O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot
Toshkent shahrida 2015 yil 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.
Toshkent shahrida 2015 yil 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlisining birinchi kunida senatorlar tomonidan 10 ta masala ko‘rib chiqildi. Ularning 7 tasi sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, investitsiya va ishchanlik muhitini yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sud-huquq sohasini takomillashtirish, fuqarolar sog‘lig‘i asralishini, axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonunlardir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama etish chog‘ida senatorlar alohida ta’kidlaganidek, qabul qilingan qonunlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Oliy Majlis Senatining 2015-yil 22-yanvarda o‘tkazilgan birinchi majlisidagi nutqida hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 16-yanvarda bo‘lib o‘tgan mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzalarida bayon etilgan vazifalarning ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashadi.
Senatorlar ishni «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrda qabul qilingan «2011 – 2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi qarorini ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlamentning quyi palatasiga kiritilgan.
«Umumiy foydalanishdagi havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilarining majburiy shaxsiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi amaldagi qonunning o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha turdagi transport vositalarida tashuvlar amalga oshirilayotganda yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish orqali kafolatli ravishda qoplashga qaratilganligi qayd etildi.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi sug‘urta bozori va transport infratuzilmasini rivojlantirishga, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan yangi tahrirdagi «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlandiki, qonunning yangi qoidalari qimmatli qog‘ozlar emissiyasi bilan bog‘liq huquqiy tartib-taomillarni, shu jumladan, yangi moliyaviy vositalarni soddalashtirishga, ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Qonunda qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar tuzishda imtiyozlar va preferensiyalar belgilanmoqda, zamonaviy elektron texnologiyalarini keng joriy etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari nazarda tutilmoqda. Qonunda jahonning rivojlangan mamlakatlari tajribasi hisobga olingan holda qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyat olib borishga qo‘yilgan talablar, qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, shuningdek, ushbu sohada qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik shartlari va mexanizmlari qayta ko‘rib chiqilmoqda va belgilab berilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganlaridek, ushbu qonunning qabul qilinishi qimmatli qog‘ozlar bozoridagi investitsiya muhiti va ishchanlik muhitini, fond bozoridagi xizmatlar sifatini yaxshilashga, mulkdorlar sinfi o‘sishiga va aholi uchun daromadlar manbalarini ko‘paytirishga, shuningdek, investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun kapital, shu jumladan, chet el investitsiyalari oqib kelishiga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar yangi tahrirdagi «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonun Hukumatning 2014-yil 17-yanvarda bo‘lib o‘tgan 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan vazifalarni ro‘yobga chiqarish doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan.
Muhokama etish chog‘ida senatorlar ta’kidlaganlaridek, qonun elektron savdoga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilishning huquqiy mexanizmlarini yaratishga, bitimlar tuzish tartib-taomillarini yanada osonlashtirishga, elektron tijorat ishtirokchilari huquqlarining himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan bir qator muhim qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi tadbirkorlikni rivojlantirish va ishchanlik muhitini yaxshilash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilishini, elektron tijoratning yanada takomillashtirilishini ta’minlash imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Mazkur qonunning asosiy maqsadi sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq sohalariga oid amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat.
Ushbu qonunning asosiy qoidalarini ko‘rib chiqish chog‘ida senatorlar «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan qo‘shimchalarga alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu qo‘shimchalar viloyat, tuman va shahar hokimining mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisoboti xalq deputatlari Kengashi tomonidan har yili eshitib borilishini nazarda tutuvchi Konstitutsiyaning 103-moddasiga kiritilgan tuzatishlar doirasida kiritilmoqda.
Ta’kidlandiki, taklif etilayotgan qo‘shimchalar Vazirlar Mahkamasining, viloyatlarning tegishli majlislaridan so‘ng o‘tkaziladigan mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga bag‘ishlangan majlisida xalq deputatlari Kengashi tomonidan hokim hisobotini eshitishning huquqiy mexanizmini belgilab bermoqda. Bunda viloyat hamda Toshkent shahri hokimining hisoboti Vazirlar Mahkamasining majlisida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda, tuman va shahar hokimining hisoboti esa Vazirlar Mahkamasining, xalq deputatlari viloyat Kengashining majlislarida belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda muhokama etiladi.
Senatorlar viloyat, tuman va shahar hokimining hisobotini eshitishda Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari viloyat Kengashlari vakillarining ishtirok etishini, xalq deputatlari Kengashining qarorini qabul qilish mexanizmini nazarda tutuvchi normalarning muhimligini alohida ta’kidladilar. Xalq deputatlari Kengashining qarorida hokim va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligining kompleks tahlili hamda unga berilgan baho, uni yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar va takliflar, shuningdek, qaror ro‘yobga chiqarilishining borishi ustidan nazoratni ta’minlash chora-tadbirlari keltirilgan bo‘lishi kerak.
Senatorlarning fikricha, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilyotgan tuzatishlar hokimiyat vakillik organlarining nazorat funksiyalarini yanada kuchaytirishga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ochiqligini, mintaqani rivojlantirishga doir eng muhim masalalar muntazam ko‘rib chiqilishiga, hokimlar tomonidan hisobotlar berilayotganda takrorlanishlarni bartaraf etishga, hisobotlarning joylarda samarali muhokama etilishini uyushtirishga ko‘maklashadi.
Senatorlar amaldagi qonun hujjatlariga, jumladan, Fuqarolik protsessual kodeksiga, «Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Radiochastota spektri to‘g‘risida»gi, «Avtomobil transporti to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritilayotgan bir qator boshqa muhim o‘zgartish va qo‘shimchalarni ham ko‘rib chiqdilar. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar sug‘urta bozorini yanada takomillashtirish, sud jarayoniga elektron hujjatlar ayirboshlanishini joriy etish, fuqarolar sog‘lig‘ini asrash, axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonunlarni va mamlakatimiz Prezidentining qarorlarini ro‘yobga chiqarish doirasida tayyorlangan.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.
Senatorlar U.Muhammadiyevni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) etib saylash to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdilar. Mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ikkinchi yalpi majlisi ishining birinchi kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati