O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Muhtaram Prezident janoblari!Kecha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun ilk ikki loyihani bir ovozdan tasdiqlaganini Sizga ma’lum qilishdan g‘oyatda mamnunman. Bu O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichida muhim voqea bo‘ldi. Darhaqiqat, joriy yil mart oyida Toshkent shahrida Siz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv va O‘zbekiston hukumati bilan Anglashuv memorandumi imzolanganidan so‘ng bankimiz vakillari tezkorlik bilan qator sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lgani meni quvontiradi. Ishonchim komilki, bu YeTTBning O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlikdan manfaatdor ekani va bankimiz Sizning tashabbusingiz bilan amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashining ishonchli tasdig‘idir.
Yuqorida zikr etilgan ikki loyiha kichik va o‘rta biznes, savdoni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Milliy bankiga ajratiladigan 100 million dollar qiymatidagi kredit liniyasi, shuningdek, meva sharbati ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Agromir" xususiy kompaniyasiga ajratiladigan 10 million dollarlik zayomdan iboratdir. Har ikki loyiha Siz va hukumatingiz bilan kelishilgan ustuvor yo‘nalishlarga to‘la mos keladi. Ushbu loyihalar bank tarmog‘i, kichik va o‘rta tadbirkorlik, agrobiznesni mustahkamlash orqali mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadi. Hozirgi vaqtda mutaxassislarimiz moliya, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarida, shuningdek, joylardagi infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab qo‘shimcha sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqmoqda. Biz "Kichik biznes uchun maslahatlar" dasturini ham ishga tushirdik. Ushbu dastur doirasida birinchi loyihalar boshlab yuborilgan. Bundan tashqari, mamlakatingiz bilan Hamkorlik strategiyasining dastlabki ishlanmalarini yakunlash arafasidamiz. Strategiya bo‘yicha delegatsiyamiz YeTTBning O‘zbekistondagi uzoq istiqbolga mo‘ljallangan faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini kelishib olish uchun kelasi yil boshida hukumatingiz vakillari bilan uchrashishiga umid qilamiz.
Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor bildirishni istardim. Bu YeTTB birinchi vitse-prezidenti Fil Bennett va tavakkalchiliklar bo‘yicha vitse-prezident Betsi Nelsonning noyabr oyi boshida Toshkentga bo‘lajak tashrifi davomida ham o‘z ifodasini topadi. Ushbu tashrif doirasida vakillarimiz YeTTBning Toshkentdagi vakolatxonasini rasmiy ravishda ochadi, hukumatingiz vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazadi, shuningdek, 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va izchil taraqqiyot masalalari bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etadi.
So‘zim oxirida Sizning rahnamoligingizda O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorligimiz rivojlanayotgani uchun chuqur minnatdorlik izhor qilaman. Hamkorligimizni yanada mustahkamlash maqsadida kelasi yil O‘zbekistonga borishga umid qilaman.
Samimiyat bilan,
Suma Chakrabarti,
Yevropa tiklanish va taraqqiyot
banki prezidenti