O‘zbekiston – Hindiston: hamkorlik ufqi kengaymoqda
Hindiston infratuzilmani rivojlantirish uchun O‘zbekistonga 1 milliard dollar imtiyozli kredit ajratadi.
Hindiston infratuzilmani rivojlantirish uchun O‘zbekistonga 1 milliard dollar imtiyozli kredit ajratadi.
Mazkur taklifni mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shri Santosh Ja bildirdi.
– O‘zbekiston bilan hamkorligimizning muhim yo‘nalishlaridan biri – infratuzilmani rivojlantirish borasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga intilamiz, – dedi elchi Hindiston Milliy bayrami – Respublika kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda. – Ayni maqsadlarni amalga oshirish uchun Hindiston O‘zbekistonga 1 milliard dollar miqdorida imtiyozli kredit taklif etadi. Ushbu mablag‘ning bir qismi – 200 million dollar ajratilishi to‘g‘risidagi kelishuv 2019 yil yanvarida kuchga kirgan.
Hindiston tomoni mamlakatimizni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun grant ko‘rinishida yordam ajratish niyatini ham bildirgan. Hozirgi paytda O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan qator sohalarga tegishli loyihalar ko‘rib chiqilyapti.
– Yangilanishlarni boshidan kechirayotgan mamlakatlarimiz, albatta, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi, – deya so‘zini davom ettiradi Shri Santosh Ja. – O‘tgan yil sentabr oyida davlatlarimiz o‘rtasida hududlararo savdo to‘g‘risida bitim tuzish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganuvchi tadqiqot guruhini tashkil etish bo‘yicha Qo‘shma bayonot imzolandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirishga qaratilgan hamkorlikni ham kengaytiramiz.
Hindiston O‘zbekiston bilan yer usti transport tarmog‘ini rivojlantirish barobarida yangi havo yo‘llarini ochishga ham katta qiziqish bildirmoqda. Hozir mamlakatlarimiz o‘rtasida parvozlarni kengaytirish bo‘yicha ish olib borilyapti. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlar oqimi ko‘payishiga xizmat qiladi.