O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Janobi Oliylariga
“O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish imkoniga ega bo‘lganim uchun O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildiraman.
“O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish imkoniga ega bo‘lganim uchun O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildiraman.Sizni va O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligini yuksak saviyada tashkil etilgan ushbu nufuzli anjuman muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabriklayman. Xalqaro ilmiy jamoatchilik g‘oyat foydali va muhim tashabbuslardan biriga aylangan bunday konferensiyani ko‘pdan buyon sabrsizlik bilan kutgan edi. Forum dunyo mamlakatlari ilm-fan vakillarini Markaziy Osiyo olimlarining ulkan ilmiy va tarixiy merosining hali ochilmagan sahifalarini o‘rganish maqsadida bir joyga to‘pladi.
Siz o‘zingizning teran ma’noli ilmiy nutqingizda mening ilmiy faoliyatimni lutfan eslab o‘tdingiz. Bu men uchun katta sharafdir. Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonni o‘rganishga bag‘ishlangan yarim asrlik faoliyatim davlat rahbari tomonidan e’tirof etilgani va yuksak baholanganidan men nihoyatda mamnunman va buning uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Boy o‘tmishga ega va bugun taraqqiy etib borayotgan buyuk mamlakatingiz butun Osiyo dovrug‘ini keng yoyishga ulkan hissa qo‘shgan va qo‘shmoqda. Hind xalqining buyuk farzandi Javoharla’l Neru Sharq Renessansi haqida gapirganda har doim Markaziy Osiyoni nazarda tutgan. O‘z faoliyatini 1969-yildan buyon Markaziy Osiyo va O‘zbekiston bilan bog‘lagan olim sifatida ushbu mintaqa ilm-fani va madaniyati doimo meni maftun etib keladi. Markaziy Osiyo allomalari va mutafakkirlarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan bebaho hissasini o‘rganish va qayta tiklashga o‘zimning arzimas ulushimni qo‘shganimdan baxtiyorman.
Markaziy Osiyo haqida 230 ilmiy maqola va 15 kitobim chop etilgan. Ayni paytda Markaziy Osiyo to‘g‘risidagi Qisqacha ensiklopediya ustida olib borayotgan ishimni nihoyasiga yetkazish arafasidaman. Siz O‘zbekistonda buyuk ajdodlaringiz merosini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga rahnamolik qilayotganingiz har qancha tahsinga sazovordir, bu meni ham yangi-yangi ilmiy izlanishlarga ruhlantiradi. Sizning g‘amxo‘rligingiz va e’tiboringiz bizning Markaziy Osiyoni yanada chuqur o‘rganishga qaratilgan ishlarimizga yangi kuch bag‘ishlamoqda. Zero, o‘z ajdodlari va olimlarini qadrlagan davlat, albatta, ravnaq topadi.
O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan ayrim kitoblarimni Sizga chuqur hurmat va ehtirom bilan taqdim etish men uchun katta sharafdir. Mening fikrlarimni Muhammad Iqbolning quyidagi satrlari yanada yorqinroq ifodalashi mumkin:
O‘zimda ne bo‘lsa borini berdim,
Siz yaxshi bilasiz buning qadrini.
Ezgu tilaklar bilan,
Mansura Haydar,
professor, Indira Gandi nomidagi
milliy madaniyat markazining ilmiy rahbari.
Dehli