O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot
2014-yil 21-oktabrda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga hamda 2014-yilning 17-yanvarida respublika Hukumati majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
2014-yil 21-oktabrda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga hamda 2014-yilning 17-yanvarida respublika Hukumati majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalash, mamlakatni rivojlantirishning belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga, shu jumladan, ishlab chiqarish, investitsiyalar, eksport hamda iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish dasturlarining prognoz parametrlariga erishishni ta’minlash, shuningdek, aholi bandligini, hayoti darajasi sifatini uzluksiz oshirish ishlarining natijalari har tomonlama ko‘rib chiqildi va chuqur tahlil qilindi.
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va modernizatsiyalashning qabul qilingan strategiyasining tizimli va izchil amalga oshirilishi tufayli jahon iqtisodiyoti rivojlanishida jiddiy tahdidlar va sustlashish mavjud ekanligiga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy mutanosiblik va iqtisodiyot o‘sishining barqaror yuqori sur’atlari ta’minlanayotganligi qayd etildi. Joriy yilning 9 oyida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 8,4 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi – 6,8 foizga, qurilish ishlari hajmi – 18,9 foizga o‘sdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.
Sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish va ichki talabni mutanosib rag‘batlantirish chora-tadbirlari iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarining – 11,3 foizga, chakana tovar aylanmasining – 14,2 foizga va pullik xizmatlarning – 11,1 foizga o‘sishini ta’minladi. Xizmatlar sohasi milliy iqtisodiyot o‘sishining muhim omillaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Joriy yilda suv kam bo‘lgan sharoitlarda dehqonlarning omilkorligi
va fidokorona mehnati, sug‘orish suvidan oqilona foydalanishni ta’minlash tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan mo‘l hosil yetishtirildi va yig‘ishtirib olindi. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash va qishloq aholi punktlari qiyofasini tubdan yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qishloqdagi sifat o‘zgarishlarini ta’minlamoqda. Uy-joy qurishning yangi qishloq massivlarida namunaviy loyihalar bo‘yicha 10830 ta yakka tartibdagi uy foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda qabul qilingan farmoni va qarori talablarini amalga oshirishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kichik biznesning 20,2 mingta yangi subyektini tashkil etishga ko‘maklashdi. Kichik biznes ulushi sanoatda 2013-yilning 9 oyidagi 27,9 foizdan joriy yilda 31,1 foizgacha, o‘zlashtirilgan investitsiyalar – 32,2 foizdan 33,2 foizgacha va bandlikda 76 foizdan 76,5 foizgacha o‘sdi.
Kichik biznes subyektlariga 224 ta davlat aktivlari sotildi, 23 mingta foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari ijaraga berildi. Tijorat banklari tomonidan umumiy summasi 7,3 trillion so‘m yoki 2013-yilning 9 oyidagiga qaraganda 1,3 baravar ko‘p kreditlar va mikrokreditlar berildi. Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining 99 foizi soliq hisobotlarini, 94,7 foizi statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirmoqdalar. Yuk bojxona deklaratsiyalarining 98 foizidan ortig‘i elektron usulda rasmiylashtirilmoqda.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish masalalari respublika Hukumatining doimiy diqqat-e’tiborida, joriy yilning 1-sentabridan boshlab byudjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdorlari 1,12 baravar oshirildi.
"Sog‘lom bola yili" Davlat dasturi doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilishni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 4,2 trillion so‘m va 200 million dollar yo‘naltirildi.
Vazirlar Mahkamasi majlisida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oldiga iqtisodiyotni va uning tarmoqlarini, respublika hududlarini rivojlantirishning 2014-yil uchun belgilangan prognoz parametrlariga erishishni so‘zsiz ta’minlashni, shuningdek, keyingi yillarda o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini saqlab qolishni nazarda tutgan holda o‘sishning barcha mavjud manbalarini safarbar qilish, islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi yo‘lida to‘siq bo‘layotgan muammolarni hal etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlarining alohida e’tibori buyurtmalar portfelini o‘z vaqtida shakllantirish, eng avvalo VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi, shuningdek, tarmoq va hududiy yarmarkalari o‘tkazilishi davomida 2015-yilgi ishlab chiqarishning prognoz hajmlari uchun xomashyo va materiallar xarid qilish yuzasidan shartnomalar tuzilishi zarurligiga qaratildi.
Majlisda muhim ustuvor vazifa sifatida Investitsiya dasturi bajarilishini va 2014-yilda nazarda tutilgan ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlari foydalanishga topshirilishini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijalarini har tomonlama tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Sanoat tarmoqlarini, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish va modernizatsiyalash yuzasidan faol investitsiya siyosati amalga oshirilishi asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar 10,7 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish – 22,3 foizga o‘sishiga ko‘maklashganligi alohida ta’kidlandi. 2715 ta yangi ishlab chiqarish obyektlari foydalanishga topshirildi, yuqori texnologik va zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha 105 ta muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish tugallandi.
Jumladan, 700 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “Jizzax viloyatida portlandsement va oq sement ishlab chiqarishni tashkil etish”, ishlab chiqarishni 716 ming tonnagacha ko‘paytirgan holda “Fosforit xomashyosini boyitish bo‘yicha mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish”, Xorazm viloyatida 80 mingta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “Engil avtomobillarning “Damas” va “Orlando” modellarini ishlab chiqarishni tashkil etish” singari loyihalar bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlari bo‘yicha qariyb 720 milliard so‘m o‘zlashtirildi.
Ushbu masalani muhokama qilishda ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va qoloqlik uchun bir qancha xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlari faoliyati tanqid qilindi. Ular oldiga kamchiliklarni bartaraf etish va qoloqlikning o‘rnini to‘ldirish, amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari bo‘yicha obyektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirishni ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Majlisda iqtisodiyotdagi o‘zaro hisob-kitoblarning holati, shuningdek, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi batafsil tahlil qilindi. 141 ta zarar ko‘rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish natijasida joriy yilning 9 oyida 119 ta korxona zarar ko‘rib ishlashdan chiqarildi.
Muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va byudjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha respublika komissiyasiga Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat soliq qo‘mitasi, xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda ayrim tarmoqlarda va yirik korxonalarda muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni tubdan qisqartirishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi.
Majlisda mahsulotlarni eksport qilish hajmlarini ko‘paytirish va turlarini oshirish, eksportning 2014-yilda nazarda tutilgan prognoz parametrlariga erishishni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini har tomonlama tahlil qilishga e’tibor qaratildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar – eksport qiluvchilar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, tashqi bozorlarda ular mahsulotlarining raqobatbardoshliligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli mahalliy eksport mahsulotlarining asosiy turlariga narxlar noxush o‘zgarib turganligiga qaramay, joriy yilning o‘tgan 9 oyida tashqi savdo aylanmasining salmoqli ijobiy saldosi tendensiyalarini saqlab qolish ta’minlandi.
Yil boshidan boshlab eksport hajmi 332 million dollarlik 322 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, 172,2 million dollarlik tovarlarning 143 ta yangi turlarini eksport qilish o‘zlashtirildi. Ushbu davrda o‘zbek eksport qiluvchilari o‘z mahsulotlarini ilk bor 51 ta davlatga yetkazdilar.
Xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi rahbarlarining e’tibori eksportga yetkazib berilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirishning mavjud zaxiralarini aniqlash va safarbar etish ishlarini kuchaytirish zarurligiga qaratildi.
Iqtisodiyot vazirligiga, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga manfaatdor xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda respublikaga zamonaviy bo‘lmagan, ma’naviy eskirgan va istiqbolsiz asbob-uskunalar keltirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, import bo‘yicha olib kelinadigan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini tubdan oshirish yuzasidan takliflar tayyorlash va kiritish topshirildi.
Aholi bandligini oshirish masalalari majlis qatnashchilarining diqqat-e’tibori markazida bo‘ldi. 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining tizimli amalga oshirilishi natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 777,8 mingta yangi ish o‘rinlari, shu jumladan, 465 mingtasi yoki 59,8 foizini qishloq joylarda tashkil etish ta’minlanganligi qayd etildi.
Muhokama davomida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish ishlarini tashkil etishdagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun respublikaning bir qancha tumanlari hokimlari faoliyati qattiq tanqid qilindi. Ular oldiga kamchiliklarni bartaraf etish va kasb-hunar kollejlarining barcha bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun yangi doimiy ish o‘rinlarini qo‘shimcha ravishda tashkil etishni ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari, tijorat banklari, xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlariga yangi ish o‘rinlari tashkil etishning 2014-yil uchun belgilangan parametrlarini bajarish hamda joriy yilda kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlarni to‘liq ishga joylashtirishni ta’minlash uchun amaliy chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Tegishli vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari rahbarlarining e’tibori aholining hayot darajasi va sifatining doimiy monitoringi va tahlilini ta’minlash zarurligiga, shuningdek, ular uchun mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov tomonidan Andijon viloyati fermerlari va aholisi bilan uchrashuvlar chog‘ida belgilab berilgan vazifalarga muvofiq munosib hayot sharoitlari yaratilishiga qaratildi.
Vazirlar Mahkamasi majlisida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar rahbarlarining iqtisodiyot tarmoqlari, uy-joy fondi, ijtimoiy soha obyektlarini va ishlab chiqarish infratuzilmasini kuz-qish davriga tayyorlash ishlarini, shuningdek, bo‘lajak kuz-qish davriga meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshka g‘amlashni tugallash to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.
Ushbu masalani muhokama qilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz” kompaniyalari, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, bir qancha vazirliklar va idoralar rahbarlarining e’tibori iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va turar-joy fondining 2014-2015-yillar kuz-qish davriga tayyorligi va barqaror faoliyat ko‘rsatishi, shu jumladan, gaz-transport va energiya bilan ta’minlaydigan obyektlar barqaror ishlashini, tabiiy gaz, ko‘mir va elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash uchun shaxsan mas’ul ekanliklariga qaratildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy turlarini va kartoshkani zarur hajmlarda g‘amlashni tugallashni jadallashtirish hamda meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshka narxining ichki bozorda keskin o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazarda tutgan, talab va narxlar kon’yunkturasini hisobga olgan holda ularning zaxiralari aholiga sotish uchun savdoga tizimli qo‘yilishini ta’minlash topshirildi.
Majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi komplekslari, respublika vazirliklari, idoralari, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalari va viloyatlar hokimliklarining rahbarlari so‘zga chiqdilar. Respublika Hukumati majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Ularda 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash va kelgusida respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun ishonchli kafolatlar yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.