sanoat tarmoqlarini tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va faol diversifikatsiya qilishni kengaytirish hamda chuqurlashtirish hisobidan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyot raqobatbardoshligini yanada oshirish
2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida shu yilning birinchi choragida iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirishni yanada chuqurlashtirish, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlash va keyingi choraklarda yanada iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam asos yaratish ta’minlandi.
2014-yilning birinchi choragiga nisbatan yalpi ichki mahsulot hajmi 7,5, sanoat mahsulotlari – 7,9, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – 6,3, xizmatlar hajmi 13,1 foiz o‘sdi. Makroiqtisodiy barqarorlik davlat byudjetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsiti, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi, shuningdek, soliq yukini 20,1 foizdan 19 foizga bosqichma-bosqich kamaytirish hisobidan yanada mustahkamlandi.
2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh etish va barqarorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari dasturi doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar banklar jami kapitalining 24,5 foiz va aktivlarining 28,1 foiz ko‘payishiga xizmat qildi. Bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi eng kam xalqaro standartlardan qariyb 3 barobardan ziyod darajada saqlandi. Bank tizimi likvidligi esa minimal talablardan 2 barobar ortadi. Joriy yil boshidan buyon Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 10 foizdan 9 foizga tushirilgani iqtisodiyotni kredit bilan ta’minlash hajmini 1,3 barobar oshirishda rag‘batlantiruvchi omil bo‘ldi.
Iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlari iste’mol talabini rag‘batlantirishga doir amalga oshirilgan chora-tadbirlar bilan birga aholi ichki yalpi daromadini 17,4 foizga oshirishga yordam berdi. Bu esa chakana savdo aylanmasi hajmi 15,2 foiz va aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish 10,1 foizga oshishida muhim omil bo‘ldi.
Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, yuqori texnologiyali muhim quvvatlarni ishga tushirishni jadallashtirish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini izchil rivojlantirish asosida tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirishga qaratilgan investitsiya siyosatining faol amalga oshirilishi natijasida joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyotda o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2,7 milliard dollarni tashkil qildi va 2014-yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizga o‘sdi.
Investitsiya faolligining yuqori sur’atlari qurilish-montaj ishlarini tashkil etishni takomillashtirish, pudratchi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlashga doir chora-tadbirlar bilan bir qatorda qurilish ishlari hajmini 18,9 foiz oshirish imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasini 2015-yilning birinchi choragida
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari
(2014-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)
Ko‘rsatkichlar |
O‘sish sur’atlari |
Yalpi ichki mahsulot |
107,5 |
Sanoat mahsulotlari |
107,9 |
Iste’mol tovarlari |
111,2 |
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari |
106,3 |
O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi |
108,7 |
Qurilish ishlari |
118,9 |
Chakana savdo aylanmasi |
115,2 |
Pullik xizmatlar |
110,1 |
Jami xizmatlar |
113,1 |
O‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 660 million dollardan ziyodi yoki 24,3 foizini xorijiy investitsiyalar va kreditlar (o‘sish 12,1 foiz), jumladan, 580 million dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (o‘sish 10 foiz) tashkil qildi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun o‘zlashtirilgan mablag‘lar hajmi 5,6 foiz o‘sdi va 81,1 million dollarni tashkil qildi.
Joriy yil boshidan buyon o‘zlashtirilgan investitsiyalar tarkibida xo‘jalik subyektlarining o‘z mablag‘lari qariyb katta ulushni (umumiy hajmning 36,3 foizi) tashkil etdi va 2014-yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 28,3 foiz ko‘paydi. Bu ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha tarmoq dasturlari, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar hayotga faol tatbiq etilayotgani samarasidir.
Umuman, joriy yil boshidan buyon 2015-yilgi Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 4,8 milliard dollardan ziyod 53 yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni amalga oshirish doirasida 434 yangi ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi. Jumladan, qurilish materiallari sanoatida 179, oziq-ovqat sanoatida 141, to‘qimachilik sanoati va tikuvchilik sohasida 99, mebel va qog‘oz sanoatida 56, kimyo va neft-kimyo sanoatida 37 va boshqa tarmoqlarda loyihalar amalga oshirildi.
Modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish obyektlari va quvvatlarini ishga tushirish sanoatning yetakchi tarmoqlarini tarkibiy o‘zgartirish hamda diversifikatsiya qilish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish imkonini berdi. Xususan, shu yilning birinchi choragida sanoatning yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan tarmoqlarini jadal rivojlantirish ta’minlandi. Jumladan, yengil sanoat (paxta tozalash sohasidan tashqari) 2014-yilning shu davriga nisbatan 120 foiz (jumladan, ip gazlama ishlab chiqarish 120,1, trikotaj mahsulotlari 114,5, tikuvchilik mahsulotlari 120,6, charm mahsulotlari 118,4 foiz), qora metallurgiya 111,9, yog‘ochni qayta ishlash 108,9, oziq-ovqat 114,8, kimyo va neft-kimyo tarmog‘i 109,3 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Traktorlar, neft va gaz o‘tkazish quvurlari, karbamid, xlorli kaliy, muzlatgich va sovutgichlar, ip-gazlama, trikotaj matosi, trikotaj, tikuvchilik va paypoq mahsulotlari, charm va attorlik buyumlari, un, sut, dori-darmonlar va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sezilarli ravishda ko‘paydi.
2015-yilda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida 504 loyiha bo‘yicha qiymati 620 milliard so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi, import o‘rnini bosish bo‘yicha hisoblab chiqilgan samara 260 million dollardan oshdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishda 430 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar, jumladan, ekskavator ehtiyot qismlari, «Damas» avtomobilining shtamplangan kuzov detallari, kompressor agregatlari ehtiyot qism va uzellari, motor moylari, gidravlika suyuqliklari, shaxta vagonchalari, yangi turdagi maishiy muzlatgich va sovutgichlar, elektr pechlar, maishiy yoritgichlar, energiya tejaydigan yorug‘lik diodli chiroqlar, maishiy texnika uchun butlovchi buyumlar, velosipedlar, sport trenajyorlari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Ishlab chiqarilayotgan iste’mol tovarlari turlarini kengaytirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida yil boshidan buyon 19 turdagi yangi tayyor tikuvchilik buyumlari va ularning 151 yangi modellari, 98 turdagi yangi qandolat, meva-sabzavot va go‘sht-sut, konserva mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Natijada iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 11,2, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 19,2 va nooziq-ovqat mahsulotlari 6 foiz ko‘paydi.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida yirik korxonalarda 8,1 million dollarlik ma’naviy va jismoniy eskirgan 130 uskuna almashtirildi, ommaviy ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan innovatsiya mahsulotlari hajmi 1,7 barobar ko‘paydi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sanoatda mehnat unumdorligi 6,1 foiz o‘sdi, yirik korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi o‘rtacha 9, yalpi ichki mahsulotning energiya iste’moli hajmi 10,1 foiz kamaydi.
Jahon bozorida kon’yunkturani oldindan taxmin qilib bo‘lmasligi va uning beqarorligi kuchayib borayotganiga qaramasdan, tashqi bozorda xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish hajmi va turlarini kengaytirish, ularning raqobatbardoshligini oshirish va eksportchi korxonalarni o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi eksport hajmini 13,9 foiz oshirish imkonini berdi.
Joriy yil boshidan buyon 146 yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, gaz, elektr va kombinatsiyalangan maishiy plitalar, yangi turdagi kabel-o‘tkazgich mahsulotlar, avtomobil o‘rindiqlari, avtomobillarning shtamplangan va payvandlangan detallari, suyuq va gazsimon argon, lok-bo‘yoq mahsulotlari, gigiyena buyumlari, konservalangan meva-sabzavot mahsulotlari kabi qiymati 40 million dollardan ortiq yangi turdagi 102 tovarni eksport qilish o‘zlashtirildi.
II. Rivojlangan infratuzilma, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya tizimlarini tashkil etish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish
Joriy yilning birinchi choragida yo‘l-transport, ishlab chiqarish va axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasidagi faol ishlar davom ettirildi. Xususan, yil boshidan buyon O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarida 164,1 milliard so‘m, jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 72,5 milliard so‘m, O‘zbekiston Respublikasi hukumati kafolati ostida xorijdan olingan zayomlar hisobidan 37,7 million dollar o‘zlashtirildi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi loyihalari bo‘yicha temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish uchun qiymati 140 million dollarlik kapital qo‘yilmalar, jumladan, Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish loyihalari bo‘yicha mos ravishda 8,6 hamda 4,1 million dollar, «Angren-Pop» yangi temir yo‘l liniyasini qurish uchun 92,4 million dollar o‘zlashtirildi. Uzunligi 44 kilometr temir yo‘l qayta tiklandi, 72 yuk va 3 yo‘lovchi tashish vagoni tayyorlandi.
2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalari, aloqa tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida zamonaviy texnologiyalar asosida keng miqyosda foydalanish uchun 150 kilometrdan ortiq optik tolali tarmoqlar bunyod etildi va zaxiraga olindi.
Ishlab chiqarish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida umumiy qiymayti 336 milliard so‘mdan ortiq zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha 86 loyiha amalga oshirilmoqda. Joriy yilning birinchi choragida 12 aksiyadorlik kompaniyasi, birlashma va yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha 20 loyiha amalga oshirildi.
Joriy yilning birinchi choragida Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joy qurish dasturiga muvofiq, 53,9 milliard so‘mlik ish bajarildi. Bunyod etilgan turar-joy massivlarini muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy-bozor infratuzilmasi obyektlari bilan ta’minlash maqsadida joriy yil boshidan buyon 76,5 kilometr gaz ta’minoti, 3 kilometrdan ziyod elektr va qariyb 6 kilometrlik suv tarmoqlari foydalanishga topshirildi. Joriy yil boshidan buyon respublikada 1,9 million kvadrat metrdan ortiq (jumladan, qishloq joylarda 1,3 million kvadrat metr) uy-joy, 197,8 kilometr (169,2 kilometr) suv va 75,7 kilometr (53,9 kilometr) gaz tarmoqlari bunyod etildi.
2013-2017-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Davlat dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida 190 kilometrdan ortiq kollektor, 3 vertikal drenajli quduq, 6 kuzatuv qudug‘i va 23,8 kilometr yopiq kollektor-drenaj tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Natijada joriy yilning birinchi choragida asosiy va oraliq ekin maydonlarining 126,2 ming gektariga sabzavot, 65,6 ming gektariga kartoshka va 4,7 ming gektariga poliz ekinlari ekildi. 4,9 ming gektar maydonda yangi intensiv bog‘lar, 4,5 ming gektar yerda tokzorlar, 169,9 gektar maydonda 305 issiqxona yaratildi. 11,1 ming gektar maydondagi bog‘ va 4,4 ming gektar tokzorlar rekonstruksiya qilindi.
III. Kichik biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlikka to‘liq erkinlik berish, iqtisodiyotda davlat ishtiroki darajasini qisqartirish
Qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan izchil chora-tadbirlar samarasida joriy yilning birinchi choragida 8 mingdan ortiq yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi. Bu 2014-yilning shu davriga nisbatan 10,2 foizga ko‘pdir. Eng ko‘p kichik biznes subyekti sanoatda va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida (umumiy tashkil etilganlarning 37,7 foizi), qurilish (11,5 foiz), shuningdek, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida (29,3 foiz) tashkil qilindi.
2015-2016-yillarda davlat mulkini xususiylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida umumiy qiymati 28,3 milliard so‘mlik 55 davlat aktivi, jumladan, investorlarning 9,7 milliard so‘mlik investitsiya kiritish majburiyatini olish sharti bilan 13 obyekt "nol" qiymatda sotildi. Bundan tashqari, zarar ko‘rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va kam rentabelli tashkilotlarning foydalanilmayotgan hududlari va ortiqcha ishlab chiqarish maydonlarini optimallashtirish chora-tadbirlari natijasida 80 foydalanilmayotgan ortiqcha ishlab chiqarish maydonlari va obyektlari xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotildi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish maqsadida joriy yilning birinchi choragida kichik biznes subyektlariga 2,8 trillion so‘m, jumladan, 590 milliard so‘mdan ziyod miqdorda mikrokreditlar ajratildi va o‘sish 2014-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobarni tashkil qildi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining kichik biznesni rivojlantirish uchun 38,3 million dollarlik kredit liniyasi o‘zlashtirildi. Ayni paytda O‘zbekiston Banklar uyushmasi huzuridagi investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasi ko‘magida qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq 14 loyiha moliyalashtirildi.
Xususiy tadbirkorlik subyektlarining tovar-xomashyo bozorlaridan foydalanishini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davlat xaridlari bo‘yicha o‘z mahsulot va xizmatlarini yetkazib beradigan akkreditatsiyadan o‘tgan kichik biznes subyektlarining 2014-yilning shu davriga nisbatan 4 barobardan oshishini ta’minladi. Ularning umumiy soni 34,2 mingtani yoki davlat xaridlari ishtirokchilarining 98,3 foizini tashkil etdi.
Natijada joriy yil boshidan buyon kichik biznes subyektlaridan davlat xaridlari hajmi 77,9 milliard so‘mni yoki elektron savdolar orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlari umumiy hajmining 99,6 foizini tashkil qildi. Ayni paytda davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarning joriy etilishi hisobidan 22 milliard so‘mlik yoki shu maqsadga mo‘ljallangan 21,9 foiz byudjet mablag‘lari iqtisod qilindi.
Xususiy tadbirkorlarning tovar-xomashyo resurslaridan foydalanish mexanizmlarini soddalashtirish hisobidan joriy yilning birinchi choragida kichik biznes subyektlari tomonidan birja savdolari orqali sotilgan mahsulotlar hajmi 1,5 barobar va ular tomonidan xarid qilingan mahsulotlar hajmi 1,3 barobar o‘sdi.
Kichik biznes subyektlariga o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida joriy yil boshidan buyon Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi tomonidan 318 korxonaga maslahat xizmatlari ko‘rsatilib, mahsulotlarni standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va eksport qilish, xalqaro hamda mamlakatlarga oid talablarni joriy etish borasida 29 xalqaro kelishuv imzolandi. Bundan tashqari, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 315 tadbirkorlik subyektiga 220,4 million dollarlik mahsulotlarini eksportga chiqarish, 36 korxonaga xorijiy xaridorlar topishga va umumiy qiymati 2,5 million dollarlik eksport shartnomalari tuzishga yordam ko‘rsatildi.
Natijada joriy yilning birinchi choragida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan qiymati 560 million dollardan ortiq, jumladan, “O‘ztadbirkoreksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi orqali 217,3 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Hisobot davrida davlat organlari bilan elektron hamkorlik mexanizmlarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar doirasida soliq va statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirish to‘liq qamrab olindi. 94 mingdan ziyod (yoki umumiy miqdorning 99 foizi) bojxona yuk deklaratsiyalari hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish mexanizmini qo‘llash orqali rasmiylashtirildi. Xo‘jalik sudlari tomonidan ko‘rib chiqilgan elektron shakldagi da’vo arizalari va iltimosnomalar qariyb 2 barobar (2014-yilning birinchi choragidagi 9,4 mingdan 16,9 mingtaga oshgan) ko‘payib, 1 mingdan ortiq sud majlislari videokonferensiya rejimida o‘tkazildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samarasida joriy yil birinchi choragida yalpi ichki mahsulotda kichik biznesning ulushi 41,7 foiz (2014-yilning birinchi choragida 41 foiz), sanoatda 29,8 foiz (26,8 foiz), pullik xizmatlar ko‘rsatishda 48,4 foiz (42,7 foiz) va bandlikda 76,8 foiz (76,4 foiz) oshdi.
Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish va kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ishbilarmonlik muhitini baholash bo‘yicha xo‘jalik subyektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarida o‘z aksini topdi. So‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, tadbirkorlar birinchi chorakdagi ishbilarmonlik muhitining joriy ahvolini va amalga oshirilishi mo‘ljallangan o‘zgarishlarni ijobiy baholagan.
Internet orqali soliq hisobotlarini elektron shaklda topshirish, soliqlarni to‘lash muddatining qisqartirilgani va soliq yukining kamaytirilgani, korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ruxsat berish tusidagi hujjatlar va litsenziyalar olish, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish mexanizmlarining soddalashtirilgani, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining xomashyo va tovar resurslaridan foydalanishi kengaytirilgani bilan bog‘liq o‘zgarishlar aksariyat hollarda ijobiy baholanmoqda.
IV. Aholi bandligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish, ta’lim jarayoni va tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish
Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida 141 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, jumladan, qishloq joylarda 88 mingdan ziyod (umumiy miqdorning 62,6 foizi) yangi ish o‘rni yaratildi.
Yangi tashkil etilgan ish o‘rinlarining 28,6 mingdan ziyodi maqsadli dasturlarni amalga oshirish, 27,2 ming ish o‘rni tijorat banklari tomonidan kichik korxona va mikrofirmalarni kreditlash, 21,1 ming ish o‘rni yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish, 35,7 ming ish o‘rni kasanachilikni tashkil etish va 28,5 ming ish o‘rni fermerlik va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish hisobidan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-4609 raqamli farmoniga muvofiq, kichik biznes sohasidagi alohida tarmoqlar bo‘yicha ish bilan band aholi sonini ko‘paytirish natijasida to‘qimachilik, charm, oziq-ovqat tarmoqlari va qurilish materiallari sanoatida faoliyat yuritayotgan kichik korxonalarda 1,2 mingdan ortiq qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
2014-2015 o‘quv yilida kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va bandligini ta’minlash maqsadida joriy yilning birinchi choragida bitiruvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va ularni keyinchalik mazkur korxonalarga ishga joylashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Natijada kasb-hunar kollejlarining 461,1 ming nafar bitiruvchisi korxona va tashkilotlarga biriktirildi.
Joriy yilning birinchi choragida 151 akademik litsey va kasb-hunar kollejini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, ularni zarur inventarlar bilan jihozlash maqsadida 36,9 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi. Bu mo‘ljallangan yillik hajmning 27 foizini tashkil etdi.
Hisobot davrida aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, tashxis qo‘yish va ambulatoriya-poliklinika muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish hamda profilaktika ishlarining kuchaytirilishi natijasida aholining gepatit bilan kasallanishi qariyb 2 barobar, shamollash kasalliklariga chalinishi 3 barobar, nafas olish organlarining sil bilan kasallanishi 4 foizga kamaydi.
«Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida barcha manbalar hisobidan qariyb 593 milliard so‘m yo‘naltirildi. Jumladan, 178 nafar yolg‘iz keksalarning uy-joyini ta’mirlash uchun 108,8 million so‘m sarflandi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida yashayotgan keksa yoshli kishilar va nogironlarga umumiy qiymati 57,8 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va poyabzal, dori-darmonlar ajratildi.
Sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalari va keksa yoshdagi kishilarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida «Turon» (Toshkent shahri), «Havotog‘» (Jizzax viloyati), «Chimyon» (Farg‘ona viloyati), «Sitorai Mohi Xosa» (Buxoro viloyati), «Kosonsoy» (Namangan viloyati) sanatoriylari, «Ahmad al-Farg‘oniy» (Farg‘ona viloyati) dam olish uyida umumiy qiymati 5,1 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.
Joriy yil boshidan buyon 63 ming nafardan ziyod urush va mehnat fronti faxriysi terapiya, nevrologiya, kardiologiya, urologiya, xirurgiya, oftalmologiya, otorinolaringologiya kabi yetti muhim yo‘nalishda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Umuman, shu yilning birinchi choragida ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar o‘rtacha ish haqining 17,1 foiz, pensiyalarning 22,1 foizga oshishini ta’minladi.
2015-yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish natijalari shuni ko‘rsatadiki, jahon miqyosida inqiroz holatlari hamon davom etayotgani va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotganiga qaramasdan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va butun dunyoda islohotlarning «o‘zbek modeli» sifatida tan olingan besh tamoyilga asoslangan isloh etish va rivojlanishning evolutsion hamda bosqichma-bosqich strategiyasini maqsadli va izchil amalga oshirish samarasida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlash ta’minlanmoqda.
Tarmoqlarni tarkibiy o‘zgartirish va jadal diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha tasdiqlangan o‘rta muddatli dasturlarning so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash uchun mavjud barcha zaxira hamda imkoniyatlarni jalb etish, shuningdek, xususiy tadbirkorlik yo‘lidagi barcha to‘siq hamda cheklovlarni bartaraf etish va pirovard natijada mamlakatimiz aholisining bandligi, hayot sifati hamda darajasini muttasil oshirish 2015-yilda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini yanada barqaror rivojlantirish borasidagi muhim vazifalardir.
O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi Davlat statistika qo‘mitasi