O‘zbekiston – hamkorlik uchun ishonchli mamlakat
Davlatimiz rahbari farmoyishiga muvofiq 5-6-noyabr kunlari mamlakatimizda o‘tkazilgan Xalqaro investitsiyaviy forumda chet el kompaniya va konsernlari, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarning rahbar va vakillari, olim va mutaxassislar ishtirok etdi. O‘zA muxbirlari anjuman qatnashchilarining fikrlari bilan qiziqdi.
Davlatimiz rahbari farmoyishiga muvofiq 5-6-noyabr kunlari mamlakatimizda o‘tkazilgan Xalqaro investitsiyaviy forumda chet el kompaniya va konsernlari, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarning rahbar va vakillari, olim va mutaxassislar ishtirok etdi. O‘zA muxbirlari anjuman qatnashchilarining fikrlari bilan qiziqdi.Li Xvan Sop, Koreya Respublikasi sanoat, savdo va tabiiy resurslar vazirining birinchi o‘rinbosari:
– O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi yetakchi mamlakat. O‘zbekiston iqtisodiyoti Prezident Islom Karimov rahnamoligida izchil va barqaror rivojlanmoqda. Jahonda hanuz davom etayotgan iqtisodiy inqirozga qaramay mamlakatingizda yalpi ichki mahsulot o‘sishi so‘nggi yillarda muntazam sakkiz foizdan yuqori bo‘layotgani ham buni yaqqol tasdiqlaydi. O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy jabhada izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston – Koreya Respublikasining mintaqadagi eng yirik savdo sherigidir.
Janubiy koreyalik ko‘plab kompaniyalar mamlakatingizda erkin va muvaffaqiyatli biznes yuritmoqda, bu yerda amalga oshirilayotgan yirik va istiqbolli loyihalarda faol qatnashmoqda. O‘zbekistonga sarmoya kiritish imkoniyatlari juda yuqori, eng asosiysi, O‘zbekiston ishonchli mamlakat. Zotan, o‘zaro hurmat va ishonch hamkorlikni rivojlantirishning muhim asosi hisoblanadi.
Xose Maria de Oriol Fabra, “Talgo” kompaniyasi bosh ijrochi direktori (Ispaniya):
– Muhtasham Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiyaviy forumning ochilishida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bosqichlari, mamlakatingizda mustaqillik yillarida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini tubdan isloh qilish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va erishilgan ulkan yutuqlar haqida ko‘plab qiziqarli va muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
O‘zbekiston bilan bir necha yildan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz. “Talgo” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi mamlakatingiz temir yo‘llarida o‘zini to‘liq oqlaganidan juda mamnunmiz. Ayni paytda o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan faol hamkorligimizni yanada kengaytirish maqsadida o‘zaro foydali muzokaralar olib bormoqdamiz.
O‘zbekistonda boshqa sohalar qatori transport va transport kommunikatsiyalari, jumladan, temir yo‘l tarmog‘i jadal rivojlanmoqda. Bu omil aholi farovonligini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistondagidek ishonchli sheriklar bilan hamkorlik qilish bizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Kelgusida birgalikda qator istiqbolli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish niyatidamiz.
Choudxuari Singx, «Kay Pee Exports» kompaniyasi boshqaruvchi direktori (Hindiston):
– O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqingiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotir. Mamlakatingizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari xususiy tadbirkorlikni, xususan, to‘qimachilik, ko‘nchilik kabi sohalarni rivojlantirish, bu borada tadbirkorlarga ko‘plab imtiyozlar yaratishga katta e’tibor qaratilayotir. Shu bois O‘zbekiston bilan ko‘nchilik sohasida hamkorlik qilmoqchimiz. Mamlakatingizda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ochish niyatidamiz.
O‘zbekistonda kimyo sanoati ham jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatingiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan turli mineral o‘g‘itlar, noorganik moddalar, kimyoviy reagentlar, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, defoliantlar kabi mahsulotlar yuqori sifati bilan ajralib turadi. O‘zbekistondan Hindistonga mineral o‘g‘itlar eskport qilishni ham rejalashtiryapmiz. Xalqaro forum bizga O‘zbekistonning turli sohalardagi taraqqiyoti, ishlab chiqarish sanoati bilan yaqindan tanishish imkonini berganidan xursandmiz.
Martin Vojur, «Alstom» kompaniyasi bosh direktori (Fransiya):
– O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal va barqaror rivoji mamlakat tanlagan taraqqiyot modelining hayotiy va samarali ekanligini isbotladi. Bu natijalar iqtisodiy o‘sish sur’ati, makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotni tarkibiy yangilash va diversifikatsiya qilish, izchil jalb qilinayotgan xorijiy sarmoya miqdorida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Dunyoda hamon davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida O‘zbekistonda yuksak iqtisodiy ko‘rsatkichlar barqaror saqlab qolingani va yalpi ichki mahsulot o‘sishi so‘nggi yillarda 8 foizdan oshayotgani e’tiborga molikdir. Bunday iqtisodiy barqarorlikka va yuksalishga erishish katta mehnat va o‘ta mas’uliyatli yondashuvni talab etadi.
O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, iqtisodiyotning barcha sohalari, jumladan, transport va transport kommunikatsiyalari tizimini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda va ular yuksak samaralar bermoqda. Mamlakatingizda xorijlik ishbilarmonlar uchun yaratilgan keng sharoit va imtiyozlar g‘oyat ahamiyatlidir. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan temir yo‘l mashinasozligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladik. Unga ko‘ra, mamlakatingizda hamkorlikda elektr dvigatellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ochish niyatidamiz.
Martin Spatx, «ECN» kompaniyasi bosh maslahatchisi (Niderlandiya):
– O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlarning faol va erkin ish yuritishi uchun juda keng qulayliklar yaratilgan. Turli imtiyoz va imkoniyatlar hamda qonun bilan kafolatlangan preferensiyalar niderlandiyalik biznesmenlarning ham hamkorlikka qiziqishini kuchaytirmoqda.
Kompaniyamiz energetika sohasida tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan. O‘zbekiston muqobil energetika sohasida ulkan salohiyatga ega ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatingiz iqlimi quyosh energiyasidan foydalanishda juda qo‘l keladi. O‘zbekistonda quyoshli kunlar bir yilda o‘rtacha 320 kun bo‘lishi quyosh energiyasidan foydalanishda ulkan imkoniyatdir.
O‘zbekistonda muqobil energetika sohasida faoliyat yuritayotgan institutlarda olib borilayotgan tadqiqotlar va ilmiy-texnik yutuqlar bilan tanishdik. Toshkentdagi Xalqaro quyosh energiyasi institutida bo‘ldik. Ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan institutda o‘tkazilayotgan ilmiy tadqiqotlar samaralari O‘zbekiston iqtisodiyotining ko‘plab tarmoq va sohalarida keng joriy etilayotgani diqqatga sazovor. O‘zbekistonlik mutaxassislar bilan quyosh energiyasidan samarali foydalanish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga kelishdik.
Marek Klochko, Polsha savdo palatasi vitse-prezidenti, bosh direktori:
– O‘zbekiston – Polshaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlaridan. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarimiz ko‘plab sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy yo‘nalishlarda ham izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatingiz bilan boshqa ko‘plab yo‘nalishlar qatori qishloq xo‘jaligi, energetika, farmatsevtika sohalaridagi hamkorlikning istiqboli porloq ekanini alohida ta’kidlash lozim. Polsha kompaniyalari O‘zbekistonda yirik sarmoyaviy va xususiylashtirishga oid loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirmoqda.
Bugungi kunda xususiy tadbirkorlik aholi bandligini ta’minlovchi muhim sohaga aylandi. Ayni paytda u iqtisodiyotni izchil rivojlantiruvchi, jamiyat ijtimoiy-siyosiy barqarorligini kafolatlovchi omillardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, soha vakillari manfaatlarini, huquq va erkinliklarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bu omillarning barchasi O‘zbekistonda xususiy sektorni yuksak sur’atlarda rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Muhammad Al-Mandil, “ManCapita” kompaniyasi rahbari (Bahrayn):
– O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, sohaga davlat aralashuvini kamaytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash kabi islohotlarning amalga oshirilishi natijasida iqtisodiyot jadal taraqqiy etmoqda, mamlakatingizning xalqaro nufuzi yuksalmoqda. O‘zbekiston bank tizimining barqaror va mustahkam ekani muvaffaqiyatlar omili bo‘lib xizmat qilayotir.
Kompaniyamiz investitsiya sohasida ish yuritadi. Qator mamlakatlarda, jumladan, Toshkentda ham o‘z vakolatxonamizga egamiz. O‘zbekiston bilan muqobil energetika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish hamda sanoat sohasida yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Forum doirasida mamlakatingizning sarmoyaviy salohiyati haqida yanada keng ma’lumotga ega bo‘lganimizdan mamnunmiz. Biz O‘zbekistonda istiqbolli sohalarga sarmoya kiritishni maqsad qilganmiz. Ulkan iqtisodiy imkoniyatlar yurti bo‘lgan O‘zbekistonda o‘z biznesimizni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.