O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot
Toshkent shahrida 2015 yil 16-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Toshkent shahrida 2015 yil 16-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.Yalpi majlisning ikkinchi kunini senatorlar konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2014-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqishdan boshladilar. Qayd etildiki, hokimiyat ijro etuvchi tarmog‘ining faoliyati, xususan, Davlat byudjetining ijro etilishi ustidan parlament nazorati bosqichma-bosqich va tizimli kuchaytirib borilayotgan sharoitda Hisob palatasining bu boradagi professional faoliyati davlat mablag‘larini maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan Hisob palatasi faoliyati yakunlarini har tomonlama va kompleks tahlil qilish, zamonaviy talablar asosida uning faoliyati yanada takomillashtirilishi yuzasidan tavsiyalar va takliflar ishlab chiqish Oliy Majlis Senatining muhim vazifasidir.
Hisob palatasining 2014-yildagi faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida amalga oshirildi.
Ushbu vazifalarning samarali ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash maqsadida Hisob palatasining 2014-yildagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari Byudjet kodeksiga muvofiq Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish ustidan nazoratni tashkil etishdan, byudjet mablag‘laridan foydalanishning qonuniyligini, aniq maqsadga yo‘naltirilganligini va samaradorligini baholashdan, 2015-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlarini ekspertizadan o‘tkazishdan, shuningdek, berilgan vakolatlarga muvofiq boshqa nazorat tadbirlarini o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.
Hisobot yilida Hisob palatasi tomonidan byudjet mablag‘laridan foydalanishga doir 33 ta yo‘nalish bo‘yicha 149 ta obyektda nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Mintaqalarda aniqlangan moliyaviy qoidabuzarliklar va kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularning kelgusida takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish ustidan nazorat qilishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining rolini oshirish maqsadida mahalliy byudjetlarning ijro etilishini tekshirish natijalari xalq deputatlari Jizzax, Navoiy va Andijon viloyatlari Kengashlarining sessiyalarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari ishtirokida, tegishli vazirlik hamda idoralarning mas’ul xodimlari taklif etilgan holda batafsil muhokama qilindi.
Tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra Hisob palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot tariqasidagi xatlar hamda tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlariga ijro etilishi shart bo‘lgan taqdimnomalar kiritildi. Ushbu ma’lumot tariqasidagi xatlar va taqdimnomalarda yetkazilgan zararning qaytarilishini va o‘rni qoplanishini ta’minlash talabi bilan bir qatorda Davlat byudjetining daromadlarini ko‘paytirish va ularni sarf qilish samaradorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Hisobot yilida qilingan ishlar natijasida davlatning yoki xo‘jalik yurituvchi subyektlarning manfaatlariga yetkazilgan 81,5 milliard so‘mlik zararning o‘rni qoplanishiga erishildi.
Masalani muhokama etish chog‘ida senatorlar Hisob palatasi nazorat tadbirlarini kuchaytirish va samaradorligini oshirishga, moliyaviy huquqbuzarliklar sonini qisqartirish va kelgusida takrorlanishining oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Shuningdek, Davlat byudjetining ijro etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish sohasida Hisob palatasining Oliy Majlis bilan hamkorligini kuchaytirishga, shuningdek, Oliy Majlis Senatining nazorat-tahlil tadbirlariga Hisob palatasi vakillarini jalb qilishga doir aniq takliflar ham ishlab chiqildi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini ham tingladilar. Hisobotni muhokama etish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2014-yildagi faoliyati atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratining samaradorligini oshirishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati sohasida tarmoqlararo boshqaruvni kuchaytirishga, ekologiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilganligi qayd etildi.
Oliy Majlis Senatining O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti yakunlariga doir qarorini bajarish maqsadida qabul qilingan tadbirlar dasturiga muvofiq ushbu dasturning 11 ta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha 33 ta tadbir bajarildi.
Ekologik nazoratni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining asosiy vazifalaridan biri bo‘lgani holda 2014-yilda ekologik nazorat 2013-yilning oxirida qabul qilingan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq prinsipial jihatdan yangi sharoitlarda amalga oshirildi. Mazkur qonun, birinchi navbatda, nazorat qilish va monitoring qilishning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish, jamoatchilikni ushbu jarayonga keng jalb qilish, ushbu maqsadlarda ijtimoiy ekologik nazorat o‘tkazilishini aniq tartibga solish, davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini kuchaytirishga, shuningdek, tabiatdan foydalanuvchilarning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish uchun javobgarligini oshirishga doir samarali chora-tadbirlar hisobiga ekologik nazorat samaradorligining sifati oshirilishiga ko‘maklashdi. Senatorlar ushbu qonunning Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan bajarilishining borishini hamda ushbu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini batafsil muhokama etdilar.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashabbusiga ko‘ra 2014-yilda Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni tiklash sohasidagi 10 ta qarori qabul qilindi. Ushbu qarorlar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda jamoatchilikning faol ishtirokida ishlab chiqildi.
2013-2017 yillarda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturini, shuningdek, uning asosida qabul qilingan hududiy dasturlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi. Hisobot yili mobaynida 951 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt tekshirildi, 15 mingdan ortiq tezkor nazorat tadbiri o‘tkazildi. Sanoat korxonalarida tabiatni muhofaza qilishga doir tadbirlar o‘tkazilishi natijasida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi 7,0 tonnaga kamaydi.
Shuningdek, energiyaning qayta tiklanadigan manbalarini faol joriy etish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy muhim obyektlarda tabiatni muhofaza qilish mahalliy fondlarining mablag‘lari hisobidan quyosh batareyalarini o‘rnatish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Hisobotni muhokama etish chog‘ida senatorlar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining faoliyatini yanada takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha harakat dasturini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qo‘mita faoliyatining samaradorligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan samarali ekologik nazoratni amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish, ekologik turizmni va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan, ekologik xavfsizlikning transchegara tahdidlariga qarshi kurashish yuzasidan aniq taklif hamda tavsiyalar berdilar.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tegishli qarorlar qabul qildi.
Senatning ikki kunlik majlisi davomida mamlakatimizda demokratik, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va izchil chuqurlashtirish sohasidagi aniq vazifalarni hal qilishga, Asosiy qomusimizning nizomlarini amalda ro‘yobga chiqarishga, shuningdek, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirishga va ishchanlik muhitini oshirishga hamda insonlarning farovonligini yuksaltirishga qaratilgan 17 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati