O‘zbekiston hududidagi eng kichik maqbara haqida nima bilamiz?
Karmana shahridagi ushbu yodgorlik O‘rta Osiyo arxitekturasi tarixida muhim ahamiyatga ega.
Karmana shahridagi ushbu yodgorlik O‘rta Osiyo arxitekturasi tarixida muhim ahamiyatga ega. Zero, kichik inshootni eslatadigan bu mo‘jaz maqbara o‘n asrdan beri tarixning jonli guvohi sifatida qad rostlab turibdi. Maqbarada bir necha marta turli tarixiy ekspeditsiyalar tekshirish o‘tkazgani qayd etilmoqda. Jumladan, 1934 yilda Zarafshon arxeologiya ekspeditsiyasi olimlari tadqiqot olib borib, maqbara tashqi ko‘rinishining yon tomonidan sxemali rasmlarini tushirib olgan. 1942 yilga kelib, maqbara qurilishida bajarilgan uslublarni o‘rganishga harakatlar bo‘lgan, ammo bu ishlar oxiriga yetib bormagan, tadqiqotlar chala qolib ketavergan.
– Mir Said Bahrom maqbarasi noyob qurilma bo‘lib, O‘zbekiston hududidagi eng kichik maqbara hisoblanadi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Javlon Hasanov.– U X-XII asrlarga xos bo‘lib, Respublika muhofazasiga olingan noyob yodgorliklar sirasiga kiradi. Maqbara bir gumbazli, to‘rtburchak shaklida qurilgan. Yodgorlik bir necha bor ta’mirlanib dastlabki ko‘rinishini yo‘qotgan. Uning bosh fasadi 6x6 metr kvadrat shaklida bo‘lib, juda ustalik bilan bezatilgan, g‘ishtni turli usulda terilib, har xil geometrik shakldagi naqsh bezaklari, timsollar va kufiy usulidagi bitiklar bilan boyitilgan.
Tarixni varaqlaydigan bo‘lsak, Mir Said Bahromning tug‘ilgan va vafot etgan vaqti ma’lum emas. Bu zukko, aqlli, bilimli va o‘z navbatida, karomatli shaxsni mahalliy aholi juda ardoqlagan. Mir Said Bahrom haqidagi dastlabki ma’lumotlar XVIII-XIX asrlarda yashagan tarixchining “Samariya” asarida keltirilgan. Unda Mir Said Bahrom yetuk ulamo, din arbobi, taqvodor, karomatlar sohibi, komillikka erishgan avliyo bo‘lib, silsilasi bo‘yicha payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga borib taqaladi, deyilgan.
Shuningdek, Mir Said Bahrom Karmanadan o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li orqali Afg‘oniston, Eron hamda arab davlatlariga qatnab savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Mol-dunyosidan ko‘plab xayr-ehsonlar berib, obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan. U Islom ilmiy asoslari – fiqh, tarix ilmini puxta bilgan. Umrining oxirlarida tasavvuf yo‘liga o‘tib, sohibi karomatga aylangan. Shu yo‘l bilan avliyolik darajasiga yetishgan.
– Ma’lumotlarga ko‘ra, maqbara yonida qurilgan masjid 1960 yillarda buzib tashlangan, – deydi J.Hasanov. – Uning surati ayrim chizmalarda saqlanib qolgan. Qadimiy manbalarga asoslanib, 2012-2013-yillarda yodgorlik yonida o‘tmishda mavjud bo‘lgan keyinchalik buzilib ketgan masjid qayta tiklangan va hozirda ziyoratgoh sifatida foydalanilmoqda.
Hozirda yurtimizdagi noyob madaniy meros ob’ektlaridan biri sifatida Mir Said Bahrom maqbarasi Buyuk ipak yo‘li bo‘yidagi transchegaraviy madaniyat yodgorliklari nominatsiyasi bo‘yicha YuNESKOning ro‘yxatiga kiritilishi kutilmoqda.