O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqi
Muhtaram Yencha janoblari! Qadrli Mogerini xonim! Hurmatli tashqi ishlar vazirlari, xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik missiya rahbarlari, konferensiya ishtirokchilari!
Muhtaram Yencha janoblari!Qadrli Mogerini xonim!
Hurmatli tashqi ishlar vazirlari, xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik missiya rahbarlari, konferensiya ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaning barcha ishtirokchilari va mehmonlarini saxovatli O‘zbekiston zaminida, qadimiy Samarqand shahrida samimiy qutlayman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va shaxsan Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblariga mazkur forumni o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Ushbu zalda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston, Afg‘onistondan tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar vakillarini ko‘rib turganimdan mamnunman.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Bugungi Forumning nechog‘li muhim va dolzarbligi uning “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” deb nomlanishidan ham yaqqol ko‘rinib turibdi.
Bizning mintaqamiz xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bog‘lab turadi. Bizni tarix, din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi.
Yevroosiyoning “yuragi”da joylashgan mintaqamiz Yevropa va Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik bo‘lib, Rossiya va Xitoy singari yirik davlatlar bilan chegaradoshdir.
Mintaqamiz tabiiy resurslarga boy, bu yerda ko‘plab mamlakatlar va butun mintaqalar rivojiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot salohiyati mavjud.
Ayni paytda Markaziy Osiyoda qudratli davlatlarning manfaatlari kesishmoqda, beqarorlik va qarama-qarshilik o‘choqlariga tutash bo‘lgan ushbu mintaqa yaqin va uzoq xorijda ro‘y berayotgan barcha salbiy jarayonlar ta’sirini his etmoqda.
Tabiiy savol tug‘iladi: mintaqada vaziyat qanday rivojlanadi?
Bu yerda qanday kuch ustun keladi – nizo va qarama-qarshiliklarmi yoki hamkorlik va taraqqiyotmi?
Umumiy aholisi 70 milliondan ortiq bo‘lgan mintaqamizning kelajagi bugungi kunda Markaziy Osiyoning har bir davlati tomonidan barpo etilmoqda.
Bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, amaliy hamkorlikka tayyorlik va unga astoydil intilish, shuningdek, barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajak uchun mas’uliyatni his etishi mintaqaning barqaror rivojlanishi va farovonligining mustahkam poydevori va kafolatidir.
O‘zbekiston bahsli masalalarni tezroq hal qilish va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash tarafdoridir.
Davlatlarimiz aynan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida o‘z salohiyatini yanada samarali amalga oshira oladi.
Ishonchim komil, bundan barcha – Markaziy Osiyo davlatlari ham, boshqa mamlakatlar ham birdek manfaat ko‘radi.
Bizning bosh maqsadimiz – umumiy sa’y-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdan iborat.
Buning uchun biz turli nizolarni qo‘zg‘aydigan va unga ko‘maklashadigan sabab va omillarga birgalikda barham bermog‘imiz, umummintaqaviy ustuvor manfaatlarni inobatga olish asosida milliy rivojlanishni ta’minlamog‘imiz zarur.
Biz bugun taraqqiyotimizning umumiy ustuvor yo‘nalishlarini anglagan holda, chegara, suvdan foydalanish, transport va savdo singari o‘tkir mintaqaviy masalalarni yechish bo‘yicha oqilona murosa yo‘lini izlamoqdamiz.
Bugungi konferensiya doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston tomonidan Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi hududi haqida shartnoma imzolandi.
Ushbu shartnoma muddatsiz bo‘lib, denonsatsiya qilinmaydi, u uch qo‘shni davlat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
So‘nggi paytda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z chegaralarining 85 foizi yuzasidan kelishuvga erishdi. Ko‘pdan buyon davom etib kelayotgan muammolardan biri deyarli hal etildi.
Transport sohasidagi hamkorlik kengaydi. Tojikiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda, madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlar faollashmoqda.
Shu bilan birga, qo‘lga kiritilgan dastlabki natijalardan xotirjamlikka berilishimiz mumkin emas, biz hali yo‘lning boshida turibmiz, deb hisoblayman.
Munosib kelajakni ta’minlash uchun bugun biz qanday aniq vazifalarni bajarishimiz muhim va zarur?
Birinchidan, bu savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda kooperatsiyani mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratishdir.
Mintaqaviy iqtisodiy forumni tashkil etish bu yo‘nalishdagi amaliy qadam bo‘lishi mumkin.
Bu o‘rinda gap biznes hamjamiyatlari o‘rtasida bevosita muloqot va o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va innovatsion hamkorlik borasidagi aniq loyihalarni atroflicha muhokama qilish haqida bormoqda.
Bizning mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda yetakchi korxonalar vakillari bilan bir necha bor o‘tkazgan uchrashuvlarimiz iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish imkonini berdi.
Masalan, yil boshidan buyon O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 20 foizga, ayrim davlatlar bilan esa qariyb 70 foizga o‘sdi.
Mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo davlatlarining hududlar rahbarlari (hokimlari) biznes hamjamiyatining assotsiatsiyasini ta’sis etishni taklif qilaman.
BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi samarali kooperatsiya aloqalari 10 yil mobaynida mintaqaviy yalpi ichki mahsulotni kamida ikki barobar oshirish imkonini bergan bo‘lar edi.
Ushbu mexanizmlar butun Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta’minlagan holda, mamlakatlarimiz hududlarining sanoat, investitsiya va intellektual sohalardagi salohiyatini to‘la ishga solish imkonini berishiga ishonaman.
Ikkinchidan, mintaqaning tranzit-logistika salohiyatidan yanada samarali foydalanish va transport infratuzilmasining jadal rivojlanishini ta’minlash lozim.
Bu yo‘nalishda mintaqa mamlakatlari tomonidan amaliy qadamlar qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etishni istardim.
Turkmanistonlik do‘stlarimiz tomonidan Amudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir va avtomobil yo‘llari ko‘priklari ishga tushirildi. U O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon transport-tranzit yo‘nalishining muhim tarmog‘idir.
Tez orada O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek, ushbu transport yo‘lagi bo‘ylab sinov tariqasidagi avtopoyga amalga oshirildi.
Shu munosabat bilan Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha umummintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz.
Umumiy yondashuvlarimizni kelishib olish uchun biz 2018-yilda Toshkentda “Markaziy Osiyo xalqaro transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Konferensiyaning ishida barcha sheriklarimiz faol ishtirok etishiga umid qilamiz.
Uchinchidan, bu – Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashdir.
Bugungi kunda mintaqaning barcha mamlakatlari terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotrafik tahdidlariga duch kelmoqda.
Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashishni faqat birgalikda, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlari doirasida ta’minlash mumkin.
Xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yaxlit xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarur, degan qat’iy fikrdamiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqaviy xavfsizlik muammosini, avvalo, preventiv diplomatiya usullaridan foydalangan holda hal qilishda muhim o‘rin tutishi lozim.
Shuningdek, MDH, ShHT, YeXHT va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar mexanizmlari doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash zarur.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda barqaror va izchil taraqqiyotning istiqbollari qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bilan chambarchas bog‘liqdir.
Birinchi galdagi vazifalardan biri Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishiga har tomonlama ko‘maklashishdan iborat.
Bu dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga g‘oyat muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston bundan keyin ham bu qo‘shni mamlakatni iqtisodiy jihatdan tiklash, uning transport va energetik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlar tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etishini ta’kidlamoqchiman.
Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishi – ekstremistik g‘oyalarga qarshi qat’iy kurashishdan iboratdir. Ko‘pincha hayotga endi qadam qo‘yayotgan yoshlar uning ta’siriga tushib qolmoqda.
Markaziy Osiyo – aholining yoshi bo‘yicha eng “yosh” mintaqalardan biridir: bu yerda aholining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadi va bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqoridir.
Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yaqinda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan sessiyasida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish hamda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi.
Ushbu tashabbuslarni Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari qo‘llab-quvvatlagani yoshlar o‘rtasida radikal qarashlar tarqalishining oldini olish, to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularni sog‘lom hayotga qaytarishga tayyorligimizning amaldagi yaqqol ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Bizning tajribamiz shuni ko‘rsatmoqdaki, birinchi galda yoshlarni ilm-ma’rifatga o‘rgatish, ularga islom dinining insonparvarlik mohiyati, islom madaniyatining asl qadriyatlarini yetkazish ekstremizmga qarshi kurashishning eng samarali vositasi hisoblanadi.
Bu borada biz Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etishga qaror qildik.
To‘rtinchidan, bu – davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini tezda va uzil-kesil yakuniga yetkazishdir.
Biz chegaraoldi muammolarini hal etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘lida mustahkam poydevor yaratamiz.
Biz davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi muzokaralarda yuzaga keladigan murakkab masalalarni hal etish bo‘yicha izchil yo‘lga qo‘yilgan va birgalikda chuqur o‘ylab amalga oshirayotgan ishlarimizni davom ettirish zarur, deb hisoblaymiz.
Biz oqilona murosa va o‘zaro teng almashinuv asosida, o‘zaro manfaatlarimizni hisobga olgan holda, bu o‘ta dolzarb muammoni tez orada hal etamiz, deb ishonaman.
Beshinchidan, mintaqada suv resurslaridan adolatli foydalanish muammosini imkon qadar tezroq tartibga solish lozim.
Ishonchim komil, mazkur masalalarni hal etishda mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga oladigan xalqaro huquqiy me’yorlar asosida ish olib borish kutilgan samarani beradi.
O‘zbekiston BMT tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Orol dengizining ekologik halokati bilan bog‘liq eng o‘tkir muammolarni hal etish ham sa’y-harakatlarimizni birlashtirishni talab etadi. Orol muammosi bizning nafaqat umumiy dardimiz, balki umumiy vazifamizdir.
Mintaqaviy va xalqaro darajada say’-harakatlarimizni birlashtirmasdan turib, ushbu tahdidlarga qarshi munosib choralar ishlab chiqa olmaymiz.
Biz Orolbo‘yida yuzaga kelgan dolzarb muammolarni hal etish, shuningdek, ijtimoiy muhim ahamiyatga molik loyiha va dasturlarni amalga oshirishga donorlik ko‘magini jalb etish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasining barcha davlatlari faoliyatini yanada faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Oltinchidan, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash lozim.
Bu Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikni jadallashtirishning asosiy shartlaridan biridir.
Shu nuqtai nazardan, biz faol madaniy-gumanitar muloqotni davom ettirish, mamlakatlarimizda madaniyat kunlari va turli ijodiy tadbirlarni muntazam tashkil etish, ta’lim va sayyohlik sohasidagi almashuvlarni “xalq diplomatiyasi”ning eng muhim vositasi sifatida rivojlantirish tarafdorimiz.
Oddiy va ochiq insoniy muloqot – mintaqada do‘stlik, hamjihatlik va barqarorlik muhitini mustahkamlaydigan eng ishonchli usuldir.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Markaziy Osiyodagi dolzarb masalalarni mamlakatlarimizning sa’y-harakatlarini umumiy mas’uliyat tamoyili asosida birlashtirish orqaligina hal etish mumkin, degan fikrimga, o‘ylaymanki, sizlar ham qo‘shilasiz.
Yuqorida qayd etilgan vazifalarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining o‘zaro maslahatlashuvlari bo‘yicha uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish imkonini yaratgan bo‘lar edi.
Bizning bu boradagi yondashuvlarimiz bugungi kunda mintaqada umumiy muammolarni hal etishning yo‘llarini birgalikda izlab topishga real zarurat mavjud ekanini anglashdan kelib chiqqan yondashuvdir.
Bu yondashuv Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining bayonotlarida ham o‘z ifodasini topgan.
Bu o‘rinda gap Markaziy Osiyoda yangi xalqaro tashkilot tuzish yoki o‘z ustavi va milliy davlat organlaridan ustun turadigan integratsiyalashuv sohasida qandaydir tuzilma tashkil etish haqida ketmayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Mintaqaviy muloqotlarimiz faqat mintaqamiz taraqqiyotiga oid hal qiluvchi masalalar yuzasidan faoliyatimiz yo‘nalishlarini kelishib olishga yo‘naltiriladi.
Bugungi konferensiyamiz yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga doir maxsus rezolutsiya qabul qilish haqida murojaat qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz.
Bunday rezolutsiyaning qabul qilinishi BMT va butun xalqaro hamjamiyat tomonidan amaliy muloqotni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va mintaqadagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish borasida bizning davlatlarimiz olib borayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lur edi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Markaziy Osiyo – bu haqiqatdan ham noyob imkoniyatlar va hali ishga solinmagan ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega bo‘lgan mintaqadir.
Mintaqada mustahkam taraqqiyot, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash – bizning to‘liq erisha oladigan mushtarak vazifamizdir.
Hech shubhasiz, bugungi konferensiyamiz ana shu ezgu maqsadga erishish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘lib, hal qiluvchi ahamiyatga ega vazifalarni amalga oshirish, barchamizning “Markaziy Osiyo” deb ataladigan umumiy diyorimizda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan, hayotning o‘zi talab qilayotgan yangi g‘oya va takliflarni ilgari surishga xizmat qiladi.
Forumning barcha ishtirokchilari va mehmonlari ish faoliyati samarali bo‘lishini, azim Samarqand shahrida ularga yaxshi kayfiyat yor bo‘lishini tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.